Mirziyoev hukumat tarkibida o'zgarishlar qildi

O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi

O'zbekistonning muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev Vazirlar Mahkamasi tarkibini o'zgartirgan, bundan oldin vazir lavozimidan bo'shatilgan kishilarni yana hukumatga olib kirgan.

Hukumatda Rustam Azimov nazorati ostida bo'lgan majmuaga ta'lim va fan masalalari ham qo'shilgan.

O'zbekiston hukumatining Gov.uz portali xabar qilishicha, O'zbekiston prezidentining vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoev oltita prezident farmonini imzolagan.

Bu farmonlardan biriga ko'ra, Bosh vazirning birinchi o'rinbosari Rustam Azimov Moliya vaziri - Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o'zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, hududlarni kompleks rivojlantirish, ta'lim va fan masalalari majmuasi rahbari etib tayinlangan.

Bundan oldin bu majmua tarkibida ta'lim va fan yo'q edi.

O'zbekiston Vazirlar Mahkamasida 2002 yildan 2012 yilgacha axborot-telekommunikatsiya bilan bog'liq sohalarni boshqarib kelgan Abdulla Oripov yana hukumatga qaytgan.

Bundan keyin Abdulla Oripovning "Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalari masalalari" deb nomlangan majmuaga rahbarlik qilishi aytilmoqda.

2004 yildan 2008 yilgacha Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligini boshqargan va Bosh vazir o'rinbosari lavozimini egallagan Rustam Qosimov yana Oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri etib tayinlangan.

Adham Ikromov Bosh vazirning o'rinbosari etib tayinlangan, u boshqaradigan Vazirlar Mahkamasi majmuasining nomi Sog'liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi etib nomlangan, bundan oldin bu kompleks tarkibida jismoniy tarbiya va sport yo'q edi.

Bu muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoevning kadrlar siyosatiga oid ilk qarorlaridir.

O'zbekistonni 27 yil davomida boshqarib kelgan 78 yoshli Islom Karimovning 2 sentyabr kuni miyaga qon quyilishi oqibatida hayotdan ko'z yumgani xabar qilindi.

59 yoshli Shavkat Mirziyoev 8 sentyabr kuni Oliy Majlis palatalarining qo'shma majlisida prezident vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring