Beruniy va Mashrab qabrlari ta’mirlanadi

Бобораҳим Машраб қабри

Bu haqda Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida "Bobur" xalqaro jamg'armasi rahbari Zokirjon Mashrabov bildirdi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, kelasi ikki yil ichida Abu Rayxon Beruniy va Boborahim Mashrablarning qabr-maqbaralarini obodonlashtirib, ziyoratgohlarga aylantirish rejalari bor.

"Hozir Afg'onistonda buyuk alloma Beruniy hazratlarining qabr-maqbaralarini obodonlashtirish zaruriyati bugungi kunning eng dolzarb mavzusi bo'lib turibdi. Keyin Boborahim Mashrab...Sulton Husayn Boyqaroning maqbarasini qayta ta'mirdan chiqarish ishlarini 2017-2018 yillar ichida yakunlash YuNESKO rejasiga kiritilgan. Bu ishlarni oxirigacha olib borishsa, borishdi. Olib borishmasa, sulton Husayn Boyqaro ham o'z davrining ziyoli, ma'naviyatga juda katta ahamiyat bergan buyuk podshohlaridan bittasi bo'lgan, uni ham o'zimiz ta'mirlash rejalarimiz yo'q emas", - deydi "Bobur" xalqaro jamg'armasi rahbari.

Barcha davrlarning eng zukko allomalaridan biri sifatida ko'riluvchi Abu Rayxon Beruniyning qabri Afg'onistonning qadim G'aznasida, otashin ishq kuychisi bo'lgan buyuk sufiy shoiri Boborahim Mashrabniki esa, Tojikistonga bevosita chegaradosh Taxor viloyatining Ishkamish tumanida joylashgan.

Lekin ayrim manbalarda Boborahim Mashrab qabr-maqbarasi Afg'onistonning shimoliy Balx viloyati hududida ekani ham aytiladi.

Rejalar

Image copyright AFP

Shuni alohida ta'kidlash joizki, ham sharqiy G'azna shahri va ham shimoliy Ishkamish tumani Afg'onistonning so'nggi yillarda xavfsizlik bilan bog'liq vaziyati jiddiy izdan chiqqan, Tolibon harakati doxil turli isyonchi guruhlar qayta faollashishga muvaffaq bo'lgan hududlari sanaladi.

Oxirga paytlarda, ayniqsa, buyuk alloma Abu Rayxon Beruniy maqbarasining qanchalik abgor ahvolga kelib qolganiga oid xavotirlar kuchaygan, lekin, aynan davomiy zo'ravonliklar uni qayta ta'mirlash ishlariga to'sqinlik qilib kelayotgani aytilgandi.

"Hozir borib, biz u yerdagi holatni o'rganishimiz kerak. Men yaqin uch yil-to'rt yildan beri o'tganim yo'q...Bularni qanday holat bo'lishidan qat'inazar, biz oktyabr, noyabr oylariga borib o'rganamiz. Loyihalarimizga yangiliklar kiritamiz. Va 2017 yildan mumkin, bularni ham tiklash, obodonlashtirish, atrofida bog'lar yaratish rejalarimizni amalga oshiramiz", - deydi Zokirjon aka Mashrabov.

Suhbatdoshimiz, o'z o'rnida, bu ish birgina o'zlariga bog'liq emasligi, u yerdagi siyosiy-harbiy holatdan ham kelib chiqib ish yuritishlariga to'g'ri kelishini aytadi.

"Men, masalan, G'azna shahrining hokimi bilan shartnoma tuzganman. Ular bizga, demak, yotoqxona beradi. Bu qabr-maqbarani tiklash, oziq-ovqat, qurilish materiallari, ustalar - hammasi bizdan bo'ladi. Ular faqat yotoqxona va bizning xavfsizligimizni ta'minlashi kerak", - deydi u kishi.

Mavlono Lutfulloh Lutfiy, Boborahim Mashrab, Abu Rayxon Beruniylardan tashqari, yana ulug' shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur, Mavlono Abdurahmon Jomiy va ko'plab Temuriy shahzodalar Afg'oniston hududida dafn etilishgan.

Qaror

Zokirjon aka Mashrabovning so'zlaridan ayon bo'lishicha, bu ishlarni hozirda marhum prezident Islom Karimov topshirig'i va O'zbekiston Oliy majlisining maxsus qarori asosida olib borishmoqda.

"Shu borada "Bobur" xalqaro jamg'armasi o'tgan 15-20 yildan to bugungi kunga qadar hamma buyuk ajdodlarimizning qabr-maqbaralarini izlab topdi. Ularning holati o'rganildi. Loyihalar qilindi", - deydi suhbatdoshimiz.

U kishining aytishicha, so'nggi yillarda qo'shni Afg'onistonda Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Farg'ona vodiysi va atrofi xoni Xudoyorxonning ham qabr-maqbaralarini obod qilib, atroflarida bog' yaratib, ziyoratgohlarga aylantirib, qaytishga muvaffaq bo'lishgan.

"Biz 25 marotaba ekspeditsiya tashkil qilib, Afrika qit'asidan to Hindixitoy yarim oroligicha bo'lgan masofani bosib o'tib, buyuk ajdodlarimiz yotgan joylarini aniqladik, izlab topdik. Qoldirgan boy ilmiy-madaniy merosini joylarda o'rganib, ulardan nusxalar olib yo sotib olib, olib kelib, jahon madaniyati va Bobur kitob, qulyozma asarlar muzeyiga mujassamlashtirdik va asta-sekin ilmiy iste'molga kiritayapmiz. Qator kitoblarini chop etdik", - deydi Zokirjon aka Mashrabov.

"Ularning soni ellik-oltmishdan ko'proq. Biz ular hammasining qabr-maqbaralarini izlab topdik. Lekin bugungi kunda ta'mirtalablari Afg'oniston hududidagi men yuqori tilga olib o'tganlarimdan tashqari, Hindistonda, Kashmirda Zahiriddin Muhammad Boburning xolavachchasi, "Tarixi Rashidiy" asari muallifi Mirza Haydar, Damashqda al-Farobiy hazratlari, Qohirada Ahmad Farg'oniy, Bag'dodda al-Xorazmiy va Istanbulda Ali Qushchining qabr-maqbaralari bo'ladi. Oldin biz Afg'onistondagilarining yakuniga yetishsak, baholi qudrat, keyin ularga ham o'tamiz".

"Bobur" fondi

Image copyright AFP

Ulug' shoir, olim, atoqli sarkarda va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi jamoat fondi 1992 yil fevral oyida O'zbekistonning Andijon shahrida ta'sis etilgan. Fond siyosiy bo'lmagan, mustaqil jamoat tashkiloti sanaladi.

Fondning asosiy maqsadi o'z hayoti va ijodi bilan Sharq xalqlari madaniyatini yaqinlashtirgan buyuk allomalar, shoir va mutafakkirlar, birinchi navbatda, temuriylar, boburiylar hayoti va ijodi hamda ilmiy-adabiy meroslarini o'rganish, ularni bu xalqlar o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildirishdan iborat ekani aytiladi.

Jamg'armaga 1992 yilda Zokirjon Mashrabov asos solgan va shu kungacha unga rahbarlik qilib kelmoqda.

O'zi ham asli andijonlik bo'lgan Zokirjon aka Mashrabov Geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi.

2000-2005 yillar oralig'ida Oliy Majlis deputati sifatida ham faoliyat olib borgan.

Zokirjon aka Mashrabov O'zbekiston davlatining "Mehnat shuhrati" ordeni (2003), "El-yurt hurmati" (1993) va "O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi" (1993) unvonlariga loyiq, deb topilgan.

U kishi "Bobur" xalqaro mukofoti sovrindori ham bo'ladi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз -telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.