Тожик-Ўзбек алоқаларида ўзгариш?..
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Tojik-O'zbek aloqalarida o'zgarish?..

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon O'zbekiston bilan o'zaro munosabatlar o'z mamlakati tashqi siyosatida ustivor xarakterga ega ekanini alohida qayd etgan.

Uning bu so'zlari O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning poytaxt Dushanbega amaliy tashrifi chog'ida yangragan.

O'zbekiston tashqi ishlar vazirining Tojikistonga safari O'zbekistonning chorak asrlik prezidenti Islom Karimov vafotidan qariyb bir oycha o'tib, kecha payshanba - 29 sentyabr kuni amalga oshirilgan.

O'z o'rnida ta'kidlash joiz, Tojikiston Qirg'iziston bilan birga marhum prezident Islom Karimov boshqaruvi davrida O'zbekiston bilan aloqalariga jiddiy darz etgan ikkita mintaqa davlatidan bittasi bo'ladi.

O'zbek-tojik aloqalari

O'zbekiston va Tojikiston munosabatlari esa, turli geosiyosiy va, ayrimlar fikricha, shaxsiy sabablar bois, o'tgan yillar davomida taranglashib kelgan.

Ayniqsa, oxirgi yillarda O'zbekiston bilan Tojikiston o'rtasidagi aloqalarning tobora sovuqlashib borayotgani kuzatildi.

Image copyright rushydro

Tojikiston elektr toki olish niyatida ulkan Rog'un GESini qurish rejasini e'lon qilishi bilan suvtalab paxta ekadigan O'zbekiston bunga keskin qarshi chiqdi.

Ahvol shu darajaga etdiki, O'zbekiston prezidenti Islom Karimov suv muammolari bois mintaqada urush chiqishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Tojikiston O'zbekistonni iqtisodiy qamalda ayblab kelayotganiga ham ancha bo'ldi.

Tojik tarafi o'zlariga mo'ljallangan yuklarning O'zbekistonda atayin uzoq vaqt ushlab turilishidan o'z iqtisodi zarar ko'rayotganini aytib keladi.

Transport-kommunikatsiya tizimlari, sanoat va savdosi Sho'rolar davrida bir-biriga chambarchas bog'lanib ketgan O'zbekiston va Tojikistonning ayni sohalargi aloqalari mustaqillik yillarida deyarli barbod bo'ldi.

Avvaliga Tojikistondagi fuqarolar urushidan xavotirda bo'lgan O'zbekiston transport aloqalarini, xususan, Dushanbe-Toshkent yo'nalishidagi uchoqlar parvozini bekor qildi.

Keyinroq Tojikiston osha Farg'ona vodiysiga tushgan yo'ldan foydalanish to'xtadi.

Ikki mamlakat o'rtasida viza tizimi joriy qilinar ekan, O'zbekiston chegara mintaqalarini minalashtirib chiqdi.

Ammo, ta'kidlash joiz, bu kabi qariyb dushmanona munosabatlar qo'shni Afg'onistondagi xavfsizlik bilan bog'liq vaziyat sabab, oxirgi paytlarda biroz iligandek ham ko'rindi.

Image copyright president.tj

So'nggi rivojlanishlar

Tojikistondan olingan so'nggi xabarlar tafsilotlaridan ma'lum bo'lishicha, poytaxt Dushanbedagi muzokaralar chog'ida aynan suv-energetika va transport-logistika sohalari, fuqarolarning ikki davlatga o'zaro tashriflari masalalari faol o'zaro harakatlarni talab qiluvchi yo'nalishlar sifatida e'tirof etilgan.

O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev mamlakat Senatining o'zi muvaqqat prezident etib e'lon qilingan 9 sentyabr kungi qo'shma majlisi chog'ida Markaziy Osiyo mintaqasi - tashqi siyosatlarining eng ustivor yo'nalishlaridan biri bo'lib qolaverishini ta'kidlagan.

Yaqin qo'shnilari: Turkmaniston, Qozog'iston, Tojikiston va Qirg'iziston bilan ochiq, do'stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolishlarini bayon qilgandi.

O'zbekiston muvaqqat prezidentining ana shu chiqishi va MDH davlatlari yubiley sammiti sabab, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning poytaxt Bishkekka safari ortidan, Qirg'iziston bilan o'ta sovuqlashgan munosabatlarda ham biroz ilish kuzatilgandek bo'ldi.

Shu oy o'rtalarida bir necha haftalik hozirliklari ortidan, bahsli O'ng'ortepadan harbiylar chiqarildi, qariyb bir oydan beri qamalda qolgan So'x-Shohimardon yo'li ham ochilgani, chegarada nazorat tekshirish punkti odatiy tartibda ishlay boshlagani xabar berildi.

Mintaqada kuzatilayotgan voqealarning bu kabi rivojiga o'z bahosini berarkan, Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov, O'zbekistonda qudratga "yangi shaxsning kelishi mana shu shakllangan muammolar ustida qaytadan bosh qotirish, yechimiga qaytadan imkoniyat izlashga imkon beradi", - degan fikrni izhor etdi.

Tahlilchi suhbatdoshimizga ko'ra, o'z navbatida, ham Tojikiston va ham Qirg'izistonning O'zbekiston bilan ijobiy va ishonarli munosabat o'rnatishga ehtiyoji bor.

Ehtiyoj

Kamoliddin Rabbimovning ta'kidlashicha, ayniqsa, Tojikiston bunga katta ehtiyoj sezadi.

"Chunki Tojikistonni yarim orol davlat, deyishimiz mumkin. Bir tomondan, keyingi ikki asrda shakllangan kommunikatsiya tizimlarining hammasi O'zbekiston orqali o'tadi. Ikkinchi tomondan tog'li va Afg'onistonga o'xshash beqaror bo'lgan bir davlatga qo'shni. Shuning uchun ham, Tojikistonning O'zbekiston bilan munosabatlarini ijobiylashtirishga ehtiyoji haqiqatan yuqori", - deydi tahlilchi.

Uning tahlilicha, Tojikiston rahbariyati O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovning vafotini buning uchun jiddiy siyosiy fursat sifatida talqin qilgan.

Ammo, siyosiy tahlilchi suhbatdoshimizga ko'ra, Qirg'izistondagi vaziyat biroz o'zgacha.

Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, Qirg'iziston ham O'zbekiston bilan munosabatlarini qayta ko'rib chiqishni, albatta, xohlaydi.

Ammo Qirg'iziston, bir tomondan, O'zbekiston kabi katta bir davlatdan hadiksirasa, boshqa tarafdan, 1990 va 2010 yillardagi voqealarga qanday munosabatda bo'lishini o'ylab, O'zbekiston yangi rahbariyatiga ham ehtiyotkorlik va ham umid bilan qaraydi, deydi u.

Tahlilchining aytishicha, bu ikki qo'shni mamlakat bilan uzoq muddat chigal munosabatda bo'lib kelishi, aslida, O'zbekistonning Markaziy Osiyodagi mavqeining pasayishiga olib kelgan.

Unga ko'ra, O'zbekistonda hozir o'zining qolgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarini boshqacharoq qurishga moyillik, ehtiyoj kuchli.

"O'zbekiston rahbariyatining Karimov davrida shakllangan siyosatdan yangi siyosatga o'tguncha kamida bir yil, ikki yil vaqt kerak bo'ladi. Lekin hozirgi paytdagi voqealar shuni ko'rsatayaptiki, shu paytgacha muzlatilgan muammolar ustida diplomatik doirada bir ijobiy echim topish tendentsiyasi boshlanayapti, menimcha va bu - ijobiy holat", - deydi Frantsiyadan siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz Kamoliddin Rabbimov suhbatimiz so'nggida.

Prezident vazifasini bajarayotgan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev ham to'rtta nomzoddan biri bo'lgan O'zbekistondagi prezident saylovi 4 dekabr kuniga rejalangan.

Shu oy boshida Toshkentdan olingan rasmiy xabarlarda ungacha Shavkat Mirziyoevning muvaqqat prezident bo'lib turishi aytilgan.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring