BBCga aytaman: Men nechun sevaman O'zbekistonni?

Palovxonto'ra Image copyright BBCUZBEK
Image caption Palovxonto'ra

Mahallamizda "Jipiriq" laqabli bir bekorchi, bezori, ishyoqmas bor edi. Zamonning zayli bilan bir uxlab turib unga ham amal tegdi.

Mahallamiz posboni bo'ldi. Lekin shu o'rinda bir narsaga aniqlik kiritishim lozim, bu amal unga bir kunda tegmagan ekan, ungacha ancha mehnat qilibdi.

Kimning uyida nima tadbir bo'lmoqda, kim qurilish qilmoqda, nima yeb, nima ichib yurgani haqida ma'lumot to'plab kerakli joylarga yetkazib turgan ekan.

Xullas, "mehnatlari" zoe ketmadi, mana mukofotini oldi…

Uyda zerikib yotgandim, eshik qo'ngirog'i chalib qoldi. Chiqib qarasam, posbon janoblari ekan.

Shu eshik oldiga yaxshi niyat bilan qurilish uchun to'kib qo'ygan bir mashina shag'alim bor edi, shuni olib qo'ying hokim buva ko'chamizdan o'tadilar, deb chiqibdi.

Mayli deb, bozordan ikki mardikorni boshlab keldim.

Choyini ichib, yechinib endi bir-ikki arava shag'alni hovliga olib kirgandi, birdan posbon bilan uchastkovoy kelib haligi ishchilarning pasportini tekshirib, propiskasini so'radi…

Uchta minimal oylikdan har biriga jarima varaqasini to'ldirishga tushganda, men o'zimdan ancha kichik bo'lgan "Jipiriq" bilan uchaskovoyga "aka, akajon, quying", deb yolvorib iltimos qildim.

"Ha mayli sizning hurmatingiz, bittasini rasmiylashtiramiz, ikkinchisiga ko'z yumamiz", deb menga yengillik yaratgan kishi bo'ldi qo'shnim.

Jarima varakasini to'lash uchun meni qo'limga tutqazdi, haligi bechora mardikorlarning javobini berib yuborishga majbur bo'ldim...

Shag'al uyumi qanday turgan bo'lsa shunday qoldi.

Shu payt posbon menga o'z xizmatini taklif etdi. Bu shag'alni o'zingiz eplay olmasangiz, mana men yordam beraman dedi.

Men xursand bo'lib ketdim, quyosh qaerdan chiqdi deb. U shag'alni mening hovlim ichkarisiga emas, balki o'zinikiga olib kirishni taklif etgan ekan.

Noiloj rozi bo'ldim. Ikki soatga qolmay ko'cha ham "hashar uslubida" tozalandi qoldi.

Haligilar bilan adi-badi aytishib, bugungi zararni chamalab, xunob bo'lib turgandim, kennoyingiz ovqatga chaqirib qoldi.

Palovxonto'rani suzaman, eshikdagi mehmonlarni chaqiring, dedi.

Bular mehmonlar emas, o'zimizni qo'shnilar desam, chaqiravering "mehmon kelar eshikdan, rizqi kelar teshikdan", dedi.

Ichkariga kirib o'tirdik, meni chuv tushirganlar bilan birga taom yedik. O'rtadan adovat ko'tarilgandek bo'ldi.

Qorin to'ygandan keyin, hamtovoqlarim ham dardini menga ayta ketdi.

"Aka, bizga ham sizni jarimaga tortib nima zarur, biz ham kichkina odammiz. Shu bizga yuqoridan plan keladi, bugun bir-ikkita bepropiskani shtrafini olib kelmasang, ishdan bo'shashga arizangni yozaver, deyishadi. Biz ham bola-chaqa boqishimiz kerak, aka, to'g'ri tushuning, aybga buyurmaysiz endi", deb, uzrlarini so'rashdi.

Mening ham ko'nglim bir oz erib, ularga hamdard bo'ldim. Keyin quchoqlashib xayrlashdik.

Xullas, nima desangiz ham, o'zbegim murosali, joyida kelishib ketadigan xalq!

Balki chetdagi muxolifat vakillari ozgina erkinlik bilan nafas olib, bu hikoyani o'qigach, mana sizga manqurtlikning yaqqol belgisi yoki qullik zehniyati deyishi mumkindir.

Lekin so'nggi xabarlarga qaraganda, chet eldagi muxolifatchilar ham qanchalar yaxshi sharoitda kun kechirishmasin, vatanga qaytish ilinjida ekanliklarini aytishayotgan ekan...

Ular ham menga o'xshab, bir paytlar o'zlarini "bola-chaqa" boqish umidida quvib solgan "jipiriq"lar bilan kelishib olishar...

Davosi bitta palovxonto'ra bo'lib chiqar barcha gina-kuduratlarning?

O'zbekistonlik mushtariy

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring