Rossiya bombachi uchoqlari Ovro'poni bezovta qildi

Tayfun va Blakjak Image copyright RAF
Image caption Britaniya uchog'i Rossiya bombachisini kuzatib qo'ymoqda

Rossiyaning ikkita Blackjack bombachi qiruvchi uchoqlari to'rtta Ovro'po mamlakati ustidan Norvegiya va shimoliy Ispaniya tomon uchib, yana ortga qaytgani qayd etildi.

TU-160 uchoqlari to'rtta ovro'po davlatining chegaralari bo'ylab uchar ekanlar, Norvegiya, Britaniya, Frantsiya va Ispaniya o'z qiruvchi uchoqlarini tayyor ahvolga keltirganlar.

Mazkur voqea G'arb va Sharq orasida aloqalar taranglashgan bir vaqtda yuz bermoqda.

Muxbirlarga ko'ra, Rossiya qiruvchi samolyotlarining NATO uchoqlari tomonidan ilg'angan hollari oxirgi vaqtda oshgan.

Ispaniya matbuoti xabar qilishicha, Rossiya uchoqlari hali Ovro'po janubiga bunchalar chuqur kirib bormagandilar.

Rossiya uchog'ini qanday ilg'asa bo'ladi?

Hodisa 22 sentyabrda ro'y bergan, ammo u haqida yaqinda Frantsiya mudofaa vazirligining bayonotida batafsil aytildi.

Unga ko'ra, avvaliga Norvegiya ikki Blackjack bombachi uchoqlarini ilg'agan va ularni Shotlandiya shimoligacha olib chiqib qo'yish uchun ikki F-16 qiruvchi uchoqlarini safarbar qilgan.

Rossiya uchoqlari so'ngra Shetland orollari g'arbi tomon uchar ekan, Britaniya havo kuchlari Typhoon uchog'ini havoga ko'targan. U vaqtda Britaniya havo kuchlari Rossiya uchoqlari umuman Britaniya havo hududlariga kirmaganini aytgandi.

Britaniyaning Typhoon uchoqlari ehtiyotkorlik maqsadida sharqdagi Linkolnshir grafligidan ham uchirilgan.

Rossiya uchoqlari so'ngra Irlandiya g'arbi bo'ylab uchib, Frantsiyaning Brittani viloyatiga 100 masofa qolganlarida frantsuz Rafale qiruvchi uchoqlari tomonidan qayd etilgan. Rossiya uchoqlari so'ngra janubga uchganlarida frantsiyaning ikki boshqa uchog'i ularga ergashgan.

Nihoyat, Ispaniya o'z shimolidagi Bilbao yaqinida Rossiya uchoqlarini ilg'ash uchun ikki F-18 qiruvchi uchoqlarini safarbar qilgan. Rossiyaning bombachi uchoqlari so'ngra yo'nalishni o'zgartirib, Rossiyaga qaytganlar.

Keyinroq Islandiya Rossiyaga uning TU-160 Blackjack bombachi uchoqlari Islandiyaning yo'lovchilarni tashuvchi uchoqlariga juda yaqin uchganidan shikoyat qilgan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring