Husainov
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Jahon bankining mablag'i ishsizlikni kamaytiradimi?

O'zbekiston hukumati yangi ish o'rinlari yaratish uchun Jahon bankining 100 million dollar miqdorida mablag'ini jalb qilish niyatida.

O'zbekiston Moliya vazirligiga ko'ra, yangi strategik hamkorlik 2016-2020 yil uchun mo'ljallangan dasturga kiritilgan.

Shu maqsadda yangi ish o'rinlarini kengaytirish va zamonaviy iqtisod malakalarini yaxshilash loyihasi Jahon banki vakili Jan Piter Olters boshchiligidagi hay'at va O'zbekiston hukumati vakillari bilan muhokama qilinishi kutiladi.

Jahon banki hay'ati qator vazirliklar va idoralar, shuningdek tijorat banklari va bankning respublikadagi ijtimoiy hamkorlari bilan muzokaralar o'tkazishi aytilgan.

Jahon banki direktorlar kengashi iyun oyida O'zbekiston bilan 4 yilga mo'ljallangan hamkorlik kontseptsiyasini tasdiqlagan edi.

Yangi kontseptsiyaning maqsadi - kelgusi besh yil ichida O'zbekiston hukumatiga 500 ming yangi ishlab chiqarish va barqaror ishchi o'rinlarini yaratish uchun qo'llab quvvatlashdir, deb aytgan vazirlik vakili.

2015 yil oxirida Oliy majlis senati (parlamentning yuqori palatasi) 2016 yilda aholini bandligini ta'minlash uchun 993 ming, undan 148 mingi Rossiya va boshqa joylardan qaytuvchi mehnat muhojirlari uchun mo'ljallangan ishchi o'rinlari yaratilishini ko'zlagan dasturni tasdiqlagan edi.

Dasturga ko'ra, ishsizlik 719 ming kishi darajasida qolishi ko'rsatilgan, bu mamlakatning mehnatga layoqatli qismining 5 foizidan ortiqrog'ini tashkil qiladi. Kuzatuvchilar bu raqamlarni shubha ostiga oladilar.

O'zbekiston aholisi rasmiy hisoblarga ko'ra, 31 million 807 ming kishi. Undan 3-4 millioni chetda, aksariyati Rossiyada mehnat muhojirligida deb ko'riladi.

Agar ular qaytadigan bo'lsa, ko'lami yanada kengayadigan ishsizlik muammosi qanday hal qilinadi?

O'zbekistonda har yili millionga yaqin ish o'rinlari yaratilgani haqida hisobotlar yangraydi. Biroq real hayotda vaziyat o'zgacha ekani aytiladi.

Qog'ozda yaratilayotgan bunday ish o'rinlari jamiyatdagi ishsizlik muammosiga barham bermayotgani, yoshlar muammoni o'z bilganicha hal qilayotgani ta'kidlanadi.

Mehnat vazirligi ma'lumotlariga qaraganda, respublikada har yili 560 ming yosh maxsus hunar bilim yurtlari, litsey va o'quv yurtlarini bitirib chiqadi. Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev qabul qilgan "Yoshlar to'g'risida" qonunga ko'ra, maxsus hunar kollej bitiruvchilari uchun majburiy minimal ish o'rinlari saqlanishi ko'zda tutiladi.

Shu bilan birga, bunday ish o'rinlari yaratishdan bosh tortgan korxona rahbariyati ma'muriy javobgarlikka tortilishi ta'kidlanadi.

O'zbekiston hukumati har yili qariyb millionga yaqin ishchi o'rinlari yaratilayotganini aytishiga qaramasdan, ishsizlik yuqori, tashqariga ish izlab ketayotganlar soni kamaymayapti.

O'zbek hukumati aytayotgan ish o'rinlari O'zbekiston sharoitida ishlaydigan kishi va uning oilasi ehtiyojini qondiradigan maosh bilan ta'minlashga qodirmi?

Jahon banki bilan hamkorlik, qo'shimcha ish o'rinlari uchun mablag' ajratilishi muammoni qanchalik yengillashtiradi? 100 million dollar nimalar qilishga qodir va qaerlarga sarflangani ma'qulroq? BBC bu mavzuda iqtisodiy tahlilchi Anvar Husainov bilan suhbatlashdi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring