Mirziyoev siyosati saylovdan keyin o'zgaradimi?

Mirziyoev Image copyright Getty Images

Shavkat Mirziyoyev vaqtinchalik prezident vazifasini bajaruvchi vakolatini olgandan buyon oʻtgan bir oy ichida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatini, shuningdek, Markaziy Osiyoda siyosiy muhitni oʻzgartirishi mumkin boʻlgan faoliyatni davom ettirmoqda.

Respublika ommaviy axborot vositalari ham muvaqqat vazirning har bir faoliyatini keng yoritishga harakat qilayapti.

Oxirgi qarorlardan biri boʻlgan "Tadbirkorlikni rivojlantirishni jadallashtirishni taʼminlash qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida" farmoni Oʻzbekistonda tadbirkorlikni himoya qilishga qaratilgani koʻpchilikda umid uygʻotdi.

Janob Mirziyoyev shuningdek, Samarqandga tashrifi mobaynida shaharda yangi tramvay yoʻnalishini qurishni taklif qildi.

Oʻzbekiston televideniyesining "Axborot" dasturida Samarqandda tramvay yoʻl 2017 yil Navroʻz bayramigacha yakunlanashini xabar berdi.

Bundan tashqari Shavkat Mirziyoyev Samarqandda iqtisodiy hudud ochish tashabbuci bilan chiqib, Urgut tumani maxsus dastur uchun qulayligini aytdi.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov qabrini ham ziyorat qilib qaytgan.

Image copyright Gazeta.uz

Xabarlarga binoan, Shavkat Mirziyoyev Sirgʻali yoʻnalishida uzunligi 8 km ni tashkil qiluvchi va olti stantsiyadan iborat yer usti metro yoʻnalishi qurilishini shu yildan boshlashga koʻrsatma bergan.

Sirgʻali tuman hokimi Furqat Maqsudxoʻjayevga koʻra, metro yoʻli toʻrt yilda qurib bitkazilishi kerak.

Virtual qabulxona

25 sentyabrda Oʻzbekiston hukumatining rasmiy portali - gov.uz da Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasi ish boshladi.

Bundan buyon fuqarolar pm.gov.uz manziliga "hal etilmagan" muammolar yuzasidan ariza va shikoyatlar bilan murojaat qilishlari mumkin boʻlishi aytilgan.

Bosh vazirning rasmiy saytida: "Sizda hal etilmagan masalalar/muammolar, ariza, shikoyat yoki takliflar bormi?

U holda murojaatingizni toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga 3 xil usulda:

qoʻngʻiroq qilish, murojaat yuborish yoki "O'zLiDeP" hududiy partiya tashkiloti Kengashiga tashrif buyurish orqali yuborishingiz mumkin", degan eʼlonning joylashtirilishi fuqarolarda oʻzgacha jonlanishni paydo qildi.

Mirziyoyev muammolarni hal qilib beryapti ekan, degan umidda muammosini toʻgʻridan-toʻgʻri Bosh vazirga aytishga harakat qilayotganlar koʻpaygan.

Qo'shnilar

Image copyright Getty Images

Mintaqaviy siyosat masalasida ham Mirziyoyev qoʻshnilar bilan yaxshi aloqa oʻrnatishga harakat qilayotgani kuzatiladi.

Jumladan, Tojikiston Prezidentining tugʻilgan kuni munosabati bilan janob Rahmonga qoʻngʻiroq qilib tabriklagani matbuotda aytildi.

Ikki davlat rahbarlari "ochiq va har tomonlama muzokaralar"ni davom ettirishga tayyorliklarini bildirishgan.

Shuningdek, yaqinda imzolangan ikki tomonlama shartnomalar "ikki xalq manfaatlari yoʻlida tinchlik va mintaqada barqarorlik uchun kelgusida uzviy hamkorlikni mustahkamlash"ga xizmat qilishini taʼkidlashgan.

Mirziyoyev Imomali Rahmonga Islom Karimovning janozasiga tashrif buyurganidan minnatdorchilik izhor etgan.

Ushbu telefon muloqoti esa Tashqi Ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning qoʻshni mamlakatga iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni koʻtarish taklifi bilan tashrif buyurganidan bir hafta orasida boʻlib oʻtdi.

Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalar 1990 yillardan, Tojikistonda yuz bergan fuqarolar urushi, soʻnggi vaqtda Rogʻun GESi qurilishi orqasidan tarang saqlanib kelayotgandi.

Saylovgachami?

Kuzatuvchilar fikricha, 4 dekabrda oʻtishi kutilayotgan prezidentlik saylovlarigacha Shavkat Mirziyoyevning ichki va tashqi siyosatda faoliyati iloji boricha xalqda yaxshi fikr qoldirishga qaratilgani shubhasiz. Ketma-ket qabul qilinayotgan qarorlar va barcha oʻzgarishlarni Shavkat Mirziyoyevning nomi bilan bogʻlanishi ham albatta shundan.

Biroq saylovdan keyin ham uning tutadigan yoʻli shu yoʻsinda ketadimi yoki oʻzgacha boʻladi, bunga kafolat yoʻq.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda "Shavkat Mirziyoyevni yoqlab ovoz beraman", degan izohlar koʻpaygan, shu bilan birga unga qarshi "hammasi saylovgacha" degan tanqidiy mulohazalar ham kuzatiladi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring