Qunduz: Jangarilar orasida o'zbekistonliklari ham bor

Usmon G'oziy Image copyright VIDEO

Markaziy Osiyoga bevosita qo'shni Qunduz viloyatidagi janglar to'rtinchi kuniga kirib borarkan, bunday bayonot bilan Afg'oniston Mudofaa vazirligi chiqqan.

Bu haqdagi videolavhani BBC O'zbek xizmatining Youtubedagi kanalida tomosha qiling.

Vazirlik matbuot voizi Davlat Vaziriyning BBCga rasman ma'lum qilishicha, viloyat markazi Qunduz shahrida Tolibon bilan bir safda O'zbekiston, Tojikiston, Pokiston va Checheniston fuqarolari ham jang qilishmoqda.

Ammo voiz janoblari bu xorijiy jangarilarning soni va qay bir guruhga mansub ekanliklari tafsilotlarini ochiqlamagan.

O'tgan yil Tolibon bilan ittifoqchilikda Qunduz shahrini bir muddatga bosib olgan va aksariyati markaziy osiyolik ekani aytilgan xorijiy jangarilarni esa, viloyat mas'ullari IShID guruhi a'zolariga nisbat berishgan.

Sonlari bir necha yuz nafar ekani aytilgan bu jangarilar o'shanda toliblarga boshchilik qilishgan va harakatning 2001 yildan buyongi eng yirik g'alabasini qo'lga kiritishini ta'minlashgandi.

Afg'onistonda faoliyatda bo'lgan IShID guruhi saflaridagi markaziy osiyolik jangarilar aksariyatini O'zbekiston Islomiy Harakati a'zolari tashkil etishadi.

O'zbekiston Islomiy Harakati

O'zbekiston Islomiy Harakati esa, yetakchisi Usmon G'oziy boshchiligi ostida bundan ikki yil burun to'lig'icha Yaqin Sharqdagi IShID guruhi rahbari va islomiy xalifati xalifi Abu Bakr Bag'dodiyga bay'at keltirgan.

Katta sondagi G'arb boshchiligidagi ittifoq qo'shinlarining xuddi o'sha yilgi ommaviy safarbarligi ortidan kechgan vaqt oralig'ida bu jangarilar Afg'oniston janubi-sharqidan aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoli-sharqiga qadar sizib kirishga muvaffaq bo'lishgan.

O'zlariga qarshi jang qilayotgan isyonchilar orasida IShID jangarilari borligini so'nggi yillarda Afg'oniston shimoli va shimoli-sharqidagi qator yirik harbiy amaliyotlarga boshchilik qilgan mamlakat birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Do'stumning shaxsan o'zi ham e'tirof etgandi.

O'tgan yili toliblar bu jangarilar yetakchiligi ostida Qunduz shahrini uch kun o'z qo'llarida tutib turishga muvaffaq bo'lishgan, ularni daf etish uchun afg'on hukumat kuchlari va AQSh qo'shinlariga qariyb uch hafta lozim bo'lgandi.

Qunduzdagi so'nggi janglar to'rtinchi kuniga kirib borarkan, har ikki tomon ham jang jabhasida o'zlarining qo'llari baland kelayotganini iddao etishmoqda.

So'nggi janglar

Afg'on tomoniga ko'ra, Qunduz markazi hozir o'z qo'llarida va janglar hozir asosan shahar sarhadlarida bormoqda.

Ayon bo'lishicha, sonlari bir necha yuz nafar ekani taxmin etilayotgan bu jangarilarga qarshi minglab afg'on harbiylari tashlangan, ularga havodan madad berish uchun Afg'oniston Mudofaa vazirligining katta sondagi harbiy tikucharlaridan tashqari, Natoning qiruvchi uchoqlari ham jalb etilgan.

Raqib tomonlar o'tgan to'rt kun ichida bergan talafotlar soniga oid aniq raqamlar imkonli emas.

Ammo Afg'oniston tomonining da'vo qilishicha, orada kechgan vaqt davomida o'nlab jangarilarni o'ldirishga muvaffaq bo'lishgan. Tolibonga og'ir talafot yetkazishgan. O'z navbatida harakat ham xuddi shunday mazmundagi iddao bilan chiqqan.

Xavotirlar

So'nggi janglar Qunduzga bevosita qo'shni Tojikistonning ham xavotirlariga sabab bo'lmay qolmagan.

Tojikiston rahbariyati Afg'oniston bilan o'zaro chegarasidagi barcha qo'shinlarini harbiy tayyorgarlik holatiga keltirishga qaror qilgan.

Xabarlarga ko'ra, Afg'onistondagi bugungi holat prezident Imomali Rahmon va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Bosh kotibi Dushanbedagi muzokaralarining ham asosiy mavzularidan biri bo'lgan.

Qunduzdagi vaziyat sabab, Tojikiston so'nggi ikki yil ichida Afg'oniston bilan o'zaro chegarasida favqulodda xavfsizlik choralariga qo'l urgan. Bunaqasi Tojikiston mustaqilligi tarixida kuzatilmagani aytilgandi.

O'z navbatida, shundoqqina biqinlarida vujudga kelayotgan bu kabi holatdan O'zbekiston doxil qolgan Markaziy Osiyo davlatlari qolib, Rossiya va qudratli Xitoy ham jiddiy xavotirda.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri esa, donor davlatlarning 4-5 oktyabr kunlari Bryusselda bo'lib o'tgan va Afg'onistonga milliardlab dollar qo'shimcha moliyaviy ko'maklar va'dasi yangragan yirik xalqaro anjuman chog'ida Tolibon harakatini yana bir bor afg'on hukumati bilan rostmana sulhu madoraga borishga undagan.

Tolibon harakati esa, afg'on tuprog'ida bitta bo'lsa ham xorijiy askar qolarkan, hech bir tomon bilan muzokaralar olib bormasligini ta'kidlab keladi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring