Afg'onistondagi hamjinsbozlar: O'lim tahdidi ostidagi hayot

Afg'oniston

Hamjinsbozlik Afg'onistonda ochiqcha gapirilmaydigan mavzu.

Matbuot bu haqda so'z ochmaydi, jamiyatda esa noislomiy, deya qoralanadi.

Natijada mamlakatda hamjincboz yo-da har ikki jins bilan ham aloqada bo'luvchi yoki jinsini o'zgartirganlar soni haqida malumot yo'q.

BBC to'rt turli jinsiy moyilikka ega bo'lganlar bilan suhbatlashgan.

Ularning hammasi yashirin hayot kechiradilar, lekin o'zliklariga sodiq qolishni afzal biladilar.

(Maqoladagi barcha ismlar xavfsizlik vajidan o'zgartirilgan).

Zaynab 19 yoshda. Ota-onasi va inilari uning hissiyotlaridan mutlaqo bexabar.

"15-16 yoshlarda edim. Yigitlarni umuman xush ko'rmasligimni tushunib etdim. Go'zallik salonida ishlardim. Juda ko'p qizlar kelishardi. O'shanda bildimki, yigitlarni emas, qizlarni yoqtirarkanman".

Zaynabning aytishicha, ilk qiz sevgilisiga yurak yutib, so'z ochgunga qadar yillar o'tgan.

Ochilish

"Zaynab ko'p yillik dugonasiga muhabbat izhor qilib, "qiz bola yigitga nisbatan nimani his qilsa men senga nisbatan shunday hisga egaman", deb aytganda u dastlab daxshat tushdi. O'zini olib qochib yurdi. Lekin keyinchalik ular juftlashdilar.

Zaynabning aytishicha, ular haftasiga bir-ikki marotaba pinhona uchrashishga muvaffaq bo'lardilar. Lekin munosabatlari sir edi.

"Hajinsboz qizlar ko'p. Lekin ular bu haqda ochiq gapira olmaydilar. Afg'onistonda hamjinsboz bo'lish noislomiy ko'riladi. Agarda bilib qolishsa, oqibati o'lim. Mening oilam hech qachon bilmasligi kerak",- deydi Zaynab.

BBCga o'zlari haqida gapirgan hamma hamjinsbozlar Afg'onistonda tahlikada yashaydilar.

Ular, shuningdek, turmushga chiqish yoki uylanish va an'anaviy jamiyat qonun-qoidalariga bo'ysunish bosimi ostidalar.

Turli bahonalar

Dovud hamjinsboz ekanligini 18 yoshda bilib qoldi. Lekin shunga qaramay, bir qizga unashtirildi.

"Mening roziligimni so'rashmadi. Menga qizlar yoqmagani uchun fotihani buzishni xohladim".

Image caption Nemat Sadat 3 yil oldin hamjinsbozligini oshkor qilgan

Alal-oqibat fotiha buzildi va hozirda Dovud yigit ma'shuqi bilan baxtiyor.

"Hislarimiz juda o'tkir. Bir-birimizni ko'rganda boshqa dunyoga tushib qolgandek bo'lamiz".

Lekin Dovud ham yashirin hayot kechirishga majbur.

"Afg'onistonda hamjinsbozlik salbiy ko'rinish hisoblanadi. Agar bilib qolishsa, balkim bizni osishadi", - deydi u.

Noqonuniy amal

Hamjinsbozlar yoki jinsini o'zgartirganlar haqidagi qonun Afg'onistonda aniq-oydin emas. Lekin qonunshunoslar va hamjinsbozlarning o'zlari bu amal jinoyat sifatida ko'rilishiga shubha qilmaydilar.

Afg'oniston Jinoiy Kodeksining 427- moddasida besoqolbozlik xaqida so'z yuritiladi va juftlardan biri norasida bo'lishi nazarda tutilib, bu kabi jinoyat uchun uzoq muddatli qamoq jazosi tayinlanishi aytilgan.

Lekin afg'on va islomiy qonunchilik bo'yicha mutaxassis, Britaniyaning Holl Universitetidan doktor Niyoz Shohning aytishicha, afg'on jinoiy kodeksi Islomda besoqolbozlik taqiqlanishi tamoyilini aks ettiradi.

"Shariatda faqatgina bir turdagi jinsiy munosabat, ya'ni nikohda bo'lgan va voyaga etgan erkak bilan ayol o'rtasidagi aloqaga ruxsat berilgan. Agarda ikki yosh yigit bir-biri bilan aloqada bo'lmoqchi ekanligini aytsa, bu odamlarni dahshatga soladi va ularni hatto o'ldirmoqchi bo'lganlar topiladi", - deydi doktor Shoh.

Unga ko'ra, hamjinsboz erkaklar afg'on jamiyatida ko'plab uchrasa ham, ular o'zlarini shunday ko'rmaydilar va aksar hollarda ayolllarga uylanadilar.

"Hamjinsbozlik kontseptsiyasi afg'on jamiyatiga yotdir", - deydi u.

"Men Afg'onistonda ikki erkak ochiqchasiga o'z munosabatlarini izhor etib, ayoldan voz kechgan bironta holni ham bilmayman".

Taniqli afg'on ulamosi Shams ul-Rahmonning BBCga aytishicha, agarda hamjinsbozlik isbotlangan taqdirda, uning jazosi o'lim ekanligi borasida ulamolar orasida hamfikrlik bor.

"Ularing ustiga eski devor ag'anatib, eng daxshatli yo'lda o'lim topishlari kerak", - dedi u.

Oshkora va mag'rur

Hamjinsbozlarga nisbatan jamiyatdagi munosabatni o'zgartirmoqchi bo'lganlardan biri Nemat Sadat. U 3 yil avval o'zining hamjinsboz ekanligini oshkor qilgan.

"Hatto G'arbda yashayotgan yaqinlarimning aksari mendan yuz o'girishdi. Eng zo'r oliygohlar Garvard va Berkleyda o'qiganlar ham meni qabul qila olmadilar", - deydi hozirda Vashingtonda yashayotgan Ne'mat.

Ne'mat Afg'onistonda tug'ilgan. Lekin xorijda o'sib, ulg'aygan. 2012 yilda ilmiy faoliyat yuritish uchungina Afg'onistonga qaytdi.

Hamjinsboz ekanligi haqida oshkor aytishi ortidan, afg'on rasmiylarinig bosimi ostida Kobuldagi Amerika oliygohidagi ishidan ajraldi.

Uning aytishicha, o'ziga o'xshashlarning hayotlari bilan tanishish uchun ko'plar bilan suhbatlashgan.

"Hamma joyda bo'lgani kabi bu yerda ham hamjinsbozlar uchrashadigan yerlar bor. Lekin u yerda uchratgan shaxslar bilan ko'pda uzoq muddatli munosabat qura olmaysan. Bir ikki uchrashasan, xolos".

Ko'p yoshlar o'z oilalari bilan yashaganlari uchun hech kimni uyga olib kelolmaydilar. Shuning uchun yashirincha xona ijaraga olishga majbur bo'ladilar. Men shuni anglab yetdimki, doimiy yoki uzoq muddatli munosabat qurish juda mushkul. Hamjinsbozlar Shariat qonunlari iskanjasidalar va o'z sevganlari bilan turmush qurish u yoqda tursin, hatto o'z yashash huquqlarini ham talab qila olmaydilar".

Toptalgan huquqlar

Ne'mat Sadatning umid qilishicha, hamjinsbozlar alal-oqibat, an'anador musulmon jamiyatida o'z huquqlariga erishadilar.

Lekin u yashaetgan G'arbda ham bu kabi huquqlar bosim ostida va yaqindagina ta'minlana boshlagan.

Olmoniyada ikki erkak o'rtasida jinsiy aloqalar 1994 yilga qadar noqonuniy edi va hozirda bu kabi amal uchun jazoga tortilganlarga tovon to'lash borasidagi qoida endi ishlab chiqilyapti.

Hamjinsbozlikni qoralaydigan faqat Islom dini emas.

Ko'plab aqidaparast nasroniylar ham shunday qarashga egalar.

Lekin shu yil boshida Rim Papasi Fransis hamjinsbozlarga qilingan munosabat uchun uzr so'radi.

Afg'onistonda bu kabi o'zgarishlarga hali ancha bor.

24 yoshli Shamela jinsini o'zgartirishni istaydi. U o'g'il bola bo'lib tug'ilgan. Lekin doim qiz bolalar o'yinlarini va ular bilan o'ynashni afzal ko'rganini aytadi.

Ammo hozirda voyaga yetib, o'z moyilliklarini yashiradi.

Image caption Shamela xonasiga qamalib, pardoz qilishni yoqtiradi

"Men mahbusga o'xshab, xonaga qamalib olaman. Pardoz qilib, musiqa tinglab, televizor ko'rib, raqs tushaman".

Uning jufti ham maxfiy hayot kechiradi.

"U juda qattiqqo'l. Omma o'ngida erkak bo'lib yurishimni talab qiladi. Mening eng katta taassufim ayol bo'lib tug'ilmaganim. Men erga tegib, farzand ko'rib, yaxshi hayot kechirishni istayman".

BBC bilan suhbatda bo'lganlarning hammalari umid va chorasizlik o'rtasida yashashlarini aytdilar.

Lekin o'zliklariga sodiq qolish istagida qatiylar.

Faol Ne'mat Sadat ham umid bilan yashaydi. Lekin uning aytishicha, hamjinsbozlar huquqlari boshqa inson huquqlari uchun kurashga ham bog'liq.

"Biz hammamiz birgalikda kurashmasak, hamjinsbozlar yo-da ayollar yoki ozchiliklar huquqlari rivoj topmaydi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring