Shavkat Mirziyoev: "Belarus – ishonchli hamkorimiz"

Samarqand Image copyright president.gov.by

O'zbekiston muvaqqat prezidenti va Bosh vaziri bu haqda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning mamlakatga ishchi safari chog'ida bayon qilgan.

O'zaro uchrashuv chog'ida tomonlar asosiy e'tiborlarini o'rtalarida mavjud tovar ayirboshlash ko'lamining bugungi ahvoliga qaratishgan.

Ham Shavkat Mirziyoev va ham Aleksandr Lukashenko mavjud holatdan o'z noroziliklarini izhor etishgan.

Belarus prezidenti, hatto, O'zbekiston bilan mavjud tovar ayirboshlash ko'lamini "kulguli", deb atashgacha borgan.

O'zbekiston bilan "iqtisodiy hamkorlik sohasida biroz orqada qolayotganlari"ni aytgan.

"Kelasi ikki-uch yil ichida" mavjud vaziyatdan chiqib ketishlarini bashorat qilgan.

Belarus prezidentining, "Bizning sizning, sizning bizning iqtisodimizga ehtiyojingiz bor", kabi so'zlari ortidan, tomonlar savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorliklarini rivojlantirish uchun ulkan potentsial borligini ta'kidlashgan.

Ammo O'zbekiston Rossiya, Qozog'iston, Belarus, Armaniston va Qirg'iziston a'zosi bo'lgan Ovrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi tarkibiga halicha kirmagan.

Aleksandr Lukashenko, O'zbekistonda prezident saylovi o'tib, hukumat shakllanishi ortidan, rasmiy tashrif haqida kelishib olishlarini ham qo'shimcha qilgan.

Image copyright president.gov.by

O'zbekiston muvaqqat prezidenti esa, o'z navbatida, Belarusni "ishonchli, samimiy, azaliy hamkor va do'st davlat", - deb atagan.

Samarqandga kelgani, o'zi va mamlakati O'zbekistonga ko'rsatayotgan dastak uchun Aleksandr Lukashenkoga minnatdorchiligini izhor etgan.

Qadim Samarqandda ikkovlon O'zbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning "Hazrat Hizr" qabristonidagi qabriga gul qo'yishni ham unutishmagan. Uning xotirasiga bir daqiqa sukut saqlashgan.

Buning ortidan, Forumlar saroyida Belarus rahbari marhum prezidentning bevasi Tatyana Karimova bilan ko'rishgan, unga o'z hamdardliklarini izhor etgan.

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko esa, Islom Karimovning vafoti yuzasidan o'z hamdardlik nomasini O'zbekiston Oliy Majlisi Senatining raisi Nig'matilla Yo'ldoshevga yo'llagan.

O'zbekiston rahbarining o'limiga oid xabar Belarusda chuqur qayg'u bilan qarshi olinganini yozarkan, Aleksandr Lukashenko, "Islom Karimovni umrini o'z xalqi va davlatiga xizmat qilishga bag'ishlagan ajoyib rahbar...", - deya atagandi.

Iqror

Aleksandr Lukashenkoning iqroridan ayon bo'lishicha, aynan 6 oktbyar kuni O'zbekistonga rasmiy tashrifi rejalangan bo'lgan.

Belarus rahbariga ko'ra, O'zbekistonga ishchi safarini amalga oshirish uchun ataydan bu sanani tanlamagan.

"Faqat uchoqqa chiqqach, yon daftarini ochib qarab, ey-yyy, 6-8 oktyabr kunlari O'zbekistonda Islom Abdug'anievich bilan uchrashib, mavjud muammolarimizni muhokama etib olmoqchi edik-ku", - deb qolgan.

"So'zsiz, O'zbekistonga tashrifim bu tariqa amalga oshmasligi kerak edi. Ammo hayot davom etaveradi. Hozir sizu bizning vazifamiz - o'zbek va belarus xalqlari orasidagi munosabatlarni munosib darajaga ko'tarish. Va biz bunga erishamiz. Bu - uning xotirasi uchun qilingan ezgu bir ish bo'ladi", - deb aytgan Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko.

2010 yilning dekabr oyida O'zbekistonning hozirda marhum prezidenti Islom Karimov Aleksandr Lukashenkoni to'rtinchi bor Belarus prezidenti etib saylanishi bilan tabriklagan, bundan buyog'iga ham ikki davlat orasidagi aloqalarning yanada rivojlanishiga ishonch bildirgandi.

O'zbekistonni chorak asrdan buyon boshqarib kelgan prezident Islom Karimov shu yilning 2 sentyabr kuni 78 yoshida miyasiga qon quyilishi oqibatida hayotdan ko'z yumgan va oradan kun o'tib, ona shahri qadim Samarqandda dafn etilgandi.

Image copyright president.gov.by

Tashriflar

Uning Samarqandda bo'lib o'tgan rasmiy dafn marosimiga sobiq Sho'ro davlatlari rahbarlari orasidan faqat Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari tashrif buyurishgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin oradan uch kun, Qozog'iston rahbari esa, 9 kun o'tkazib, Samarqandga kelishgan, O'zbekiston marhum prezidentining qabriga gul qo'yib, rafiqasiga o'z hamdardliklarini izhor etishgandi.

Marhum prezident Islom Karimov tuproqqa qo'yilgan kun 2-Umumjahon Ko'chmanchilar O'yinlariga mezbonlik qilgan Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atambaev Samarqanddagi dafn marosimiga o'z Bosh vazirini yuborgan.

Buning ortidan, O'zbekiston o'z Tashqi ishlar vazirini yuborgan MDH davlatlari rahbarlarining yubiley sammitiga mezbonlik qilgan.

So'ngra esa, Birlashgan Millatlar Bosh Assambleyasining sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka ketarkan, yo'lda, Istanbulda o'zini noxush his etgan, avval Turkiya, so'ngra Rossiyada davolanib, 1 oktyabr kuni Qirg'izistonga qaytgandi.

Belarusniki kabi, Rossiya va Qozog'iston rahbarlarini ham O'zbekistonda muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev qarshi olgan, ular bilan muzokaralarni ham o'zi olib borgan.

Prezident Islom Karimovning o'limi bois O'zbekiston konstitutsiyasiga muvofiq chaqirilayotgan prezident saylovi esa, shu yilning 4 dekabr kuniga rejalangan.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring