Fotograf paxtani filmga olgani uchun do'pposlandi

Timur Karpov
Image caption Timur Karpov avval ham paxta dalalaridagi majburiy mehnatni hujjatlashtirgan

O'zbekistonlik fotograf va jurnalist Timur Karpov Toshkent viloyati Bo'ka tumanidagi paxtakorlar sharoitlarini suratga olgani uchun uzoq vaqt militsiya bo'limida ushlangan va do'pposlangan. U bilan bo'lgan inson huquqlari faoli Elena Urlaeva ham do'pposlangan. Timur Karpov mashhur o'zbek fotografi Umida Ahmedovaning o'g'lidir. BBC bilan suhbatda u payshanba kuni yuz bergan hodisalarni tasvirlab berdi.

Karpov: Bilasiz-ku, ular "yaxshi militsioner, yomon militsioner" kabi kichik o'yinlarni o'ynashni yaxshi ko'rishadi. Biri juda qattiqqo'l va baqiroq edi, o'tirishga ham qo'ymasdi, ikkinchisi esa jilmaygan, iltifot qilgan, Sarvar ismli kishi edi. Kunning oxiriga borib Sarvarning ham joniga tegdim telefon parolimni bermasdan, u ham meni keyin onamni so'ka boshladi. Hojatxonaga chiqishni so'raganimda u menga baklashkaga siyishni aytdi. "Seni 15 sutkaga qamaymiz, u yoqda keyin o'ldirvoramiz. O'ldirmasak ham, keyin albatta avariyaga tushib o'lishingni uyushtiramiz" deb ustimdan kulishardi. "Chiroyli bola ekansan, seni turmada ommaviy zo'rlashlarini uyushtiramiz, juda qo'lma-qo'l bo'lib ketasan", deyishdi. Ularga Ayfon telefonimdagi parol kerak edi, men esa parolni bermadim. 3-4 soat davomida unga buzib kirishga urindilar. Keyin kech tushib, hammasi charchaganidan keyin, meni stulga o'tqazib, yuzimdan qo'zoynagimni yulib olishdi va 5-6 kishi bo'lib tanamga ura boshladilar. Ayniqsa jigarim atrofiga urishardi, lekin ko'karib qolmasligi uchun juda qattiq urishmasdi. Do'pposlashgani uchun telefonim parolini berdim. Undagi barcha suratlar va videolarni o'chirib tashlab, hatto telegramdagi do'stlarim guruhlardan meni chiqarib, top-toza qilib qaytarib berishdi. Mayka va shimimdan tashqari hamma narsani echishdi, paypoqlarim va tuflilarimni ham tekshirishdi. Keyin taksiga o'tkazvorishdi, o'zim to'lab keldim. Meni hatto o'ldirish bilan ham tahdid qilishdi, Timur ismli bir militsioner, elkasida ikki yulduzchali, nigohi esa charchagan qotilniki edi. Avvaliga muloyim edi, "Sen bizga hamma rasmlarni ber, men mujikman, onam bilan qasam ichaman, qo'yvoraman" deb huddi turmadagilarning gaplarini gapirardi. Keyin "sotqin, vatan xoini, kalamushsan" deb so'kishni boshladi. "Seni o'ldiraman, men shu vaqtgacha odam o'ldirib kelganman va endi ham o'ldiraman", deb qichqirardi. Juda qo'rqinchli odam edi. Keyin yana kirib, jilmayib "Men seni oshga olib boraman, yo'q, Bo'kaning qozon kabobi ajoyib, seni kabobga olib boraman, sen mehmonim bo'lasan", derdi.

Image copyright Timur Karpov
Image caption Timur Karpov hibsdan bir kun avval dalalarni suratga olib ulgurgandi

BBC: Ular Elena Urlaevani ham do'pposlashgani aytiladi.

Karpov: Ha, Elenani birinchi marta urishayotgani yo'q ular. Men boshqa qavatda edim, Elenaning juda qattiq qichqiriqlarini eshitdim. Aftidan u juda ko'p og'riqdan azob chekardi. Keyin uning bir xonada rangi oqarib ketgan holda o'tirganini ko'rdim. Yonidagi 200 dollarini tortib olishgan. Biz to'rt kishi edik, qolgan ikki kishi xorijlik jurnalistlar, hozircha ular O'zbekistonda bo'lgani uchun shaxslarini fosh qilishni istamagan bo'lardim.

BBC: Bo'kada nima qilayotgandingiz?

Karpov: Biz videokameralar bilan dalada edik. Bilasiz, dalada videokamera ko'targan odam davlat dushmani deyiladi. Shaxsan men tushunmayman, nimadan qo'rqishadi? Axir paxta O'zbekiston boyligi-ku, uning faxri-ku! Bu oq oltin. Hukumatning hisobotlarida majburiy mehnat yo'qligi, dalalarda bolalar yo'qligi aytiladi, agar bu haqiqat bo'lsa, videokameradan qo'rqishga ne hojat? Dalalarga buncha ko'p "shestyorka" va chaqimchilarni, milliy xavfsizlik xodimlari va militsiyani, va hatto harbiylarni joylashtirishga ne hojat? Xullas, biz u yerda o'qituvchilar, shifokorlar, kollej talabalari sharoitlarini ko'rdik va majburiy mehnat mavjud ekaniga o'zimiz guvoh bo'ldik.

Image copyright Timur Karpov
Image caption Timur Karpov paxtakorlarning sharoitlari abgor ekanini aytadi

BBC: Paxta terayotgan odamlar sizlar bilan muloqotga kirishdimi?

Karpov: Ha, masalan, hamshiralar 25 kunga kelishganini, 23 kundirki paxta terayotganlarini aytishdi. Bu siz uchun normal holatmi, deb so'raganimizda, ularning javoblari haqiqiy qulning javoblariga o'xshadi. Yuzlarida tabassum bilan ular "Ha, og'ir mehnat, lekin bu hashar-ku, hammamiz yordam berishimiz kerak", deyishardi. Hech kim norozi emasdi. Ularni haqoratlashadi, urishadi ham, ular o'ta yomon sharoitlarda yashayaptilar. Lekin nazorat juda qattiq. Men "Nahotki shu sharoitlarga rozisiz" deb so'rab o'zimni noqulay his qildim, lekin ular rozi bo'lishgani meni dahshatga soldi.

BBC: Ularning ustidan nazorat qanday yo'lga qo'yilgan?

Karpov: Nazoratchilarni ilg'ash qiyinmas. Ular hammadan ajralib turishadi. Qo'llarida daftarcha, egnilarida esa qandaydir arzon kostyum-shim. Kostyumga, tuflichalarga nima zarurat bor, bilmadim. Ust-boshlarini bulg'amaslik uchun dalaga oyoq bosishmaydi.

BBC: Keyin qanday qo'lga olindingiz?

Karpov: Bizda bu borada ma'lum bir tajriba bor, shuning uchun imkonqadar tez ishlashga urindik. 1 yo 1,5 soat ichida filmga olib, intervyular qilamiz-da, qochamiz. Bizni topish qiyin emasdi, chunki ayg'oqchilar tarmog'i yaxshi yo'lga qo'yilgan. Militsiya mashinamiz yo'lini to'sdi, militsionerlar va fuqarolik kiyimidagi SNBchilar soni juda ko'p edi, biz to'rt kishi edik, keyin ichki ishlar bo'linmasiga olib ketishdi. "Bizni hibsga olishga haqqingiz yo'q, hujjatingizni ko'rsating, biz qonunni buzmadik" degan gaplarimizga pisand ham qilmay, bizni mashinalarga tiqib olib ketishdi. Militsiya binosi oldida mening qo'llarimni juda qattiq qayirishdi va sudrab olib kirishdi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring