O'zbekiston futbol termasi: bir haftada bir mag'lubiyat, bir g'alaba

Image copyright uff
Image caption Babayan

O'zbekiston milliy terma jamoasi bir hafta ichida 2018 yilgi jahon chempionatiga chiqish yo'lida ikkita o'yin o'tkazdi. Har ikkala o'yinga Toshkent mezbonlik qildi - o'zbekistonlik futbolchilar 6 oktyabr kuni Eronni, 11 oktyabrda esa Xitoyni qabul qildi.

Eronga qarshi o'yin ayniqsa o'zbekistonlik muxlislar uchun alamli tarzda tugadi. Babayan qo'l ostidagi jamoa shunchaki 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergani yo'q, balki butun o'yin davomida forslar darvozasiga birorta aniq zarba bera olmadi.

"Biz O'zbekistonga zarba berish imkonini bermadik va shu sababli g'alaba qozondik", - dedi o'yindan keyin Eronning portugaliyalik bosh murabbiyi Karlush Keyrush. Ijtimoiy tarmoqlar esa o'zbekistonlik muxlislarning "Babayan iste'foga chiqsin!", "Keyrushdek mutaxassis olib kelinmagunicha, O'zbekiston hech qachon jahon chempionatiga chiqa olmaydi" mazmunidagi fikrlariga to'lib ketdi.

Oradan besh kun o'tib saralash guruhining autsayderiga aylanib qolgan Xitoy 2:0 hisobida mag'lub etildi. Ikkinchi taym boshida Marat Bikmaev hisobni ochgan bo'lsa, taym oxirida Otabek Shukurov ikkinchi golni urdi.

Hali o'yin tugamay ijtimoiy tarmoqlarda yangray boshlagan "Babayan joyida qoladi", "Babayan o'yindan so'ng yana maydonni o'padi" kabi fikrlar orasida istehzo bilan bildirilgan quyidagi fikr e'tiborga molik: "Hech e'tibor berganmisizlar, Samvel akani mo'ylovidaka chiroyli mo'ylov hech kimda yo'g'a? Vey, ko'zlari gapiradi-ya bu insonni! Orden berish kerak akaga!".

'G'alabada Babayanning hissasi yo'q'

Xitoyga qarshi o'yindan so'ng kayfiyati chog' bo'lgan bosh murabbiy Samvel Babayan hazil aralash fikr bildirishga ham o'zida kuch topa oldi.

"Otabek Shukurovning goli? Bu o'ylangan kombinatsiya edi. Hazil, albatta. Umuman, Otabekka kerakli ko'rsatmalarni bergandik. Bu bizga muvaffaqiyat olib keldi", - dedi Babayan.

Muvaffaqiyatga erishilganiga qaramay, ba'zi muxlis va mutaxassislar Xitoy ustidan erishilgan g'alabada Babayanning hissasi deyarli yo'q, deb hisoblaydi.

Maydon.uz nashri muallifi Qahramon Aslanovning qayd etishicha, Xitoy bilan o'yinda O'zbekiston atigi 15 daqiqa maqtovga arzigulik harakat qilgan. Bu 15 daqiqa Marat Bikmaev kiritgan birinchi goldan keyin kuzatilgan.

"Uyog'iga ruhan ustunlikka, o'zimizga bo'lgan ishonchga, raqibning xatolariga va gektar-gektar bo'sh zonalarga ega bo'ldik. Bizga 2-taymdagi ustunlikni qaysidir zo'r futbolchimiz emas, trenerimizning qaysidir zo'r qarori emas, shunchaki, uchrashuv stsenariysi berdi, xolos. Jamoamiz ahvoli aslida bugungi 2-taymga emas, 1-taymga yaqinroq. 2016 yilning bir necha yuz daqiqasini aynan 1-taymdagi kabi o'tkazgan. Va bugungi 2-taymga qarab turib, nihoyat bosh murabbiymiz to'g'ri taktikani, futbolchilarimiz to'g'ri o'ynashni o'rganib oldi, deya olmayman", - deydi Aslanov.

O'zbekiston yana kimlar bilan o'ynaydi?

Samvel Babayan qo'l ostidagi jamoa 2016 yilda saralash doirasidagi so'nggi o'yinini 15 noyabr kuni Janubiy Koreyaga qarshi safarda o'tkazadi. Rossiyada bo'ladigan 2018 yilgi mundial saralashi bo'yicha qolgan to'rt o'yin 2017 yilga rejalashtirilgan. O'zbekiston hozircha o'z saralash guruhida 9 ochko bilan ikkinchi o'rinda. Undan oldinda borayotgan Eronda 10, O'zbekistondan keyin turgan Janubiy Koreyada 7, Suriyada 4, Qatarda 3 va Xitoyda 1 ochko bor.

Saralash guruhida dastlabki ikki o'rinni egallagan terma jamoalar Rossiya mezbonlik qiladigan jahon chempionatiga to'g'ridan-to'g'ri yo'llanma oladi, uchinchi o'rinni olgan jamoa esa yo'llanma uchun qo'shimcha pley-off bahslarida qatnashadi.

Murabbiylar iste'fosiga sababchi O'zbekiston

O'zbekiston terma jamoasiga mag'lubiyatga uchraganidan so'ng, Xitoy jamoasi bosh murabbiyi Gao Xunbo iste'fo berishini e'lon qilgan.

"Xitoy futboli rahbarlari bilan kelishuvimiz shunday edi - natija yomon bo'lsa, ishdan ketaman. Bizni qo'llab-quvvatlaganlarning hammasiga rahmat. Kelajakda yana ko'rishamiz deb umid qilaman", - deya xitoyliklar ustozi o'yindan keyingi matbuot anjumanini qisqa qilgan.

O'zbekiston terma jamoasi so'nggi bor Qatar ustidan g'alaba qozongan edi. 6 sentyabr kuni bo'lib o'tgan o'yindan so'ng Qatar futboli rahnamolari urugvaylik Xose Daniel Karreno o'rniga boshqa bir urugvaylik - Xorxe Fosattini bosh murabbiy etib tayinlagan edi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring