Alisher Usmonov O‘zbekiston hukumatiga ta’sirini inkor etdi

Image copyright Getty Images

Asli o'zbekistonlik Rossiya milliarderi Alisher Usmonovning matbuot xizmati uning O'zbekiston yangi rahbariyatiga ta'siri borasida oxirgi paytda ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

"Ko'p marotaba bildirilganidek, Alisher Usmonov O'zbekiston siyosiy hayotida ishtirok etmayapti", deyiladi matbuot xizmati bayonotida.

Shu bilan birga, O'zbekistonda Usmonovning ko'plab do'stlari va qarindoshlari bor"ligi qayd etiladi. Agar O'zbekiston qandaydir bir ko'mak so'rab murojaat etsa, Usmonov vataniga "foydasi tekkanidan mamnun bo'lishi" va o'z navbatida "o'zining tarixiy vataniga yutuqlar va rivojlanish" tilashi aytiladi.

Milliarder Alisher Usmonovning O'zbekistondagi yuqori rahbarlar bilan bog'liqligi to'g'risidagi xabarlar mish-mishlardan boshqa narsa emas, deb yozadi Forbes jurnali ham Usmonovning matbuot xizmatiga asosan.

Chorshanba kuni Reuters agentligi ham Alisher Usmonovning O'zbekistondagi siyosiy elita bilan munosabatlari haqida maqola chop etgan edi.

Unga ko'ra, Islom Karimov vafotidan so'ng mamlakatning vaqtinchalik prezidenti etib saylangan Shavkat Mirziyoev "O'zbekistonning prezidenti bo'ladi, lekin real vaziyatda mustaqil qaror qabul qila olmaydi". Agentlik suhbatlashgan manbalarning aytishlaricha, bunga sabab 28 sentyabrda uchrashgan ichkaridagi klanlarning mamlakatni kim boshqarishi bo'yicha murosaga kela olmaganlaridir.

Shu boisdan Mirziyoev hokmiyatni "ikki yuqori lavozimli shaxslar bilan bo'lishishga majbur" deyiladi maqolada va Milliy xavfsizlik xizmati rahbari 72 yoshli Rustam Inoyatov va Moliya vaziri 58 yoshli Rustam Azimov nomlarini keltiradi.

Bundan tashqari, yangi rahbariyatga milliarder Alisher Usmonovning ta'siri mavjud va uning uchog'i Toshkentga serqatnov bo'lib qolganini, oxirgi marta u 28 sentyabrda Toshkentdan uchib ketganini qayd etgan agentlik manbasi.

Oldinroq, dunyoning eng badavlat shaxslaridan biri Alisher Usmonov Islom Karimov vafotidan keyin O'zbekistonga tez-tez tashrif buyurayotgani haqida "Uzmetronom" sayti ham xabar berib, bu nimani anglatishi borasida savol qo'ygandi.

Janob Usmonov O'zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajarayotgan Shavkat Mirziyoev bilan qudalik rishtalariga ega. Ayni damda u Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yaqin sheriklaridan biri hisoblanadi. Usmonov ko'plab homiylik ishlarini amalga oshirib keladi. Butun dunyoga shov-shuv bo'lgan ishlaridan biri Alisher Usmonov 2014 yil amerikalik biolog olim Jeyms Uotsonning Christie's kimoshdi savdosiga qo'yilgan Nobel mukofotini 4,8 million dollarga sotib olgan va uni egasiga qaytargan edi.

Alisher Usmonov matbuot xizmati ma'lumotlariga qaraganda, milliarderning shirkatlari Rossiya va qisman O'zbekistondagi sport, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat ishlariga millionlab dollar mablag' sarflagan.

Janob Usmonov O'zbekistonda masjidlar qurilishiga mablag' ajratgani aytilgan. Biroq Islom Karimov davrida Alisher Usmonovning O'zbekiston siyosiy hayotiga bog'liqligi to'g'risida ma'lumotlar kuzatilmagan.

Uning so'nggi paytda O'zbekistonda tez-tez ko'rinishi ortida esa ba'zi tahlilchilar Rossiya rahbariyatining siyosiy ta'sirini oshirish yotgani bo'lishi mumkin, degan taxminlarni bildirishmoqda.

Jumladan, tahlilchi Alisher Ilhomovning Bi-bi-siga aytishicha, mamlakatda ta'sir o'rnatish uchun faqat prezident bilan kelishishning o'zi kifoya bo'lmasligi mumkin. Chunki Markaziy Osiyoning eng asosiy respublikalaridan biri O'zbekistonda o'z ta'siri va ishtahalariga ega ko'plab boshqa strukturalar bor va bu sahnaga kirayotgan shaxs ular bilan albatta hisoblashishi kerak bo'ladi.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.