Qozog'iston tarixida kuzatilmagan mahkama jarayoni

Oqto'be Image copyright 24KZ

Kecha seshanba kuni Oqto'be tumanlararo maxsus jinoiy mahkamasida boshlangan va terrorchilik amali bilan bog'liq ish xuddi ana shunday baho topgan.

Mahkama qarshisida Oqto'bedagi so'nggi hujumlarga aloqadorlikda gumon etilayotgan 29 nafar sudlanuvchi hozir bo'lishgan.

Ular terrorchilik amaliga qo'l urish doxil qator ayblovlarda ayblanishmoqda.

Shu yilning 5 iyun kuni bir guruh qurolli shaxslar Oqto'bedagi ikki qurol-yarog' do'koni va harbiy bo'linmaga hujum qilishgan.

Hujumchilar 4 nafar tinch fuqaro va 3 askarni o'ldirishgan.

To'qnashuvlar chog'ida 18 hujumchining halok etilgani ham rasman xabar berilgandi.

Qozog'istondan olingan xabarlarga ko'ra, 9 gumondor Oqto'bedagi so'nggi hujumlarga to'g'ridan-to'g'ri aloqadorlikda ko'rilishmoqda.

18 gumondorga bo'lajak jinoyat haqida oldindan xabar bermaslik, yana ikki ayblanuvchiga esa, jinoyatni yashirganlik ayblari qo'yilgan.

Mahkama jarayoni

Ayon bo'lishicha, sudlanuvchilarni mahkamada 27 nafar himoyachi namoyon etmoqda.

Mahkama jarayonida ja'mi 50 ga yaqin guvoh va 88 nafar hujum jabrdiydalarining hozir bo'lishlari kutilayotir.

Taqdim etilajak dalillarning hajmi esa, 200 sahifadan ortishi aytilmoqda.

Agar, mintaqadan olingan xabarlarga tayanilsa, Oqto'bedagi mahkama jarayoni o'ta kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida boshlangan.

Mahkama binosi atrofidagi inshootlar tomlarida, hatto, merganlar joylashtirilganiga oid xabarlar ham bor.

Eurasianet.org internet nashrining xabar berishicha, seshanba kungi dastlabki mahkama tingloviga jurnalistlarning kirishlariga izn berilmagan.

Ammo ular jarayonni yondosh xonada videokameralar orqali kuzatish imkoniyatiga ega bo'lishgan.

Buning uchun mahkama binosi ichkarisida 20 dan ortiq videokamera o'rnatilgan, deb yozgan bu internet nashri.

Ma'lum bo'lishicha, dastlabki mahkama tinglovidan farqli tarzda, terrorchilik amali bilan bog'liq ekani bois, jarayonning qolgan bosqichlari yopiq eshiklar ortida bo'lib o'tadi.

Eslatib o'tish joiz, Oqto'bedagi so'nggi hujumlarga aloqadorlikda allaqachon bir kishi hukm etilgan.

Hujumchilar o'z qurollarini qo'lga kiritgan "Pallada" do'koni rahbari o'tgan oy bir yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

U o'z do'konidagi qurol-yarog'larni risoladagidek saqlay olmasdan, zo'ravonlikka zamin yaratganlikda ayblangan.

Oqto'bedagi mahkama jarayoni asosiy qismining 24 oktyabr kuni boshlanishi kutilmoqda.

Hujum

Oqto'be hodisalari Qozog'iston mustaqilligidan keyingi eng qonli hujumlardan biri bo'lgan.

Ammo, ta'kidlash joiz, hujumlar uchun mas'uliyatni shu paytgacha ham biror bir guruh o'z zimmasiga olib chiqqani yo'q.

Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboev esa, hujumlarda "Salafiy" jangarilarni ayblagan.

"Jinoyatchilarning har birini tutish zarur... Javobgarlar barchasi qattiq jazolanishi kerak", deb urg'ulagan u.

Oqto'be Milliy Xavfsizlik qo'mitasi departamenti rahbari Nurlan Kidirbaevning so'zlaridan ayon bo'lishicha esa, 2015 yil boshidan buyon viloyatda 14 ta radikal guruh faoliyatiga chek qo'yilgan.

Oqto'be

Qozog'istonda so'nggi yillarda avj olgan va to'lig'icha izohlanmay qolgan qator zo'ravonliklar aynan g'arbiy Oqto'be shahridagi 2011 yilgi xudkushlik hujumi bilan boshlangandi.

O'sha yil iyul oyida Oqto'bega yaqin Shubarshi shahrida ham xavfsizlik kuchlari bilan ekstremistik deyilgan guruh orasidagi otishmada 13 kishi o'ldirilgandi.

Bu hududda dinning roli Qozog'istonning boshqa hududlariga qaraganda muhimroq ekani, odamlarining anchayin taqvodor ekanliklari aytiladi.

Kuzatuvchilarga ko'ra ham, so'nggi yillarda g'arbiy Qozog'istonda odamlar orasida Islomga qiziqish kuchaygan.

Qozog'iston nisbatan farovon bo'lganiga qaramay, mamlakatda ijtimoiy va iqtisodiy muammolar oz emas.

Tahlilchilarning aytishlaricha, bu kabi vaziyat, ayniqsa, g'arbiy Qozog'istonda noroziliklarni yuzaga keltirgan.

Ular bu erda boylar va kambag'allar o'rtasidagi tafovut juda katta ekani, yashash sharoitlarining juda og'irligini ta'kidlashadi.

Mahalliy tahlilchilarning o'zlari ham qattiqqo'llik bilan boshqariluvchi Qozog'istonda norozilik izhor qilishning siyosiy yo'llari o'ta kamligi, shuning uchun ham ularning islomiy radikal guruhlarga yuzlanayotganliklarini aytishadi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring