O'zbekiston Prezidentligiga nomzodlar ro'yxatga olindi

Senat Image copyright Getty Images

O'zbekiston Prezidenti saylovini yoritish bo'yicha Respublika matbuot markazi xabariga ko'ra, 28 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo'lib o'tgan.

Unda Prezidentlikka nomzodlarni ro'yxatga olish masalasi ko'rib chiqilgan.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko'rib chiqib, nomzodlarni ro'yxatga olish to'g'risida qaror qabul qilgan.

"Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan Sarvar Sadullaevich Otamuratov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoev, Xalq demokratik partiyasidan Hatamjon Abduraxmonovich Ketmonov, "Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Majitovich Umarov O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar etib ro'yxatga olingan.

Saylov to'g'risidagi qonunning 28-moddasiga asosan, O'zbekiston Prezidentligiga nomzodlar bugundan boshlab, saylov tashviqotlarini boshlaydilar.

28 oktyabrda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo'yicha Respublika matbuot markazida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun video anjuman o'tkazilgan.

Brifingda qatnashgan Markaziy saylov komissiyasi raisi MirzoUlug'bek Abdusalomov tadbir ishtirokchilarini Markaziy saylov komissiyasining qarorlari, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik borishi haqida xabardor qilgan.

Janob Abdusalomovning yana bir bor ta'kidlashicha, "saylovlar milliy saylov qonunchilik talablari va xalqaro huquqning umume'tirof etilgan demokratik tamoyillari asosida ochiq va oshkora o'tkaziladi".

Image copyright Getty Images
Image caption Davlatga qarashli barcha ommaviy axborot vositalarida muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoevning faoliyati keng yoritilayotgani saylov kampaniyasining bir qismi sifatida qaralmoqda

O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga ommaviy axborot vositalaridan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda teng foydalanish huquqi beriladi.

Har bir nomzodga o'z saylovoldi dasturlarini aholiga yetkazish uchun O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining "O'zbekiston" va "Yoshlar" tele- va radiokanallarida 638 daqiqadan, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 12 ta hududiy telekanallarida 206 daqiqa, Toshkent teleradiokanalida 286 daqiqadan bepul efir vaqti ajratilishi ma'lum qilingan.

Bundan tashqari nomzodlar matbuotda,xususan "Xalq so'zi", "Narodnoe slovo" va "Pravda Vostoka" gazetalarida, boshqa reklama vositalarida ham o'z saylov kampaniyalarini davom ettira oladilar. Aytilishicha, O'zbekiston saylov tajribasida ilk bor "Ovozi tojik" va "Nurli jol" nashrlaridan ham saylov tashviqoti uchun foydalanishga ruxsat berilgan.

Tahlilchilar ayni paytda O'zbekistonda olib borilayotgan saylov kampaniyasi faqat Shavkat Mirziyoevga tegishli bo'lib qolayotgani, boshqa nomzodlarning saylovoldi dasturlari haqida targ'ibot ishlari yo'qligiga e'tibor qaratishadi.

Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, 500 dan ortiq mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositasi vakili, okrug saylov komissiyalari tomonidan 560 ga yaqin mahalliy jurnalistlar saylovni yoritish uchun akkreditatsiyadan o'tkazilgan.

2016 yil 2 sentyabrda O'zbekistonni 27 yil uzluksiz boshqargan birinchi prezident Islom Karimov vafot etdi.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoev O'zbekiston muvaqqat prezidenti etib saylandi.

Konstitutsiyaga muvofiq, navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari 4 dekabrda o'tkaziladi.

O'zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotini 4 dekabrdagi prezidentlik saylovini kuzatishga taklif etgan.

OXHT ilk bor O'zbekiston prezidentlik saylovlariga to'liq kuzatuv hay'atini yuborishi kutilmoqda.

O'zbekistondagi bundan oldingi saylovlarga OXHT o'zining cheklangan hay'atlarini yuborgandi.

Buni O'zbekistondagi saylovlarda raqobat yo'qligi bois to'laqonli missiya qatnashishining zaruriyati yo'qligi bilan izohlagan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring