Afg'oniston shimolida IShID xavfidan xavotir

IShID Image copyright COURTESY

Rasmiy xabarlarga ko'ra, IShID jangarilari o'tgan bir necha kunning o'zida Afg'onistonning Turkmanistonga bevosita chegaradosh shimoliy Jauzjon viloyatida olti nafar tinch fuqaroni o'ldirishgan. Qurbonlar orasida keksa yoshlisi doxil ayollarning ham borliklari aytilmoqda.

Bu haqda Jauzjon viloyat hokimi matbuot voizi Muhammadrizo G'afuriy BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida bildirdi.

Ta'kidlash joiz, agar tasdiqlansa, bu - Afg'onistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalarida ilk bor qayd etilayotgan holat bo'ladi.

Katta sondagi G'arb boshchiligidagi ittifoq qo'shinlarining ommaviy safarbarliklari ortidan kechgan ikki yil vaqt davomida bu mintaqalarda vaziyat jiddiy izdan chiqqani, bu erlarga IShID jangarilari ham sizib kirish harakatida ekanliklari aytilsa-da, ularning buncha sondagi tinch fuqaroning umriga zomin bo'lganliklari shu paytgacha kuzatilmagan.

Ammo, boshqa tomondan, Jauzjon mas'ullarining ayni mazmundagi bayonotlariga IShID jangarilari, hozircha, biror bir munosabat bildirishmagan. O'zlari ham Darzobdagi qotilliklarga rasman mas'uliyatni o'z zimmalariga olib chiqishmagan.

Har holatda ham nega aynan tinch fuqarolar, jumladan, ayollar nishonga olinganliklari sababi esa, hozircha, ma'lum emas.

Lekin, ta'kidlash joiz, Jauzjondagi so'nggi hujumlari Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Do'stum Yaqin Sharqdagi IShID guruhi Afg'oniston shimoliga minglab jangarilarini sizdirish niyatida ekaniga oid ogohidan qisqa vaqt o'tmay kuzatilgan.

Afg'onistonning shimoliy Jauzjon viloyati esa, aynan general Abdulrashid Do'stumning ona viloyati bo'ladi.

O'zbekistonlik IShID jangarilari

Image copyright videograb

Viloyat hokimi matbuot voizining bildirishicha, Jauzjondagi IShID a'zolarining soni 70 ga yetadi va ulardan 25 nafari O'zbekiston Islomiy harakatining a'zolari bo'lgan o'zbekistonlik jangarilardir. Qolganlari esa, sobiq toliblardan iborat, deydi matbuot voizi.

Xuddi shu o'rinda eslatib o'tish joiz, O'zbekiston Islomiy Harakati bundan ikki yil burun Tolibon bilan ittifoqchilikdan voz kechib, Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga bay'at keltirgan.

Ammo yaqinda guruh saflarining parchalangani, ular orasidan Afg'oniston Tolibon harakatiga moyil, ammo IShIDga qarshi o'zagi ajralib chiqqaniga oid xabarlar ham olingandi.

Matbuot voizi Muhammadrizo G'afuriyning so'zlaridan ayon bo'lishicha, IShID jangarilari viloyatning faqat bitta tumani - Darzobda faollar.

Ta'kidlash joiz, aynan Darzob Jauzjonning, yillarki, Tolibon faol va eng beqaror ikkita tumanidan bittasi bo'lib kelgan.

Tuman so'nggi yillarda shaxsan Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Do'stum boshchiligi ostidagi ustma-ust harbiy amaliyotlarga ham sahna bo'lgan.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko'ra, viloyat markazi Shibirg'onga yaqin va Afg'onistonning boshqa yana ikki shimoliy viloyati - Faryob va Saripulga yo'l ochgani bois ham, jangarilar, yillarki, Darzobga ko'z tikib kelishgan.

Darzob va IShID

Jauzjon viloyati hokimi matbuot voizi Muhammadrizo G'afuriyning BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, IShIDga bay'at keltirgan O'zbekiston Islomiy Harakati a'zolari bundan bir yilcha burun o'z oilalari bilan birga Darzobga Pokistondan o'tib kelishgan.

Erkaklari orada kechgan vaqt davomida o'zlarining sobiq toliblardan iborat safdoshlariga mina o'rnatish, jang olib borish va qurol-yarog'dan qanday foydalanish sir-sinoatlarini o'rgatish bilan ham mashg'ul bo'lishgan.

O'tgan bir yil davomida Darzob tumanining to'rt qishlog'ida o'z ta'sirlarini o'rnatishga muvaffaq bo'lganlar.

Ammo, shunda ham, bu jangarilar Darzobda bir erdan muqim o'rin topishmagan, doimo bir yerdan ikkinchi yerga harakatlanib yurishadi, deydi suhbatdoshimiz.

Uning so'zlaridan ayon bo'lishicha, tumandagi IShID jangarilariga asli darzoblik, yoshi 30 lardan oshgan, o'z vaqtida Tolibon saflarida jang qilgan Qori Hikmat ismli shaxs boshchilik qiladi.

Darzob Jauzjon viloyatining asosan o'zbeklar istiqomat qiluvchi tumanlaridan biri bo'ladi. Tuman aholisining soni esa, 20 mingdan ortadi.

Bu tuman, o'z navbatida, viloyatning Turkmanistonga bevosita chegaradosh va eng beqaror ikkita tumanidan bittasi Qo'sh Tepaning shundoqqina biqinida joylashgan.

IShIDning "rejasi"

Shu yilning avgust oyida Afg'oniston Mudofaa vazirligi Jauzjonning aynan Qo'sh Tepasida IShID jangari guruhining viloyat uchun tayin etgan hokimi Mavlaviy Boz Muhammad qo'lga olingani haqida rasman xabar bergan. Ammo uning hamrohlari qochib qolishga muvaffaq bo'lishganini bildirgandi.

Bu xabar manzarasida mahalliy mas'ullar Mavlaviy Boz Muhammad shimoliy Jauzjon viloyatining ikki beqaror tumani: Qo'sh-Tepa va Darzobida IShID guruhi faoliyatini yoymoqchi bo'lgani haqida aytishgan.

Ammo, vazirlik matbuot voiziga ko'ra, bu shaxsning rejasidan vaqtida ogoh bo'lib, uni qo'lga olishga ulgurishgan.

Mas'ullar Mavlaviy Boz Muhammadning Afg'oniston Tolibon harakatining sobiq a'zosi bo'lganini rad etishgan, uning IShID guruhi yaqinda o'zining Yaqin Sharqdagi islomiy xalifatining bir viloyati, deb e'lon qilgan sharqiy Nangarhordan kelganini aytishgandi.

Ular bu shaxsning kimligi, Afg'onistonga qaerdan kelgani, IShID saflariga qanday qilib yollangani hamda bungacha nima ishlar bilan shug'ullanganini aniqlash uchun tekshiruv ishlari boshlanganini rasman ma'lum qilishgan, ammo hozirgacha o'z tergovlari natijasini oshkor etishmagan.

So'nggi yillarda xavfsizlik bilan bog'liq vaziyati jiddiy izdan chiqib borayotgan shimoliy Jauzjon viloyatining Qo'sh-Tepasi qo'shni Turkmaniston bilan bevosita chegaradosh eng notinch tumanlaridan biri hisoblanadi.

Tuman oxirgi paytlarda toliblarning ustma-ust hujumlariga sahna bo'lgan, mas'ullar jang olib borayotgan jangarilar orasida o'zbekistonliklari borligi haqida ham aytishgandi.

Qo'sh-Tepa ham Jauzjonning so'nggi paytlarda shaxsan Afg'oniston prezidenti birinchi muovini general Abdulrashid Do'stum o'zi bosh bo'lib ketma-ket keng ko'lamli harbiy amaliyotlar olib borgan to'rtta tumanidan bittasi bo'ladi.

Tuman qariyb chorak ming aholisining asosini o'zbeklar va turkmanlar tashkil qilishadi.

IShID va shimol-sharq

Shu yil yoz oylarida Jauzjon qatorida Markaziy Osiyoning boshqa bir davlati - Tojikistonga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy Qunduz viloyatida ham IShIDning mahalliy hokimi ushlangani haqida xabarlar o'rtaga chiqqandi.

Qunduz esa, mahalliy mas'ullar IShID jangarilariga nisbat bergan O'zbekiston Islomiy Harakati a'zolari Tolibon bilan ittifoqchilikda Afg'onistonning bu yaqin 15 yillik tarixida amalga oshirgan eng yirik hujumlariga sahna bo'lgan viloyat bo'ladi.

Ular o'tgan yili viloyat markazi Qunduz shahrini ham bosib olishgan, bu - jangarilar 2001 yildan buyon Afg'onistonda qo'lga kiritgan eng ulkan yutuq sifatida ham baho topgandi.

Ammo xuddi shu hujumlari manzarasida ham, o'tgan bir yarim-ikki yil ichida IShIDning Afg'oniston shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyatlariga o'z hokimlarini tayin etganiga oid biror bir xabar o'rtaga chiqmagan.

IShID jangarilari eng ko'p to'plangan va faol bo'lgan viloyatlar sifatida esa, dastlab Afg'onistonning janubiy Zobul, sharqiy G'azniy va so'nggi paytlarda sharqiy Nangarhor viloyati ko'rib kelingan.

IShID o'zining mintaqadagi tarmog'iga o'tgan yil boshida Afg'onistonga bevosita qo'shni Pokistonda asos solgan.

Shunga qaramay, guruh o'tgan yil oxirida aynan sharqiy Nangarhor viloyatini rasman Yaqin Sharqdagi islomiy xalifatining bir qismi, deb e'lon qilgan va butun mintaqadagi ilk FM radiosiga ham xuddi shu yerda asos solgandi.

IShID va Afg'oniston

Ammo, ta'kidlash joiz, Afg'oniston shimolidagi so'nggi hujumlar Yaqin Sharqdagi IShID guruhi mintaqadagi Xuroson qanoti lideri Hofiz Sayid Xonning o'ldirilganiga oid xabarlardan bir necha oy o'tib va Amerika harbiylari Nangarhorda afg'on kuchlari bilan birga ustma-ust harbiy amaliyotlar olib borishayotganini aytgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Afg'oniston Mudofaa vazirligi hokimlarining qo'lga olinganiga oid shu yil avgust oyidagi xabarlar ortidan, IShID guruhi halicha Afg'onistonning biror bir shimoliy yoki shimoliy-sharqiy viloyatida o'z faoliyatini rasman boshlashga ulgurmagani, mamlakat Qurolli kuchlari ularning bu rejalari oldini olishga qodir ekanliklarini bayon qilgandi.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Do'stumning mamlakat shimoli, jumladan, Turkmaniston va Tojikistonga chegaradosh Faryob va Qunduzni jangarilardan tozalashga qaratilgan va ikki haftacha burun boshlangan yangi harbiy amaliyotlari G'o'rmochda to'xtab qolgan.

General Abdulrashid Do'stum prezident Muhammad Ashraf G'aniy va ijroiy rais Abdulla Abdullalarni millatchilikda ayblagan, mamlakat xavfsizlik kuchlari o'rtasida hamohanglik yo'qligini aytib, mavjud holatni keskin tanqid qilgan va Jauzjon markazi Shibirg'ondagi uyiga qaytib ketgandi.

Buning ortidan Afg'oniston prezidentligi saroyi xos bayonot bilan chiqqan va birinchi vitse-prezidentning bu kabi jiddiy tanqidlari lozim idoralar tomonidan tekshirilishi kerakligini aytgandi.

General Abdulrashid Do'stum, oradan bir necha kun o'tgan esa-da, bu bayonotga hozircha biror bir rasmiy munosabat bildirmagan, u boshchilik qilayotgan harbiy amaliyotlarning taqdiri va keyingi rejalariga oid ma'lumotlar ham halicha imkonli emas.

Rossiya doxil Markaziy Osiyo davlatlari esa, shundoqqina biqinlarida vaziyatning tobora izdan chiqib, bu erlarda ham IShID guruhining faollashuvidan xavotirdalar.

Afg'onistondan kelishi mumkin bo'lgan yangi tahdid qarshisida ularning barchasi so'nggi yillarda o'z chegaralarini mustahkamlash va IShID xavfini oldini olishga qaratilgan keskin chora-tadbirlarga qo'l urishgan.

Afg'onistondagi IShID jangarilarining soni esa, turli doiralarda bir necha yuzdan bir necha mingtagacha ekani taxmin etiladi.

Ammo, agar o'tgan yilgi rasmiy ma'lumotlarga tayanilsa, Afg'onistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalaridagi xorijiy jangarilarning soni 2 mingdan ortadi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring