General Abdulrashid Do'stum Toshkentda

General Abdulrashid Do'stum Image copyright COURTESY

Ma'lum bo'lishicha, general Abdulrashid Do'stumning Toshkentga safari bundan ancha avval, hali poytaxt Kobulda rejalangan va O'zbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning qabrini ziyorat qilib, unga gul qo'yishni maqsad qilgan.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining bir haftacha davom etishi aytilayotgan norasmiy tashrifi kun tartibi borasida bundan boshqa tafsilotlar imkonli emas.

Ammo general Abdulrashid Do'stumga yaqin manbaning BBC O'zbek Xizmatiga aytishicha, o'z safari davomida Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining O'zbekiston rahbariyati a'zolari bilan uchrashib, muloqotlar olib borish ehtimolini ham butkul nazardan soqit etib bo'lmaydi.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti Turkmanistonga bevosita chegaradosh shimoliy Jauzjon viloyati markazi Shibirg'ondagi uyida ekan, uning O'zbekistonga jo'nab ketganiga oid xabar olingan.

General Do'stum shu yilning 15 oktyabr kuni Afg'oniston shimolida shu yil hisobidan uchinchi keng ko'lamli harbiy amaliyotlarini boshlagan.

Afg'onistonning Turkmaniston va Tojikistonga qo'shni ikkita eng beqaror shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyati - Faryob va Qunduzni jangarilardan tozalashga ahd qilgan.

Ammo oradan ikki haftacha o'tib, o'zining yangi harbiy amaliyotlariga faqat Faryob viloyatining o'zi bilangina yakun yasagan va Shibirg'ondagi uyiga qaytib ketgan.

Faryobdagi harbiy amaliyotlar chog'ida karvonining pistirmaga duch kelib, Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining yaralanganiga oid xabarlar ham olingan, ammo janob Do'stum va uning devoni bu da'volarni keskin rad etib chiqishgan.

Orada general Abdulrashid Do'stumning Afg'oniston shimolidagi ayrim xavfsizlik kuchlari mas'ullarining faoliyatidan jiddiy norozi bo'lgani ham ma'lum bo'lgandi.

Bularning barchasi ortidan...

O'tgan hafta dushanba kuni janob Do'stum Afg'oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G'aniy va ijroiy raisi doktor Abdulla Abdullalarni keskin tanqid ostiga olgan.

Bu ikkovlonni millatchilikda ayblagan, mamlakat xavfsizlik kuchlari o'rtasida ham xuddi shunga muvofiq hamohanglik yo'qligini aytgan va mavjud holatni keskin tanqid qilgan.

Bundan tashqari, prezident G'aniyni Afg'onistonda qudratni yakka o'zining qo'lida jamlashda ham ayblagan, tezda Loya Jirga chaqirish, mamlakat rahbari va muovinlari vakolatlarini konstitutsiyaga muvofiq belgilab berilishiga da'vat etgan.

Prezidentlik saroyi ham uzoq kuttirib o'tirmagan, oradan kun o'tib, qarshi bayonot bilan chiqqan, Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining bu kabi keskin tanqidlari lozim idoralar tomonidan tekshirilishi lozimligini aytgandi.

Shu hafta yakshanba kuni Shibirg'onda qayta chiqish qilgan general Abdulrashid Do'stum yana bir bor xuddi shunday mazmundagi bayonot bergan, bunga qo'shimcha, o'z tanqidlari jiddiy inobatga olinmasa, Shibirg'ondan poytaxt Kobulga qaytib bormasligi bilan ham ogohlantirgandi.

Ammo

Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining so'nggi chiqishidan ikki kun o'tib, shu hafta chorshanba kuni ikki o'rtada mavjud ziddiyatning yumshagani nishonalari paydo bo'lgan.

Shibirg'ondan prezident Muhammad Ashraf G'aniyning general Abdulrashid Do'stumga sim qoqqani, uning noroziligini joiz va talablarini haqli, deb bilishini aytgani ma'lum bo'lgan.

Ayon bo'lishicha, bundan tashqari, prezident G'aniy G'o'rmochdagi general Abdulrashid Do'stumning karvoni bilan bog'liq pistirma hodisasini tekshirish uchun vazirlik miqyosida maxsus hay'at tashkil etilishiga ham va'da bergan.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti matbuot voizi Bashir Ahmad Tayanchning BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, mamlakat rahbari va'da qilgan bu hay'at shu kunlarda o'z faoliyatini boshlaydi.

Uning so'zlaridan ma'lum bo'lishicha, prezident Muhammad Ashraf G'aniy tomonidan o'z talablarining ijrosi borasida halicha aniq va'dalar yangramagan esa-da, general Abdulrashid Do'stum seshanba kungi telefon muloqotidan qoniqish hosil qilgan.

Ammo bu suhbatlarning hali yana davom etishi va o'zlarining aytgan so'zlaridan ortga qaytmasliklarini bildirgan.

Yana

Bashir Ahmad Tayanchning aytishicha, telefon muloqoti manzarasida Afg'oniston shimolidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni o'rganish uchun Jauzjonga poytaxt Kobuldan hukumatning qator vazirlarni o'z ichiga olgan maxsus hay'ati ham tashrif buyurgan.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining O'zbekistonga norasmiy tashrifi ana shu voqealardan qisqa vaqt o'tmay amalga oshirilgan.

Agar, matbuot voizining so'zlariga tayanilsa, general Abdulrashid Do'stum kelasi yigirma kun va yo bir oy ichida poytaxt Kobulga qaytadi.

Prezident Muhammad Ashraf G'aniy esa, O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 3 sentyabr kuni Samarqandda bo'lib o'tgan rasmiy dafn marosimida shaxsan ishtirok etgan.

21 sentyabr kuni esa, turli ijtimoiy-muloqot tarmoqlarida Afg'onistonning O'zbekistonga bevosita chegaradosh shimoliy Balx viloyati qudratli hokimi general Muhammad Ato Nurning marhum prezident Islom Karimov qabriga gul qo'yayotgani suratlari paydo bo'lgandi.

General Abdulrashid Do'stumning O'zbekiston va Qozog'istonga norasmiy tashrifi haqidagi eng so'nggi xabarlar 2014 yilning boshida olingan.

O'sha paytda janob Do'stum aprel oyiga rejalangan Afg'oniston prezidentligi saylovlarida Muhammad Ashraf G'aniyning nomzodi uchun bu davlatlar dastagini qo'lga kiritish niyatida ekani aytilgan.

Bundan tashqari, bu ikki Markaziy Osiyo mamlakatining harbiy va texnik ko'maklariga ko'z tikayotgan bo'lishi ehtimollari haqida ham so'z borgandi.

Yana bir uchrashuv

General Abdulrashid Do'stum O'zbekistonga norasmiy tashrifini boshlagan bir kunda Afg'oniston ijroiy raisi doktor Abdulla Abdulla Bishkekda O'zbekiston Bosh vaziri birinchi o'rinbosari Rustam Azimov bilan uchrashgan.

Ularning ikki tomonlama uchrashuvlari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi yig'ilishi manzarasida bo'lib o'tgan.

Mintaqadan olingan xabarlarga ko'ra, ikkovlon O'zbekiston va Afg'oniston o'rtasida savdo-iqtisodiy, transport va madaniy-gumanitar sohalarda o'zaro manfaatlari munosabatlarni yanada rivojlantirish masalasini muhokama qilishgan.

Har ikki tomon ham bu xalqlar o'rtasidagi ko'p asrlik do'stlik rishtalarini izchil mustahkamlashga tayyor ekanliklari qayd etilgan.

So'nggi bir necha o'n yillik urushlar sabab, shu paytgacha O'zbekiston-Afg'oniston munosabatlarida asosiy urg'u xavfsizlik masalasiga berib kelingan.

Ammo shu oy boshida O'zbekiston muvaqqat prezidenti va Bosh vaziri Afg'onistonga bevosita chegaradosh janubiy Surxondaryo viloyatiga qilgan safari chog'ida yangicha mazmundagi bayonot bilan chiqqan.

Shavkat Mirziyoyev o'zining Afg'onistonga oid ilk bayonotida qo'shnilari bilan har tomonlama hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash lozimligi xususida so'z yuritgan. Ayniqsa, savdo-sotiqni kuchaytirish masalasiga alohida diqqat qaratgan.

Afg'oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G'aniyning Islom Karimovning dafn marosimida ishtirok etish uchun O'zbekistonga qilgan tashrifi "o'zlari, el va prezidentga nisbatan hurmat belgisi" bo'lganini aytgan.

Tez orada O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakillarining Afg'onistonga borib, o'zaro hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha yirik bitimlarni imzolashlarini va'da qilgan.

"Bundan keyin ham mehnatkash afg'on xalqi bilan hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash, tinchlik va osoyishtalikni saqlash uchun qo'llaridan kelguncha harakat qilishlari"ni aytgandi.

Va...

Shu kunlarda Afg'oniston prezidenti maxsus hay'atining poytaxt Toshkentda bo'lib, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashgani ma'lum bo'lgan.

Xabarlarga ko'ra, Toshkentdagi bu uchrashuv chog'ida ham ikki davlat o'rtasida o'zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish istiqbollari haqida so'z borgan.

Muzokaralar chog'ida Afg'onistonni prezident Muhammad Ashraf G'aniyning Iqtisodiy masalalar bo'yicha katta maslahatchisi Humoyun Qayumiy, Markaziy Osiyo va Rossiya bilan hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha maxsus vakili Muhammad Shokir Korgarlar namoyon etishgan.

O'zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryoga qilgan safari chog'ida Abdulaziz Komilovning o'tgan oy boshida Afg'onistonga donor davlatlarning Bryusselda bo'lib o'tgan yirik xalqaro anjumanida ham afg'on rahbari bilan uchrashib, hamkorlik masalasini muhokama etgani ayon bo'lgandi.

O'zbekistonni Tashqi ishlar vaziri namoyon etgan va 4-5 oktyabr kuni bo'lib o'tgan bu anjumanda xalqaro hamjamiyat kelasi to'rt yilni ko'zda tutib, Afg'onistonga $15 milliard dollardan ortiq moliyaviy yordam va'da qilgandi.

Tahlilchilarga ko'ra, mintaqa davlatlari va Afg'oniston orasida savdo-iqtisodiy aloqalarining kuchayishi nafaqat iqtisodiy jihatdan manfaatli bo'ladi, balki-da, alal-oqibat, yillarki, ular barchasini birdek xavotirga solib kelayotgan isyonchilik muammoasining ham barham topishiga zamin yaratadi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring