Prezident saylovi:XDPdan Hotamjon Ketmonov

Image copyright Nuz.uz
Image caption Hotamjon Ketmonov

4 dekabrda o'zbekistonliklar yangi prezident saylashadi. Bu saylov natijalariga, o'zbekistonlik jurnalistlardan biri aytgani kabi "hatto nomzodlar ham zarracha shubha qilishayotgani yo'q". Shunda ham mamlakat tarixida o'tgan saylovlardan bu galgisi katta farq qiladi. 4 dekabrda o'zbekistonliklar mustaqillik tarixida birinchi bor Islom Karimovsiz saylovga chiqishadi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati O'zbekiston prezidentligi uchun nomzodlarning tarjimai hollari, dasturlari va siyosiy qarashlari haqida bir qator maqolalar tayyorlagan.

Shavkat Mirziyoevdan tashqari barcha nomzodlarning siyosiy dasturamallari va qarashlari saylov natijalariga ta'sir qilmasligiga shubha yo'q.

Ammo ularning dasturamallari va qarashlarida farq bormi?

O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Mamlakatda rasman ro'yxatga olingan to'rt partiyadan biri O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi o'z rahbari Hotamjon Ketmonov prezidentlikka nomzod sifatida tanlagan.

Hotamjon Ketmonov 1969 yil Andijon viloyati Baliqchi tumanida tug'ilgan. 1993 yili Andijon davlat pedagogika tillar institutini rus tili va adabiyoti o'qituvchisi mutaxassisligi bilan tamomlagan. Oilali, uch nafar farzandi bor.

Faoliyatini 1993 yilda Farg'onaning Toshloq tumanidagi maktabda o'qituvchilikdan boshlagan. 1995-2004 yillarda Farg'ona viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi tizimida mehnat qilgan.

2004-2013 yillarda Andijon viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo'yicha o'rinbosari lavozimida ishlagan.

2013 yildan O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi. 2014 yilgi parlament saylovlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputat etib saylangan, 2015 yil yanvaridan palata spikeri o'rinbosari.

2015 yilgi prezident saylovida O'zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovga raqib bo'lgan. Saylovda 2,92 foiz (552 ming kishi) ovozni qo'lga kiritib, poygada Karimov va Akmal Saidovdan so'ng uchinchi bo'lgan.

Hotamjon Ketmonov, Xalq demokratik partiyasidan O'zbekiston prezidentligiga nomzod

Hozirgi ahvol haqida qanday fikrda?

Iqtisodiy soha bo'yicha

O'zbekistonda qurilish sohasini modernizatsiya qilishga etarli darajada e'tibor berilmayapti;

Qurilish tashkilotlarning keng rivojlanishi, bu sohada zamon talabiga javob beradigan mutaxassislar, texnik vositalar bilan ta'minlanish talab darajasida emas;

Qurilish sohasidagi qonunchilik bazasi, qurilish normalari va standartlari takomillashmagan;

Bugungi kunda O'zbekistondagi qurilish texnologiyalari jahon standartlari darajasidan ortda qolib ketmoqda;

Chet elda qurilish tashkilotlari o'z davlatiga valyuta tushumini oshirayotgan vaqtda, O'zbekiston qurilish tashkilotlari bunday imkoniyatga ega emas va bunday talablarga javob ham bermaydi;

Kichik korxonalar tomonidan ishchilarga to'lanadigan ish haqlari ham yirik korxonalar to'layotganidan 2 baravarigacha past;

Xozirgi soliqlar va imtiyozlar tizimi kichik korxonalarning yiriklashishiga halaqit qilmoqda;

Ijtimoiy muhofaza sohasi bo'yicha

Barcha bino inshootlarda nogironlar uchun maxsus kirish yo'lagi - panduslar bo'lishi shart, biroq mazkur norma amaliyotda ishlamayapti;

Aksariyat binolarda nogironlar uchun panduslar umuman yo'q, mavjud bo'lganlarining aksariyatidan foydalanishning imkoni yo'q;

Piyodalar yo'lakchalari ham nogironlar uchun moslanmagan;

O'zbekistonda avtotransport vositalarining ko'payib borayotganligi natijasida yo'llar, katta shaharlarning ko'chalari tirband bo'lib bormoqda;

O'zbekistonda har yili 100 mln. tonna sanoat chiqindilari, 35 mln.m. kub maishiy-ro'zg'or chiqindilari hosil bo'ladi;

Bu chiqindilarni utilizatsiya qiladigan, qayta ishlaydigan tizimli korxonalarni mavjud emas;

O'zbekiston miqyosida 2 milliard tonna chiqindi to'planib qolgan;

Chiqindilar to'planadigan va qayta ishlaydigan aksariyat chiqindixonalarning holati achinarli ahvolda.

Nimalarni va'da qilmoqda?

Ijtimoiy-siyosiy sohada

Aholi bandligini ta'minlash tizimini doimiy takomillashtirib, bunda mehnat bozoridagi talab-taklifni to'liq hisobga olish zarur, deb hisoblaydi;

Mintaqalardagi demografik o'zgarishlarni hisobga olgan holda, xususan, oliy ta'lim muassasalarini oldindan barpo etish amaliyotini yanada rivojlantirmoqchi;

O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan tovarlar va xizmatlar sifatini oshirib, tannarxini kamaytirmoqchi, aholi xarid qobiliyatini oshirmoqchi;

Iqtisodiy sohada

Qurilish tashkilotlarining moddiy-texnik ta'minotini yaxshilash, yangi texnologiyalarni joriy qilish, malakali mutaxasislarni yollashga imkoniyat yaratuvchi sharoitlar yaratish maqsadida soliq yukini kamaytirmoqchi;

Sobiq tuzum davridan buyon foydalanib kelinayotgan eskirgan qurilish standartlari, norma va qoidalari o'rniga butun dunyoda amal qilib kelinayotgan evrokodlar tizimiga o'tishni taklif qilmoqda;

Qurilish sohasi rivojlanishi uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash masalasiga e'tibor qaratmoqchi, ularni xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborishni tashkil etmoqchi;

O'zbek qurilish kompaniyalarining xorijiy qurilish va xizmat bozorlariga chiqishlariga sharoit yaratmoqchi;

O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan kichik korxonalarning yiriklashishini rag'batlantiruvchi soliq siyosatini yuritmoqchi, korxonalarning tasnifida "o'rta korxona" tushunchasini kiritmoqchi;

Kichik korxonalarning yiriklashishi va yanada rivojlanishiga xizmat qiladigan soliq va imtiyozlar tizimini ishlab chiqmoqchi;

Turli imtiyozlarni berish yo'llari orqali ish beruvchi va xodim o'rtasidagi norasmiy mehnat munosabatlarini qonun doirasiga kiritmoqchi;

Mehnat muhofazasi qoidalarini buzgan tadbirkorlarning mas'uliyatini va javobgarligini oshirmoqchi;

Banklarning xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni kreditlash tizimini soddalashtirmoqchi;

Makroiqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, foiz stavkalarini minimal darajada belgilamoqchi;

Qishloq joylarda oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rag'batlantirmoqchi;

Davlatning iqtisodiyotdagi tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlamoqchi;

Etakchi ijtimoiy sohalarning tijoratlashuvini cheklamoqchi;

Ijtimoiy muhofaza sohasida

Kam ta'minlangan oilalarni himoya qilmoqchi, ayni vaqtda, ulardagi boqimandalik kayfiyatini yo'qotmoqchi;

Nogiron fuqarolarning ijtimoiy hayotga kirishishlari uchun barcha sharoitlarni yaratmoqchi;

Mavjud barcha bino va inshootlarni, ayniqsa davlat idoralarini nogironlar kira olishlari nuqtai nazaridan xatlovdan o'tkazmoqchi va kirish joylarini nogironlarga moslamoqchi;

Piyodalar yo'lakchalarini nogironlarga moslash bo'yicha maxsus davlat dasturini qabul qilmoqchi;

Mahallaning aholini ijtimoiy himoya qilishdagi rolini yanada oshirmoqchi;

Ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar va xizmatlar narxini belgilash ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali narxlar va tariflarning o'sishi inflyatsiya darajasidan yuqori bo'lmasligiga erishmoqchi;

Kommunal xizmatlarning kamxarj shakllarini kengaytirmoqchi, kommunal xizmatlar ko'rsatishning arzon avtonom (lokal) shakllarini rivojlantirib, xizmatlar narxini maqbullashtirmoqchi;

Olis qishloq hududlarida birlamchi tibbiy yordamdan qulay va tez foydalanish imkoniyatini ta'minlovchi qishloq vrachlik punktlari tarmog'ini kengaytirmoqchi;

Farmatsevtika korxonalari va dorixona muassasalari faoliyati hamda dori-darmon vositalari narxi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirmoqchi;

Dori vositalari reklamasini cheklamoqchi;

Chiqindilarni utilizatsiya qiladigan, qayta ishlaydigan korxonalarni tizimli tashkil etib, ularga soliq imtiyozlari bermoqchi;

Yo'llarning tirbandligi muammosini piyodalar yo'laklarini kapital ta'mirlash, veloyo'laklarni qurish orqali hal qilmoqchi;

Sud-huquq sohasida

Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini oshkora va konstruktiv muhokama etishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini ta'minlash amaliyotini rivojlantirmoqchi;

Sudlarda ishlarni ko'rib chiqish jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etmoqchi;

Fuqarolarning sudga murojaat qilishi va sud hujjatlarini olishining elektron tizimini joriy qilmoqchi;

Tashqi siyosat sohasida

Qo'shni mamlakatlarga nisbatan ochiq va pragmatik siyosat yuritmoqchi, ular bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o'zaro manfaatli va foydali hamkorlikni rivojlantirmoqchi;

Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar suv resurslaridan oqilona foydalanish bo'yicha xalqaro tashabbuslarni ilgari surish harakatlarini izchil davom ettirmoqchi;

Terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, odam savdosi va boshqa tahdidlarga qarshi kurash masalalari bo'yicha avvalo Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni kuchaytirmoqchi.

Asosiy maqsadi

Demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirish.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq