Shahzoda Charlz BAAda qadimiy Qur'on nusxasini taqdim qiladi

Shahzoda Charlz Birmingam universiteti tomonidan topilgan qadamiy Qur'onning raqamli nusxasini taqdim qiladi Image copyright Getty Images
Image caption Shahzoda Charlz Birmingam universiteti tomonidan topilgan qadamiy Qur'onning raqamli nusxasini taqdim qiladi

Birlashgan Arab Amirliklariga safari chog'ida Shahzoda Charlz Birmingam universiteti tomonidan topilgan qadamiy Qur'onning raqamli nusxasini taqdim qiladi.

Qo'lyozmaning nusxasi BAA va Buyuk Britaniya o'rtasidagi madaniy aloqalar markazida bo'lishi kutilmoqda.

Ehtimolki, Qur'onning eng ko'hna nusxasi bo'lmish bu topildiq asli Britaniyaning Birmingam universitetida saqlanmoqda.

O'tgan yili 1370 yillik tarixga ega ekani aytilayotgan qo'lyozma topilishi yirik voqeilik bo'lgan edi.

Birmingam universiteti bu qo'lyozmani 1920 yillardan beri asrab kelgan, ammo uning tarixiga doir ilmiy izlanish natijasi faqat o'tgan yil ma'lum bo'ldi.

Tadqiqotlarga ko'ra, Qur'onning ayni nusxasi boshqa qo'lyozmalardan ko'ra qadimiyroqdir.

Qo'y yoki echki terisidan ishlangan va Qur'on suralari akslangan muqova Birmingamda namoyish etilgandi.

Ammo Qur'onning raqamli (digital) nusxasi ilk bor Britaniyadan tashqariga olib chiqilib, namoyish etilmoqda.

Birmingamda topilgan Qur'on tarixi

Image copyright Birmingham university
Image caption Qur'oni Karim

O'tgan yil yozida Birmingem universiteti xodimlari o'zlarining kutubxonalarida saqlanayotgan Qur'on nusxasi dunyodagi eng qadimiy manuskriplardan biri ekanini aniqlashgandi.

Tadqiqotchilarning so'zlariga ko'ra, o'tkazilgan radiouglerodli tekshiruv musulmonlar muqaddas kitobining yoshi 1300 yildan oshishini, ya'ni Qur'onning eng birinchi nusxalaridan ekanini ko'rsatganda hayratga tushganlar.

Bu shuni anglatadiki, manuskrip ustida ishlagan inson nazariy jihatdan olganda Muhammad Payg'ambar (s.a.v) bilan uchrashgan yoki va'zlarini bevosita eshitgan bo'lishi mumkin.

Qur'on nusxasi Yaqin Sharqdan keltirilgan boshqa minglab qadimiy kitoblar bilan birgalikda 1920 yillarda kelib chiqishi iroqlik bo'lgan tarixchi Alfons Mingan tomonidan universitetga taqdim etilgan.

Biroq kitob qariyb yuz yil davomida sinchiklab o'rganilmay qolgan.

Britaniya kutubxonasi eksperti doktor Muhammad Iso "hayajonli kashfiyot" musulmonlarni to'lqinlantirishini aytadi.

Universitetning maxsus to'plamlar bo'limi direktori Syuzan Uorrollga ko'ra, tadqiqotchilar kitobning bu qadar qadimiyligini tasavvur ham qilib ko'rmaganlar. "Bizda eng ko'hna Qur'on nusxasining borligi olamshumul yangilikdir", deydi u.

Qur'on ustida tekshiruv Oksford universiteti tadqiqotchilari tomonidan o'tkazilgan bo'lib, qo'y yo echki terisiga yozilgan satrlar Qur'onning eng ko'hna matnlaridan ekanini ko'rsatgan.

"Bu natijalar bizni Islom paydo bo'lgan dastlabki davrlarga olib boradi", deydi Universitetning nasroniylik va islom fakulteti professori Devid Tomas.

"Musulmon an'analariga ko'ra, Muhammad Payg'ambar(s.a.v)ga Muqaddas Qur'on oyatlari 610-632 yillar oralig'ida vahiy kelgan deb ishoniladi. Shundan kelib chiqqan holda, Qur'on nusxasini ko'chirgan inson Muhammad Payg'ambar(s.a.v)ni bevosita bilgan... balki u kishining va'zlarini eshitgani ehtimoli katta.

Professor Tomasga ko'ra, pergamentga, toshga, palma bargiga yozilgan Qur'on parchalari yig'ilib, 650 yilda kitob tarzida yakunlangan.

Pergamentga yozilgan ba'zi qismlar Muhammad Payg'ambar(s.a.v) vafotidan so'ng kamida 20 ichida ko'chirilgani ehtimolini beradi.

Radiouglerodli tashhis davlat va xususiy kollektsiyalardagi qadimiy kitoblarning aniq yoshini aytish imkonini beradi.

Doktor Ueyliga ko'ra, Qur'on nusxasining yakuniy ko'chirilgan payti uchinchi xalifa Usmon ibn Affan davriga to'g'ri keladi.

Birmingem markaziy masjidining imomi Muhammad Afzal ushbu yangilikdan qattiq ta'sirlangani, qalbi ulkan faxrga to'lganini hayajonlanib so'zlaydi. "Men Qur'on sahifalarini ko'rganimda qattiq ta'sirlandim. Ko'zlarimga yosh keldi. Men aminmanki, Britaniyaliklar bu muqaddas sahifalarni o'z ko'zlari bilan ko'rish uchun Birmingemga albatta keladilar", deydi Muhammad Afzal.

Professor Tomas ta'kidlashicha, Birmingemliklar uchun hozir dunyoda "boshqa nusxasi bo'lmagan ulkan xazina" mavjud.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring