Asqarov qo'shnilari: "Qotillik vaqti u uyida edi"

Azimjon Asqarov Image copyright kloop.kg/picasa
Image caption Asqarov ishi yana kechiktirildi

Qirg'iziston poytaxti Bishkekda o'zbek inson huquqlari faoli Azimjon Asqarovning sud ishi bo'yicha beshinchi majlis bo'lib o'tdi. Asqarov 2010 yilda Qirg'iziston janubida bir militsionerni "o'ldirishda ishtirok etish" va "millatlararo adovatni qo'zg'ash"da ayblanib bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilgandi.

Uning ishi qayta ko'rib chiqayotgan mahkama 8 noyabrda o'tgan majlisga Asqarovning bir necha qo'shnilarini guvoh sifatida chaqirdi. Ular qotillik vaqtida Asqarovni o'z uyi tashqarisida ko'rishganini va uning qotillikka aloqador ekaniga ishonmasliklarini aytishdi.

Asqarov 2010 yil 15 iyunda O'sh va Jalolobodda davom etgan etnik to'qnashuvlar chog'ida qo'lga olingandi. Huquq-tartibot organlari militsiyaning o'zboshimchaligiga qarshi kurashib kelgan bu faolni Bishkek-O'sh yo'lini to'sish va ko'prikda militsionerlarni do'pposlab, bittasini tiriklayin yoqib o'ldirishni uyushtirishda ayblashgan.

Bishkekda joylashgan kloop.kg sayti sud zalidan jonli translyatsiya olib bordi.

Saytda xabar qilinishicha, Bishkekda o'tgan beshinchi majlisda Asqarovning kelini Turdixon Asqarova, qo'shnilari Gulumjon Usmonova, Faridaxon Akbarova, Odinaxon Usmonova, Umidaxon Qulboeva, Shomurod Akbarovlar ko'rsatma berishdi.

Turdixon Asqarova unga 2010 yilda bosim o'tkazib, jismoniy zo'ravonlik qo'llashgani, shu sababdan sudda ko'rsatma bermaganini bildirdi.

G'ulomjon Usmonov Asqarovni 13 iyun kuni ertalab ko'rganini aytdi. U ko'prikda bo'lmagani va qandaydir militsionerni o'ldirishganini eshitmaganini aytdi. U ham 2010 yilda militsiya guvohlarni qo'rqitganini tasdiqladi.

Gulumjon Usmonova 13 iyun kuni ko'chadagi shovqinni eshitib eri bilan chiqqani va Asqarovni o'z uyi yonida sport kiyimida ko'rganini aytdi.

Uning aytishicha, Asqarov millatlararo namoyishlarga chaqirmagan, chunki u "bunday yovuzlikka qodir emas".

Umidaxon Qulboeva Asqarovni 13 iyundan oldin ko'rgani, u qotillikka yoki adovatga chaqirishiga ishonmasligini bildirdi.

Shomurod Akbarov esa 13 iyunda uyi tashqarisida ko'rgani, 14 iyunda esa o'zining uyiga o'g'rilar o't qo'yishganini aytdi.

"16-17 kunlari uni olib ketishganini eshitdim. Bilmadim, nimaga. U har doim odamlarga yordam bergan. Men uni 50 yilki taniyman, hech qachon u haqida biron yomon narsa eshitmaganman", - dedi u.

U, shuningdek, Asqaro odamlarni qurollantirayotgani haqida hech nima eshitmaganini aytdi.

Sud majlisida qatnashgan inson huquqlari faoli Tulekan Ismoilova Azimjon Asqarovga qarshi tergov chog'ida qiynoqlar qo'llangani qayd etilishini so'radi.

Sud ishi 15 noyabrgacha tanaffus e'lon qildi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring