"Domlaning aytganini qil, qilganini qilma!"

London Image copyright Getty Images
Image caption London

Bundan bir oycha avval bir ma'rakada anchadan beri ko'rmagan tanishimni uchratib qoldim.

Salom-alik qilib, hol-ahvol so'rab bo'lgach, farzandi Angliyada ekanini faxr bilan aytib qoldi.

"Iya, o'rtoq, bu tumanimizda chiqishlaringda vatanparvarlik haqida balandparvoz so'zlar aytib, paxta yig'im-terimiga barchani undab, paxta elga kelgan to'y, barchamiz bu ulkan xirmonga o'zimizning munosib hissamizni qo'shishimiz lozimligini ta'kidlar eding... Seni farzanding ham Angliyaga bormay, mahalliy oliygohga kirib, bundoq paxta dalasiga chiqsa bo'lardi", deb hazillashdim.

Tanishim ham so'zga chechan, "a" desang, "b" deb turadigan xilidan.

Diniy ilmi ham bor, albatta gap va manfaatlar mos kelgan payti ishlatiladigan ilm...

Lekin javobni dangalligini aytdi!

"Oxirzamonning alomatlaridan biri - bu "baybaza" zamoni ekan. Ulamolarning sharhiga ko'ra, "baybaza" davrida, kattalar o'z aytgan so'zlariga, o'zlari ishonmas ham, rioya ham qilmas ekan", deb aytdi.

Meni diniy bilimim sustroq bo'lgani uchun, undan qaytib so'radim: "ya'ni, ko'chani tilida aytganda, "men erkakman, aytaveraman ham, qaytaveraman ham…" deganimi dedim.

U esa, "ha, shunaqa desa ham bo'laveradi", deb kulib qo'ydi.

Keyin u-bu boshqa mavzularda hangoma qilib tarqadik.

Uning gaplari esdan chiqqan edi, kechagi xabarlardan keyin esa... tanishim qanchaliq haq ekaninini o'ylab qoldim.

"O'z uyim - o'lan to'shagim"

O'zbekiston Xalq Qahramoni Abdulla Oripov Amerikada qizining uyida jon taslim qildi.

O'zbek kinomatografiyasining otalaridan biri Melis Abzalov Shvetsiyada farzandining uyida qaytish qilgani xaqidagi xabarlar ko'plarni larzaga soldi.

Barchalarini Olloh raxmat qilsin, yaxshi amallarini o'ziga hamroh qilsin! Albatta, har kimni qachon va qaerda joni uzilishini faqatgina Yaratgan biladi.

Meni o'ylaganim esa…Dunyoning o'zi hammaning vatani emasmikan?

Vatanning chegaralari Stalinning chizgani bilan belgilanar ekanmi?

"Yer yuzida jannat bo'lsa, u ham O'zbekistonda…", deb vatanparvarlikka chaqiradiganlarning aksariyatining chet ellarda uy-joy qilib qo'yishgani aqli raso odamni baribir bir oz taajubga soladi, albatta.

Albatta, o'zbegim boy bo'laversin, hashamatli uylar quraversin, chet ellardan ko'chadigan ham, ko'chmaydigan ham mulk sotib olaversin. Bunga hech e'tirozim yo'q.

Faqat daromadlarga "shu aziz vatanimiz" uchun soliq solinmoqdami?

Meni bezovta qilgani - gap boshqa, amal boshqa bo'lishi mutlaqo tabiiy bir shakl kasb etayotganidir...

Balki shuning uchun ham kattalarning chiqishlari oddiy odamlarga uncha ta'sir qilmas?..

Bir qulog'idan kirib, ikkinchisidan chiqib ketaveradi.

Gap ta'sirli bo'lish uchun amal ham...

Yana bir masala, "gap kelganda, otangni ham ayama" degan maqol bilan bog'liq.

"Dodamiz" doim "tilga e'tibor, elga e'tibor" der edilar.

Lekin hayratga soladigan joyi, o'z farzandlari o'zbekchani qoyillatib o'rganisholmadi...

Mayli, ularni tushunish mumkin, tili qotgandir, o'rganish qiyin kechgandir.

Lekin mana bu keyingi avlod - nabira ham negadir RenTV bilan intervyuda, o'zini ruscha va inglizcha fikr yuritishini va so'zlashini aytdi.

O'zbek tili haqida lom-lim demadi. Bu tilga va elga bepisandlik emasmi?

Har holda "dodaning" atrofida doim o'zbek tili va madaniyati ustalari girdi kapalak edi, shularga bir og'iz "nabirani tarbiyalang", deb imo-ishora qilganlarida, olam-guliston edi…

Mayli, o'zbekning boshqa bir maqoli ham bor, "domlani aytganini qil, qilganini qilma...".

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq