BBC Jahon xizmati yangi 11 til xizmatini ochadi

BBC World Service

BBC Jahon xizmatining 1940 yillardan keyingi eng katta kengayishi e'lon qilindi. Bu kengayish doirasida yangi 11 til xizmati tashkil etiladi.

Bu o'tgan yili hukumat e'lon qilgan qo'shimcha mablag' ajratish qarorining natijasidir.

Hozirda BBC Jahon xizmati tarkibida bo'lgan til xizmatlari safiga Afaan Oromo, Amxar, Gujarati, Igbo, Koreys, Marati, Pidjin, Panjob, Telugu, Tigrinya, va Yoruba tillaridagi tahririyatlar qo'shiladi. Bu degani BBC Jahon xizmati ingliz tilini ham qo'shib hisoblaganda 40 tilda faoliyat yuritadi. Kengayish butun dunyo bo'ylab yanada ko'proq jurnalistlarning BBCga qo'shilishini anglatadi.

Yangi til xizmatlari 2017 yildan faoliyatini boshlaydi.

Chorshanba kunidan Tay tilida to'laqonli raqamli xizmatni yo'lga qo'yadi, bu 2014 yilda faqat Facebookda boshlangan muvaffaqiyatli xizmat davomidir.

Kengayish rejasi quyidagilarni o'z ichiga oladi:

  • Yanada kengroq Rus tilidagi axborot byulletenlari, ular orasida Rossiyaga qo'shni mamlakatlarga yo'naltirilgan mintaqaviy yangiliklar o'rin oladi.
  • Afrika bo'ylab televizion ko'rsatuvlar sonining ko'paytirilishi, shu jumladan Sahroi Kabirdan janubdagi sherik telekanallar uchun 30 dan ortiq teleyangiliklar tayyorlash.
  • BBC Arab xizmatini butun Arab dunyosining mintaqaviy yangiliklarini qamragan dasturlar bilan kengaytirish.
  • Koreya yarim orolidagi auditoriyaga mo'ljallangan qisqa va o'rta to'lqindagi radio dasturlar, onlayn va sotsial mediada materiallar tarqatish.
  • Jahon Xizmatining Ingliz tili yangilik dasturlarini original jurnalistika va yanada kengroq mavzu bilan boyitish evaziga sarmoya yo'naltirish.
  • BBC Jahon Xizmatini ko'proq raqamli axborot tarqatish, xususan, yangi televizion yangilik byulletenlari tayyorlashga o'tkazish. Buning natijasida 40 xizmatning hammasi yanada ko'proq videolarni tarqatishga imkonli bo'ladi.
  • Ko'proq e'tiborni tahlillarga qaratish yoki boshqacha aytganda "sekin yangiliklar" bilan auditoriyaga dunyoda yuz berayotgan hodisalarni "nega" bunday bo'lganini tushuntirish.

BBC Bosh Direktori Toni Holl shunday deydi:

"Bu BBC uchun tarixiy kun. Biz Jahon Xizmatining 1940 yillardan keyingi eng yirik kengayishini e'lon qilmoqdamiz. BBC Jahon Xizmati tojdagi olmos - ham BBC uchun va ham Britaniya uchun.

Biz o'zimizning yuz yilligimizga yaqinlashar ekanmiz, men BBCni o'ziga ishongan, dunyoga ochiq, jahon bo'ylab yarim milliard insonga mustaqil, xolis jurnalistika, eng yuqori darajadagi ko'ngilochar dasturlar taqdim etayotgan tashkilot sifatida ko'rmoqdaman. Va bugun ushbu maqsad yo'lida biz eng muhim qadamni qo'ymoqdamiz".

BBC Jahon Xizmati direktori Francheska Ansuort shunday deydi:

"Urushlar, inqiloblar va global o'zgarishlar zamonida butun dunyo bo'ylab odamlar Jahon Xizmatiga mustaqil, ishonchli, xolis axborot manbasi sifatida murojaat qiladilar. Ko'pgina joylarda so'z erkinligi bosim ostida qolar ekan, biz mustaqil axborot manbasi sifatida XXI asrda ham dolzarb bo'lib qolmoqdamiz".

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring