O'zbek-Tojik rasmiylari yana uchrashishdi

29 oktyabrda Rog'un qurilishi rasman boshlandi Image copyright Courtesy
Image caption 29 oktyabrda Rog'un qurilishi rasman boshlandi

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov huzuriga Tojikistonning Energetika va suv zahiralari bo'yicha vaziri birinchi o'rinbosari Sulton Rahimzodani qabul qilgan.

Tashqi ishlar vazirligi websahifasida berilgan xabarda rasmiylar uchrashuvidan "Markaziy Osiyodagi suv va energetika zahiralaridan ratsional foydalanish masalalarida O'zbek-Tojik munosabatlari yuzasidan fikr almashinuv" ko'zda tutilgani aytiladi.

Muzokara yuzasidan boshqa tafsilotlar berilmaydi. Websahifaning xabar qilishicha, Abdulaziz Komilov Tojikiston Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Mahmadsharif Haqdod bilan ham alohida uchrashib, chegara masalalarini muhokama qilgan.

O'tgan oy Tojikiston dunyodagi eng yirik tosh-shag'al to'g'oni - Rog'un GES qurilishini boshlagan. Bu qurilish boshlanganidan beri ikki davlat mulozimlari o'rtasida kechayotgan ilk rasmiy uchrashuvdir.

Islom Karimov davrida O'zbekiston Rog'un loyihasiga qattiq qarshilik ko'rsatib kelgan. Mazkur ish yuzasidan qo'yilgan har qanday qadamga O'zbekiston tarafi juda tezlik bilan keskin munosabat bildirgan.

Ammo, bu gal O'zbekistonning davlat nazoratidagi matbuoti sukut saqladi.

Sho'ro davri loyihasi

Balandligi 335 metr bo'lgan ulkan Rog'un to'g'oni loyihasi aslida 1970 yillar dunyoga kelgandi.

Ammo Tojikistonning ushbu bahsli inshooti qurilishi rasman 2016 yil 29 oktyabrda, O'zbekiston rahbari vafotidan ikki oy o'tib-o'tmay boshlandi.

O'nlab yillar davomida ikki davlat o'rtasidagi kelishmovchiliklar markazida bo'lgan loyihani bugun Italiya shirkati amal oshirmoqda.

To'g'on qurilishiga asosan O'zbekiston hukumatining doimiy bosimi va uni moliyalash masalasi to'siq bo'lib kelgandi.

O'zbek tarafi uzoq yillar Rog'un GESi qurilishi butun mintaqaga xavf solishi, qishloq xo'jaligiga qattiq qaram bo'lgan Markaziy Osiyoda suv tanqisligi muammosini keltirib chiqarishidan xavotiridan bildirgan.

Tojikiston esa, loyiha amalga oshadigan bo'lsa, energetika mustaqilligi ta'minlanishiga umid qiladi. Shuningdek, Tojik hukumati O'zbekiston ko'rsatayotgan sabablar ortida siyosiy vajlar yotganiga ishonadi.

Rasmiy munosabat bildirilmadi

Yaqin o'tmishda ham O'zbekiston matbuoti Rog'un qurilishini "mulohazasiz" deya ta'riflab kelgan.

Ammo, bu gal matbuot loyihani shaxsan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ochib berganiga oid tafsilotlarni berdi, xolos.

Rog'un Gidroelektr stantsiyasi qurilishi boshlanishi ortidan o'zbek matbuoti biron bir salbiy nuqtai nazarni bildirmagani bugunga kelib so'zlar ohangi o'zgargani alomati sifatida baholanmoqda.

Biroq, an'anaviy matbuotning aksi o'laroq, Rog'un mavzusi o'zbek va tojik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan qizg'in muhokama qilingan. O'zbekistonliklar Tojikistonning "xatarnok" qarorini qorlashgan bo'lsa, qo'shni davlat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari buni "olg'a qo'yilgan qadam" sifatida olqishlashgan.

Ayni paytda o'zbek matbuoti uzoq yillik sovuq aloqalar ortidan O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi bordi-keldilar jonlanib qolganiga e'tibor qaratmoqda.

Qayd etish lozim, BMT Bosh assambleyasi so'nggi yig'inida O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri ilk bor Markaziy Osiyoning yuqori oqimda joylashgan mamlakatlari - Tojikiston va Qirg'izistonning energetika loyihalarini bevosita tanqid ostiga olmagan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq