"The Financial Times" dagi qanday maqola edi?

Maqola Image copyright Gov.uz
Image caption Jahon hukumat portalida berilgan xabar nusxasi

Hafta boshida "Jahon" axborot agentligi Britaniyaning xalqaro "The Financial Times" gazetasi O'zbekiston haqida maqola yozgan, deb xabar berdi.

O'zbekiston hukumati portalida o'zbek va rus tillarida chiqqan bu xabarni hafta davomida mamlakatning bir necha axborot saytlari, jumladan, "Xalq So'zi" ham qaytadan chop etishgan.

"Jahon" agentligining xabariga ko'ra, "Britaniyaning nufuzli "The Financial Times" nashri O'zbekiston mavzusiga maqola bag'ishlab, xususan, "elektron hukumat ishonchli demokratiyaning chuqurlashuvi va davlatning shaffofligini ta'minlashga xizmat qiladi", sarlavhali maqola chop etgan ekan.

O'zbekiston rasmiy agentligining xabariga ko'ra, britan nashrining muallifsiz maqolasida O'zbekistonda elektron hukumatini amalga oshirish dasturi qanday ketayotgani, uning maqsadlari hamda Bosh vazirning virtual qabulxonasi yaqinda ishga tushgani haqida ma'lumot beriladi.

Xuddi isbotlash uchundek, "Jahon" agentligi uzun xabari davomida har bir paragrafni britan gazetasiga iqtibosan boshlaydi.

Ya'ni, "Maqolada...so'z yuritaladi, "qayd etiladi" dan boshlab, "Maqolada ta'kidlanishicha" bilan davom ettirilib , nihoyat, rasmiy xabar oxiriga yetib, "Maqolaning xulosa qismida Britaniya nashri…ta'kidlaydi", degan so'zlar bilan yakunlaydi.

"Jahon" xabarida mana bu kabi satrlarni ham uchratishingiz mumkin: "Shu bilan bir qatorda, "The Financial Times" O'zbekiston Bosh vazirining Elektron qabulxonasi yaratilishi haqida ma'lumot beradi".

Image copyright FT
Image caption Bu - FT reklamasining o'zgartirilgan surati

Britan matbuoti bu kabi o'ta maqtovli maqolani chop etishi - noodatiy hol.

Ayniqsa, "The Financial Times" gazetasi o'z obro'sini o'quvchilari oldida tushirmaslik uchun ikki asrdan beri o'ta ehtiyotkorlik bilan faoliyat yuritib keladi.

FT ning ob'ektiv, voqeilikning haqqoniy tasvirini o'z ichiga olgan xabarlarini dunyo bo'ylab millionlab odamlar o'qiydi.

Britan matbuotining mohiyati bilan bevosita tanish bo'lgan BBC O'zbek xizmati kichik bir jurnalistik tekshiruv o'tkazib, "Jahon" yozgan va ko'plab boshqa nashrlar qaytadan chop etgan bu xabar u qadar ham haqiqatga yaqin emasligini aniqladi.

Mazkur mavzudagi maqola "The Financial Times"da paydo bo'lgan bo'lsa-da, biroq u faqat reklama sifatida chop etilgan.

Buyuk Britaniya nashrlari reklama mazmunidagi maqolalarni chop etishda gazetxonlarni chalkashtirmaslik maqsadida qat'iy qoidalarga bo'ysinishadi va bunday maqola tepasiga albatta "reklama" so'zini ilova qilishadi.

"The Financial Times" ning 9 noyabr kungi sonida aynan bu maqolaning reklama ekanligi yaqqol ko'zga tashlanadi.

Maqola tagida muallif sifatida O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o'rinbosari Kim Nam Sokninng ismi va surati ham keltirilgan.

Reklamaning bosh paragrafida "tashabbus O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mrziyoev tomonidan muvofiqlashtirlmoqda", deyilgan.

Image copyright FT
Image caption Britan nashridagi reklama asli

"Jahon" agentligining versiyasi bilan solishtirganda, Kim Nam Sokning na surati bor va na ismi ko'rinadi.

Ehtimol, bu Janubiy koreyalik mulozim o'z vaqtida aynan shunday maqola yozgan bo'lishi mumkindir?..

Lekin internetdagi qidiruv bu savolga aniq javob bergani yo'q.

"Jahon" agentligi saytida chop etilgan xabarga javoban "The Financial Times" tahririyati bayonot chiqardi.

Bayonotga ko'ra, "Londondagi O'zbekiston rasmiylari "The Financial Times" da reklama-maqolani joylashtirish uchun pul to'lashgan.

"Bu maqola shu oy boshida gazetamizda chop etildi. FT gazetxonlarni reklamani ko'rayotganlariga ishontirish uchun bunga o'xshash reklama-maqolalarni aniq belgilab qo'yadi. Ko'rinishicha, reklamaning elektron imijiga qo'l urilgan bo'lib, O'zbekiston rasmiy axborot agentligi xuddi mazkur maqola FT ning tahririyati nomidan chiqqan, deya noto'g'ri namoyon etgan. Tahririyatimiz mazkur axborot agentligidan xatoni to'g'rilab qo'yishni so'raydi".

Qisqacha ma'lumot: ("The Financial Times" - Britan nashrlari orasida eng obro'lilaridan biri sanaladi. U 1888 yili Londonda ta'sis etilib, asosan iqtisod va biznes mavzularida maqolalar chop etib boradi. Gazetani har kuni dunyo bo'ylab 2,2 million odam o'qiydi).

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring