Nazarboev qizlarini prezident qilmoqchi emas

Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboev Image copyright Reuters

Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboevning so'zlariga ko'ra, hokimiyatni farzandlariga topshirish niyatida emas.

Bu haqda Prezident Nazarboev Bloomberg News agentligi muxbirlari bilan bo'lgan intervyuda aytgan.

"Men bolalarimning vorisligini ko'zlamayapman - o'ylaymanki, bu masala biz uchun emas. Hokimiyatni topshirish bizning konstitutsiyamizda yozib qo'yilgan", deb aytgan Prezident Nazarboev.

Muxbirlarning 2020 yildagi Qozog'istondagi prezidentlik saylovida qatnashish-qatnashmasligi haqidagi savoliga janob Nazarboev, bu o'zining salomatligi va jamoat qo'llab-quvvatloviga bog'liq ekanini aytgan.

"Men 2020 yilgacha ishlayman. Siz bilan 2020 yili uchrashamiz", deb aytgan Qozog'iston Prezidenti.

24 noyabr kuni Prezident Nazarboev poytaxt Ostonaning nomini o'zgartirish g'oyasiga qarshi chiqqan.

Bundan oldin Qozog'iston mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan mamlakat poytaxtining nomini Nursulton yoki Nazarboev deb atash haqidagi takliflar ilgari surilgan edi.

Prezident Nazarboev aholi maskanlarining nomini o'zgartirish qarori "taroziga solib" ko'rib chiqilishini aytgan.

27 yillik boshqaruv

76 yoshli Nursulton Nazarboev sobiq Sho'ro mamlakatlari orasida eng uzoq prezidentlik lavozimini egallab kelayotgan siyosatchidir.

U 1989 yili Qozog'iston Kommunistik partiyasining birinchi kotibi sifatida tayinlangan.

1990 yili Qozog'istonda prezidentlik lavozimi joriy etilgan, Nursulton Nazarboev o'sha yili aprelida o'zining prezidentligini boshlagan.

1991 yili 1 dekabrida Qozog'istonda prezidentlik saylovi o'tkazilgan.

Bu saylovda Nursulton Nazarboevning 98,7 foiz ovoz to'plab g'alaba qozongani e'lon qilingan.

1995 yili Qozog'istonda o'tkazilgan referendum natijasiga ko'ra, Prezident Nazarboevning vakolatlari 2000 yilgacha uzaytirilgan.

1999 yili 10 yanvarida prezidentlik saylovini o'tkazishga qaror qilingan, bu saylovda Nazarboevning 79,78 foiz ovoz yiqqani xabar qilingan.

2005 yildagi saylovda ham g'alaba qozongani e'lon etildi.

2011 yili 3 aprelda muddatidan oldin prezident saylovi o'tkazildi, Nursulton Nazarboev to'rtinchi marta prezident etib saylandi.

2015 yil 26 aprelida Qozog'istonda yana muddatidan oldin prezidentlik saylovini o'tkazishga qaror qilindi.

Bu saylovda yana janob Nazarboev g'olib chiqdi.

Image copyright Getty Images

Siyosiy voris sifatida ko'rilayotgan Nazarboeva xonim

Janob Nazarboevning uch qizi bor.

Ular Darig'a Nazarboeva, Dinara Kulibaeva va Aliya Nazarboeva.

To'ng'ich qizi Darig'a Nazarboevani otasining vorisi sifatida tilga olishgan.

Oxirgi bir yilda Nazarboeva xonim bosh vazir Karim Masimovning hukumatida vitse-prezident lavozimini egallab keldi.

Shu yil sentyabrida Darig'a Nazarboeva senator etib tayinlandi.

8 sentyabrda janob Nazarboev Masimovni bosh vazirlikdan olib, Qozog'iston Milliy Xavfsizlik qo'mitasi raisi qilib tayinladi.

Qozog'istonda Bakitjon Sagintaev boshchiligida yangi hukumat tuzilgan. Hukumatdagi 11 vazir o'z vazifalarida qolganlar.

Qozog'istonlik jurnalist Sergey Duvanov Nazarbaeva xonimning o'z otasi o'rnini meros qilib olish tomon shahdam qadamlar bilan ketayotganini urg'ulagan.

Agar Prezident Nazarboev to'ng'ich qizining davlat tepasiga kelishini istasa, bunga hech kim qarshi bo'la olmaydi.

"Faqat otasi olamdan o'tib ketsa, Darig'aning ushbu lavozimni ushlab qola olishi katta savol ostida bo'ladi", - deb aytgan Sergey Duvanov.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq