BMT Myanmarni musulmonlarni "etnik tozalashda" aybladi

Bangladeshga o'tgan rohinga qochqinlari Image copyright Reuters

Myanmar rohinga musulmonlarini etnik tozalashga harakat qilmoqda, deb aytgan BMTning yuqori lavozimli mulozimi BBC bilan suhbatda.

BMT Qochqinlar agentligidan Jon Makkissikning aytishicha, Myanmar (Birma) harbiy kuchlari rohinga musulmonlarini qatl qilmoqda, ularni qo'shni Bangladeshga ko'chishga majbur qilmoqda.

Myanmar hukumati o'tgan oy oxirlarida chegarachilarga qarshi hujumlar tufayli maxsus amaliyot o'tkazmoqda.

Harbiylar musulmonlarni o'ldirayotgani haqida ayblovlarni rad etadi.

Birma mulozimlariga ko'ra, rohinga musulmonlari shimoliy Raxin shtatida go'yo o'z uylarini o'zlari yoqishmoqda.

BBC ayni da'volarni tekshirish uchun mintaqaga safar qilish imkoniyatiga ega emas.

Mintaqaga safar qilish uchun yordam tashkilotlari xodimlari va jurnalistlarga ruxsat berilmayapti.

Rohinga musulmonlarining soni bir millionga yaqin deb ishoniladi.

Birmaning aksar buddaviy fuqarolari esa ularni Bangladeshdan kelgan noqonuniy muhojirlar deb bilishadi.

"Kollektiv jazolash"

Image copyright Reuters

Qo'shni Bangladeshning rasmiy siyosatiga binoan mamlakatga noqonuniy muhojirlar kiritilmaydi, ammo Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, minglab rohinga musulmonlari Bangladesh hududidan boshpana topishgan.

Xabarlarga ko'ra, yana minglab rohinga musulmonlari chegara mintaqasiga qochib kelishgan.

BMT mulozimi Makkissikga ko'ra, muammoni yechish uchun uning "ildiziga" e'tibor berish kerak.

Myanmarning chegara qo'shinlari politsiyasi rohinga musulmonlariga qarshi "kollektiv jazolash" usulini qo'llashmoqda.

9 oktyabr kuni Myanmar mulozimlariga ko'ra, rohinga musulmonlaridan tarkib topgan jangari guruh to'qqiz nafar chegarachini o'ldirishgan.

Makkissikning aytishicha, xavfsizlik kuchlari "erkaklarni o'ldirishmoqda, bolalarni so'yishmoqda, ayollarni zo'rlashmoqda va musulmonlarning uy-joylarini talab, o't qo'yishmoqda. Shu yo'l bilan ularni daryo oshib Bangladeshga qochishga majbur qilmoqdalar", deb aytgan Makkissik.

"Bangladesh hukumati uchun chegarani ochish haqida e'lon qilish qiyin masala. Chunki bundan keyin Birma yana qonli zo'ravonliklarni kuchaytiradi. Shu usul bilan ular o'z maqsadlariga - Myanmardagi musulmonlarni etnik tozalashga erishishmoqchi", deb aytgan BMT mulozimi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq