Ramzan Qodirov: Nemtsov Rossiyaning dushmani edi

Ramzan Qodirov: Nemtsov Rossiyaning dushmani edi Image copyright AFP
Image caption Ramzan Qodirov: Nemtsov Rossiyaning dushmani edi

Checheniston rahbari yana bir bor muxoliflarga qarshi chiqish qilgan.

Uning aytishicha, Rossiyadagi rasmiy bo'lmagan muxolifatchilar "safsataboz" va "uyatsiz" odamlardir.

Ramzan Qodirovning ishonishicha, muxolifat davlatning manfaatlarini "to'rt tangaga sotishni davom ettirishdan boshqa narsaga qiziqmaydilar.

U shuningdek, mabodo Pussy Riot masjidda "chiqish" qiladigan bo'lsa, u qanday amalga qo'l urishini aytgan.

TASS bilan suhbatida Qodirov vaqti kelib, xalq "tizimdan tashqaridagi muxolifatchilarni daydi itlarni haydaganday mintaqadan quvib soladi", deb aytgan.

"Hatto ularning o'z qarindoshlari ulardan voz kechadi... Ism-shariflarini sharmanda qilmasliklari uchun..."

Checheniston rahbari qaysi siyosatchilar haqida gapirayotganini oshkor qilmagan.

"Aniq nomlarini aytishni istamayman. Agar nomlarini ochiq aytsam, keyin mashq qilolmayman, chunki ko'nglim behuzur bo'ladi", deb qo'shimcha qilgan Qodirov.

Qodirovning yozg'irishlari

Qodirov muxolifatga qarshi birinchi marta yozg'irayotgani yo'q.

Fevral oyida Instagram dagi sahifasiga "Parnas" rahbari Mixail Kasyanov merganlar miltig'idagi nishon ortida bo'lgan videoni joyladi.

"Kasyanov Strasburgga Rossiya muxolifati uchun pul olgani keldi. Tushunmaganlar tushunib oladi", deb yozdi u.

Kasyanovning maslakdoshlaridan Ilya Yashinga ko'ra, bu to'g'ridan to'g'ri o'ldirish bilan tahdiddir.

"Ularni parchalab tashlashgan bo'lishardi"

"Mening uchun bu pussilar(Pussy Riot) Rossiya dushmanlaridir. Ular cherkovga kirishibdi, sharmanda qo'shiqlar aytib, raqs tushishibdi. Agar ular masjidga kirishganida, ikki jinoyat ro'y berardi. Ularni turgan joylarida parchalab tashlashardi".

O'tgan yil fevral oyida o'ldirib ketilgan Boris Nemtsov haqida gapira turib, Qodirov "u hech qachon mening shaxsiy do'stim yoki dushmanim bo'lmagan", deb aytgan.

Lekin Qodirovga ko'ra, Nemtsov o'zini o'zi "Rossiyaning dushmani"ga aylantirgan.

"Uning do'stlari endi Nemtsovdan foyda yo'qligini bilishgan, keyin esa bir o'q bilan ikki quyonni yo'q qilishga qaror berishgan", deb aytgan Checheniston rahbari.

Qodirov avvalda ham Nemtsov ishi bo'yicha tergovda ko'rsatma berishga tayyorligini aytgandi.

Boris Nemtsovning oilasi advokatlari Tergov qo'mitasiga bir necha marta Qodirovni so'roq qilish borasida ariza yo'llashgandi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring