O'zbekiston Qambarota GESini qurishda ko'maklashadimi?

Qambarota GESi Image copyright kloop.kg
Image caption Qambarota GESi

Qirg'iziston prezidenti Almazbek Atambaev Qambarota Gidroelektr stantsiyasini qurish bo'yicha O'zbekistonga taklif bilan chiqishini ma'lum qildi.

Atambaevga ko'ra, O'zbekiston Qirg'iziston bilan birga ushbu inshoatni qurishda ta'sischilardan biri bo'lishi kerak.

"GES O'zbekistonni suv bilan ta'minlash uchun loyihalashtirilgandi. Avvaliga Islom Karimov men bilan bu masalada hamfikr edi. Keyin O'zbekistonning bu borada fikri o'zgardi, biroq o'sha payt loyiha ta'sischisi Rossiya edi", - degan Atambaev jurnalistlar uchun o'tkazilgan matbuot anjumanida.

Qirg'iziston prezidentining ta'kidlashicha, ushbu loyihani birgalikda amalga oshirish mumkin. Shunda suv O'zbekiston va Qozog'istonga ham yetishi mumkin.

"Agar uch davlat birlashsak, kredit olish va o'zlashtirish ham oson bo'ladi. Umid qilamanki O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev bo'ladi. O'shanda hech qanday yechilmas muammolar va kelishmovchiliklar bo'lmaydi. Biz u bilan do'stona aloqalardamiz", - deb aytgan Almazbek Atambaev.

Urushga sabab bo'lishi mumkin bo'lgan GES

Islom Karimov tirikligi vaqtida O'zbekiston rahbariyati Sirdaryo va Amudaryo yuqorisida har qanday GES qurilishga qat'iyan qarshi bo'lib kelgandi.

O'zbekiston tog'li hududlarda suv yo'lining bo'g'ilishi daryoning yuqori oqimida joylashgan davlatlarning pastki qismdagi davlatlarga nisbatan ta'sir doirasi oshib ketishidan xavotir bildirib kelgan.

O'zbekiston, Qozog'iston va Turkmaniston Orol dengizining qurib qolishi va bu mamlakatlardagi dehqonchilik uchun yozda suv yetishmovchiligi kelib chiqishini sabab qilib, Tojikiston va Qirg'izistonda yirik GES qurilishiga qarshi chiqib kelgan va bu masalaga xalqaro hamjamiyat e'tiborini qaratishni so'rab kelgan.

O'zbekiston ma'muriyati xavotiriga sabab bo'lgan yana bir xususiyat ushbu mintaqaning seysmik faolligi va qattiq zilzilalarning takrorlanib turishidir.

Ushbu masalaga tish-tirnog'i bilan qarshi bo'lgan Islom Karimov, hatto suv masalasi Markaziy Osiyoda o'zaro urushga sabab bo'lishi mumkinligini aytib chiqqan edi.

O'zbekiston tomonining Qambarota GESi qurilishida qarshi ishlatgan argumentlaridan biri uning o'tgan asrning 80chi yillarida ishlab chiqilgan loyiha ekanligi va bugungi kun talabiga javob bermasligi edi.

Qirg'iziston esa Qambarota GESi qurilishi uchun avvaliga Rossiya bilan kelishuvga erishdi, ammo keyinchalik Rossiya G'arb tomonidan sanktsiyalar ichida qolib ketgach, loyiha bekor qilindi.

Ekspertlar Qambarota GESining qurilishi amalga oshmaydigan loyiha ekanligini aytishadi.

Ularga ko'ra, Qambarota GESi 1970 chi yillarda Sirdaryoga quyiluvchi Norin daryosida qurilgan To'qtagul GESi bilan bir hil maqsadni ko'zlagan.

Ya'ni qishda ushbu suv omborlarida suv yig'iladi va yozda daryoning quyi oqimida joylashgan davlatlarning dehqonchiligi uchun ushbu suv qo'yib yuboriladi.

Biroq bunday boshqaruv Markaziy Osiyo dalatlari bitta davlat - Sovet Ittifoqi tarkibida bo'lgan kezlar yaxshi ishlagan va taqsimlangan.

Ammo hozirgi vaziyatda, ayrim tahlilchilarga ko'ra, Qirg'iziston bunday imkoniyatni suiste'mol qilishi mumkin.

Markaziy Osiyo bo'yicha mutaxassis, tahlilchi Aleksandr Knyazevga ko'ra Qirg'iziston bunday imkoniyatni suiste'mol qilishni amalda isbotlab bo'lgan.

"Ammo hozir O'zbekiston va Qozog'iston Qirg'izistonga ishonmaydi, shu bois GES ko'p masalalarni keltirib chiqarmoqda. 1998, 2000 va 2005 yillarda kelishmagan holda To'qtagul GESidan suv chiqarib yuborilishi salbiy oqibatlarga olib keldi, bu Bishkekka bo'lgan ishonchni yanada zaiflashtiradi", - degan Aleksandr Knyazev

Mutaxassisning ta'kidlashicha, Qirg'iziston bu kabi yirik loyihani sifatli yakunlash salohiyatiga ega emas.

Bu seysmologik faol nuqtada joylashgan Markaziy Osiyo aholisini katta xavf ostiga qo'yadi.

Biroq huddi Qirg'iziston kabi sharoitda bo'lgan Tojikiston Sirdayorga kelib quyiluvchi Vaxsh daryosi yuqorisida dunyoda eng baland deb ko'rilayotgan Rog'un Gidroelektr stantsiyasi qurilishini boshlab yubordi.

Bu vaqtgacha ushbu loyihaga qarshi bo'lgan O'zbekiston hukumati Rog'un qurilishiga hech qanday munosabat bildirgani yo'q.

Ba'zi taxminlarga ko'ra, Tojikiston hukumati Karimov o'limidan keyin O'zbekistonning joriy rahbariyati bilan ayni masalada til topishishga muvaffaq bo'lgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring