100 ayol: Eriga itoatkor ayolning hikoyasi

"Itoatkor ayol" Keti Marrey eri bilan Image copyright Kathy Murray
Image caption "Itoatkor ayol" Keti Marrey eri bilan

Kaliforniyalik Keti Marreyga ko'ra, u eri bilan turmushini unga itoat qilish yo'li orqali saqlab qolgan.

Keti o'zini feminist deb sanaydi, ammo hozirda boshqa ayollarni ham itoatkor bo'lishga da'vat qiladi. Bu esa "Itoatkor ayol" nomli kitobning o'ziga xos yo'li... Ayni kitobda ayollar o'z erlarini tinch qo'yishlari va ko'proq hurmat qilishlari shartligi urg'ulangan.

Keti Marrey: Men birinchi turmush o'rtog'im bilan ajrashganimda 26 yoshda edim.

Ikkinchi bor 32 yoshda turmushga chiqdim. Ammo oradan ko'p o'tmay, erimning yonida emas, qo'shni xonada yotadigan bo'ldim. Deyarli har kuni janjallashardik.

Aksariyat janjallarimizga sabab mening erim haqida fikrlarim bilan bog'liq edi.

Masalan, erim bolalar tarbiyasi haqida hech narsa bilmaydi degan fikrda edim.

Yoki ro'zg'or va pul masalalarida erimning uquvi yo'q deb ishonardim.

Men o'shanda xususiy maktablarning birida moliyaviy masalalarda mas'ul ishda ishlardim. Ko'ngilli ravishda bolalarimning maktabida ham mehnat qilar, jamoatchilik ishlarida ham faol edim. Erim esa qurilish shirkatida ishlardi.

Ammo toparmon tutarmon deganlari oilada men edim va hamma narsaga o'zim xo'jayin kabi ish tutardim.

Shunda ham hech kimga o'z erim bilan doim jiqqamusht ekanimni aytmas edim.

O'zim esa doim...uyatda va jahl ustida edim.

"Itoatkor ayol"ning oltita qoidasi

O'z erlari ustidan ortiqcha va nokerak nazoratni to'xtatish

Erkakning fikrini hurmat qilish

Erning sovg'alarini minnatdor bo'lib qabul qilish va izhor etish

O'z istagini nazorat qilish niyatisiz izhor etish

Ro'zg'or kirim-chiqimini eriga ishonish

Ayol o'ziga va o'zining hayotdan qoniqishiga e'tibor qaratadi

Manba: Laura Doyl, "Itoatkor ayol" kitobi muallifi

________________________________________

Men o'z ehtiyojlarim bilan erimning g'ashiga tegadigan darajada injiqlik qilar ekanman, u televizionga "mixlanib" olar va yoki uy hayvonlariga mehribon bo'lib qolardi.

Hatto jismoniy yaqinlik yo'q edi... Ammo...Ishqilib, bu juda og'ir edi.

Men bilan umuman ishi yo'q edi.

Men unga er qanday bo'lishi haqida qancha ko'p gapirsam, u shuncha shavq ko'rsatmasdi.

Keyin uni er-xotinlarga maslahat beruvchi mutaxassisga borishga ko'ndirdim.

Bolalar ham bizning janjallarimizdan ozurda bo'laverganidan... ularni ham mutaxassisga jo'natdik. Ammo bu ham ish bermadi.

O'zim mutaxassisga qatnay boshladim.

Bir yilcha erimning ustidan arz qilib yurdim. Minglab dollar sarfladim, ammo ish yana ajralishga qadar yetib borayotgandi...

Men kechalari yig'lardim, u bilan janjallashardim, baqirardim... Erim menga qiyo boqmas edi.

Men ozdim, mashq qila boshladim va boshqa erkaklarning e'tiborini jalb qila boshladim.

Lekin bilasizmi, bunaqa qilolmasdim, undan ko'ra men qurbon, jabrdiyda rolini o'ynayman, shunda erim menga iliydi deb o'yladim.

Ilimadi.

Turmushimdan ajralishimga bir bahya qolganida esa qo'limga Laura Doylning "Itoatkor ayol" degan kitobi tushib qoldi.

Rostdan ham maktablarimizda qanday qilib turmush qurish, ro'zg'or yuritish kabi hayotiy muhim o'gitlarni berishmaydi.

O'z oilamizdagi boshqa ayollar esa hech qachon bu masalada maslahat berishmagan.

Men o'z turmushim nurab borayotganiga aslida... o'zim sababchi ekanimni anglab yetganimdan so'ng, ishonsangiz, shunaqa ham xijolat bo'ldimki, asti qo'yaverasiz. Lekin shu kitob menga kuch-quvvat ham berdi.

Men o'z erimga hurmatsizlik qilayotganim va yo faqat tanqid qilganimdan mutlaqo xabarsiz edim.

Men qaytaga unga yordam berayapman, mantiqan ish ko'rayapman deb o'zimni ovutgan ekanman.

Men erkaklar uchun hurmat birinchi o'rinda turishini angladim, ya'ni, bu ularga havoday zarur ekanini tushunib yetdim.

Erimning menga jismoniy mayl ko'rsatmayotganiga ham sababni topdim.

Men erimdan ilk bor o'zimning qo'polligim uchun bolalarim oldida uzr so'ragan kunimni esdan chiqarmasam kerak.

Yoki ilk bor unga "bilganingizday qila qoling" deganimni...

Men endi har bir qadamim uchun erimdan ruxsat so'ray boshladim.

Erimning hayotiga aralashmay qo'ydim, uning tanlovini tanqid qilmas, qaytaga o'zim ustimda ishlay boshladim.

Men ortiq erimga uning onasi kabi munosabat qilmasdim.

Qaytaga uning sevgilisi o'laroq munosabat qilishni boshladim...

Oqibatda esa biz kamroq urushadigan bo'ldik.

Ayrim payt qo'limni ushlab olar va yo o'pib qo'yardi.

Men o'z baxtim uchun o'zim mas'ul ekanimdan mutlaqo bexabar bo'lgan ekanman!

Qaytaga erim meni baxtli qilishi kerak deb o'ylar ekanman.

Farzandlarimiz ham bizning munosabatlar o'zgarib borayotganini sezishardi.

Uyimizga yana nur kirdi. Tinch, osuda va quvnoq bir hayot kirib keldi...

Ko'pincha ayollar mendan bunaqa munosabat bilan siz qaytaga eringizga qul bo'lib qolmadingizmi, deb so'rashadi.

Men feministman! Itoatkor bo'lish va yo taslim bo'lish bir haqiqatni anglashdir - haqiqatki, siz faqat o'zingizni o'zgartirishingiz va yo nazorat qilishishingiz mumkin, xolos. Boshqalarni emas. Ayni shu haqiqat hayotbaxsh va insonga kuch bag'ishlaydi!

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring