Turkmanistonda Ozodlik muxbiri taqdiridan xavotirlar

Xudoyberdi Allashov Image copyright Azathabar
Image caption Xudoyberdi Allashov

Ozodlik radiosi o'zining Turkmanistondagi muxbiri Xudoyberdi Allashov taqdiridan xavotirlarini izhor qilmoqda.

O'zbekistonda tug'ilgan, ammo Turkmanistonda yashab kelgan Allashov Toshhovuz viloyati, Ko'hna Urganch tumanida hibsga olingan.

Xabarlarga ko'ra, uni nosvoy saqlagani bahonasida qo'lga olishgan.

Jurnalistning yaqinlari uni elektr toki bilan qiynoqqa solinganini da'vo qilishmoqda.

Ozodlik radiosiga ko'ra, 3 dekabrda politsiya 27 yoshli Xudoyberdi Allashovning uyiga bostirib kirgan, unga qo'shib onasi va turmush o'rtog'ini ham olib ketgan. Keyinroq uning turmush o'rtog'i ozod etilgan, ammo onasi bilan Xudoyberdi hamon ushlab turilmoqda.

Asli o'zbekistonlik bo'lgan Allashov o'tgan asrning to'qsoninchi yillarida oilasi bilan Turkmanistonga ko'chib kelgan.

Uning Ozodlik bilan hamkorlik qilayotganiga ikki oycha bo'lgan.

Jurnalist Mekan Tashliev taxallusi ostida Ozodlikning Turkman xizmati uchun "Toshhovuz viloyatidagi ijtimoiy va iqtisodiy muammolar, majburiy mehnat, ish haqlarining kechiktirilayotgani, oziq-ovqat taqchilligi haqidagi reportajlarni yuborgan".

Ozod Evropa/Ozodlik radiosi prezidenti Tomas Kent Allashovning hibsga olinishi keskin qoralab bayonot bergan.

"Mazkur ayblovlar Turkman xizmatini jim bo'lishga majbur qilish va turkman xalqini qo'rqitishga qaratilgan kampaniyaning bir qismi, deb hisoblaymiz. Keyingi 1,5 yil davomida Turkmanistondagi muxbirlarimizni hibsga olishdi, tashqi dunyodan izolyatsiya qilishdi, kaltaklashdi, so'roqqa tutishdi, hech bir asossiz, o'zboshimchalik bilan qamoqqa tashlashdi va hatto, bizdagi ma'lumotlarga ko'ra, qiynoqqa solishdi, deyishga asosimiz bor. Buning uchun Turkmaniston rasmiylari mas'ul deb hisoblaymiz", deb aytgan Ozod Evropa/Ozodlik Radiosi prezidenti Tomas Kent.

Turkmaniston hukumati mustaqil va yo tanqidiy fikrdagi jurnalistlarga mutlaqo toqat qilmasligi bilan mashhur.

O'tgan bir necha yillar ichida Turkmanistonda Ozodlik radiosining bir necha jurnalistlari kaltaklangan va qamoqqa tashlangan edi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring