Evropa parlamenti o'zbek tekstil bitimini ma'qulladi

Evroparlament Image copyright European parliament
Image caption Evroparlamentga ko'ra, O'zbekiston bolalar mehnatiga "deyarli to'la barham bergan"

Evropa parlamenti deputatlari O'zbekiston bilan to'qimachilik mahsulotlari savdosiga doir bitimni ma'qullab ovoz berganlar.

Chorshanba kungi ovoz berishda O'zbekistonning "bolalar mehnatiga chek qo'yish yo'lida qo'ygan qadamlari" e'tiborga olingan.

Ayni paytda Evroparlament deputatlari o'zbek hukumatini majburiy mehnatning barcha ko'rinishlari, jumladan, talabalar va byudjet xodimlarining paxta yig'im-terimiga jalb etilishiga chek qo'yishga chaqirishgan.

Rezolyutsiya O'zbekiston va Evropa Ittifoqi o'rtasida 1999 yilda imzolangan Sheriklik va Hamkorlik Bitimiga to'qimachilik sanoati mahsulotlarini ham kiritishni nazarda tutadi.

Rezolyutsiya loyihasini ma'qullab 564 deputat ovoz bergan, 100 kishi qarshi va 41 deputat ovoz berishdan tiyilgan.

Evropa parlamenti deputatlari O'zbekiston hukumati oxirgi uch yilda Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan birgalikda bolalar mehnatiga "deyarli to'la barham berganligi"ni olqishlovchi qonun kuchiga ega bo'lmagan alohida rezolyutsiyani ham qabul qilganlar.

Evropa parlamenti O'zbekistondagi vaziyatni yaqindan kuzatishda davom etishi va agar o'zbek hukumati o'z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmay qo'ysa, EI Kommissiyasi va Kengashidan rasmiy Toshkent bilan bitimni to'xtatishni so'rashi haqida ogohlantirgan.

Evropa Parlamenti aynan O'zbekiston paxta sanoatidagi bolalar va majburiy mehnatga oid da'volar sabab, 2011 yilda bu kelishuvning taqdirini savol ostida qoldirgan.

Image caption Faollarga ko'ra, bu yil ham O'zbekistonda yuz minglab odam paxtaga majburan safarbar qilingan

Chorshanba kungi ovoz berish natijalari Evropa Parlamenti ayni qarorining bekor bo'lganini anglatadi.

Bolalar mehnati va zamonaviy qullikka qarshi kurashuvchi xalqaro tashkilotlar Evropa Ittifoqini O'zbekiston bilan bitimni ma'qullamaslikka chaqirib kelishgan.

Inson huquqlari bo'yicha HRW tashkiloti o'tgan oy Evropa Parlamentidan mazkur bitimni rad etishni so'ragan.

Inson haqlari tashkilotiga ko'ra, buning asosiy sababi O'zbekiston majburiy mehnat saqlanib qolayotgani bilan bog'liqdir.

"To'qimachilikka doir ikki tomon o'rtasida protokol qabul qilinishi - Evropa Ittifoqining tashqi siyosati asoslariga ziddir. Bu O'zbekiston hukumati tomonidan mamlakat bo'ylab xalqni majburiy mehnatga duchor qilib kelayotganiga ko'z yumish bo'ladi", deyilgan tashkilotning murojaatida.

Anti-Slavery International, Markaziy Osiyoda Inson huquqlari assotsiatsiyasi, Cotton Campaign, Human Rights Watch, Inson huquqlariga doir O'zbek-Olmon forumi to'plagan ma'lumotlarga ko'ra, 2016 yilda O'zbekiston yuz minglab aholini paxta terimiga majburan safarbar qilgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring