AQSh: Hakerlik hujumlarni Putinning o'zi boshqargan

АҚШ: Ҳакер ҳужумларини Путиннинг ўзи бошқарган Image copyright Reuters
Image caption AQSh: Haker hujumlarini Putinning o'zi boshqargan

AQSh prezidenti ma'muriyati bayonotiga ko'ra, prezident Putin Amerika saylov jarayoniga hakerlik amaliyoti orqali bevosita aralashgan bo'lishi mumkin.

Prezident Obamaning maslahatchisi Ben Roudsning aytishicha, Putin Rossiya hukumati amalga oshiradigan barcha amaliyotlarni qattiq nazorat qilishi hisobga olinsa, shunday xulosaga kelish tabiiydir.

AQSh ommaviy-axborot vositalaridagi xabarlardan xulosa qilinsa, hakerlar qo'lga kiritgan ma'lumotlarni ommaga oshkor qilishga Rossiya prezidenti Putinning shaxsan o'zi buyruq bergan. Ammo bu da'voga aniq dalillar keltirilmaydi.

"Bizga ravshan bo'lgani Rossiya qanday harakat qilishidir. Putin o'z hukumatini qanday nazorat qilishi ham ma'lum".

"Alal-oqibat Vladimir Putin Rossiya hukumati uchun mas'ul rasmiy shaxs sanaladi", deb aytgan prezident Obamaning maslahatchisi.

Oq uy matbuot voizi Josh Ernestga ko'ra, Putinning hakerlik hujumlariga aralashgani ochiq-oydin faktdir.

"AQSh javob amallariga haqli"

Amerika prezidenti Obama esa saylov jarayoniga aralashishga harakat qilgan Rossiya hakerlariga nisbatan javob berilishini aytgan.

"Xorijiy davlat bizning saylovlarimiz adolatli o'tishiga ta'sir qilmoqchi bo'lsa, shubha yo'qki, bunga qarshi chora ko'rishimiz kerak".

Uning aytishicha, Amerika vaqti kelganda bunday javobiy choralarga qo'l uradi.

Rossiya rasmiylari esa bir necha bor hakerlik hujumlariga aloqalari yo'qligi haqida bayonot berishgandi.

NBC televizion kanali AQShda shaxsan Putin hakerlar qo'lga kiritgan ma'lumotlarni oshkor qilishga buyruq berganini isbotlovchi dalillar borligini da'vo qilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa bu ayblovlarni rad qilar ekan, "bu da'volarga kimnidir ishontirishga harakat qilish ahmoqlik", deb aytgan.

AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp ham rossiyalik hakerlar Demokratik partiya a'zolarining elektron pochtalarini buzib kirgani, bundan maqsad esa Hillari Klintonning raqibiga yordam berish bo'lgani haqida da'volarga ishonmasligini aytgan.

U ayni masalada Markaziy Josuslik xizmati tomonidan tayyorlangan, go'yo rossiyalik hakerlar Trampga saylovda g'alaba qozonish uchun harakat qilganiga doir hisobotini rad etgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring