Londonda o‘ldirilgan o‘zbek ayol shaxsi aniqlandi

Image copyright Evening Standard
Image caption Ayol dushanba kuni Temzmidning Vobern Klouz ko'chasidagi uyda olamdan o'tgan

London sharqidagi Temzmid tumanida o'lik topilgan ayolni tergovchilar o'zbekistonlik 29 yoshli Umida Eshboboeva ekanini bildirishdi.

Bu haqida Londonda nashr etiluvchi Evening Standard gazetasi xabar tarqatdi.

Ayol dushanba kuni Temzmidning Vobern Klouz ko'chasidagi uyda olamdan o'tgan.

Uy yashovchilari xavfsizligi borasida xavotirlar paydo bo'lishi ortidan politsiya dushanba kuni soat 19:45da unga reyd uyushtirgan.

Ichkarida jarohat olgan ikki kishi topilgan.

Umida Eshboboeva ayni joyda soat 21:30 atrofida o'lik deya qayd etilgan.

Politsiyaning bildirishicha, uy ichida bo'lgan 35 yoshli erkak kishi qotillikda gumon qilinib hibsga olingan.

Gumondor jarohatlari tufayli avvaliga Londondagi kasalxonaga olib borilgan, so'ngra politsiya idorasiga olib ketilgan. U hozir hibsda qolayotgani aytiladi.

Skotland Yardning bildirishicha, Umida Eshboboevaning shaxsi rasman aniqlanmagan, ammo tergovchilar uning kimligini bilishlarini ishonch bilan aytganlar.

Tergovchilar qotillik maishiy janjal tufayli yuz bergan bo'lishiga ishonadilar.

Ayni damda mazkur hodisa borasida har qanday ma'lumotga ega bo'lgan shaxslar politsiyaga murojaat qilishi so'raldi.

Marhum ayolning qarindoshlari xabardor etilgan va jasad tibbiy ekspertizaga topshirilgan.

Eshboboevani Britaniyada taniganini aytgan ayol Feysbukdagi "Uzbeks in the UK" (Britaniyadagi o'zbeklar) sahifasida marhumni O'zbekistonga yuborish bo'yicha pul yig'ayotganini ma'lum qildi.

"Qashqadaryolik vatandoshimiz Eshboboeva Umida bevaqt o'limi sababli yorug' dunyodan ko'z yumdi. Marhumning ortidan 3 farzandi etim qoldi, ayni paytda 1,5 yashar qizalog'i Britaniyada yolg'iz qoldi. Qizaloq va marhumni O'zbekistonga jo'natish uchun imkoniyatingiz ko'targan holda yordam qilishingizni sizlardan so'rab qolardik", - deyiladi murojaatda.

Murojaatga bank hisob raqamlari ilova qilingan.