Маъруфжон ака: ‘Кечаги кайфиятни қўяверинг энди...’
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Video - Maʼrufjon aka: "Kechagi kayfiyatni qoʻyavering endi..."

Otasi Maʼrufjon aka Hayitboyev Andijondan BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida Rio Olimpiadasi chempioni boʻlgan oʻgʻli Hasanboy Doʻsmatovning AIBA tasnifida jahonda "Yilning eng kuchli bokschisi", deb topilgani xabariga xuddi ana shunday munosabat bildirdi.

(Videolavhani BBCUZBEK YouTube kanalida tomosha qiling)

Bu yilgi tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi kecha - seshanba kuni kechqurun Shveytsariyaning Lozanna shahrida boʻlib oʻtgan va bu sovrinni Hasanboy Doʻsmatovning shaxsan oʻzi qabul qilib olgandi.

Shuni ham alohida taʼkidlash joizki, oʻzining soʻnggi yutugʻi ortidan, Hasanboy Doʻsmatov havaskor boksda bu kabi sharafga noyil, deb topilgan birinchi oʻzbek bokschisiga aylandi.

Maʼrufjon akaning aytishicha, Lozannadagi taqdirlash marosimi tugashi bilan Hasanboy bilan internet orqali muloqot qilishga muvaffaq boʻlishgan.

"Salomimizni yoʻlladik. Tabrikladik. U ham bizni tabrikladi. Rosa xursand boʻldi oʻziyam. Oʻzimiz ham rosa xursand...", - deydi Maʼrufjon aka.

Image copyright kun.uz

"...Mahallamiz, qishlogʻimiz, butun Andijon shahri, Oʻzbekiston...hamma xursand, hamma tabriklayapti. Shunaqa sharaf hammaga ham nasib qilsin. Oʻgʻlimning omadini bersin, deyman", - deya soʻzlarida davom etadi u kishi.

Lozannadagisi bor-yoʻgʻi 23 yoshda boʻlgan Hasanboy Doʻsmatov uchun joriy yil hisobidan qoʻlga kiritgan uchinchi nufuzli xalqaro mukofot boʻldi.

Otasi Maʼrufjon aka Hayitboyevning aytishicha, shunda ham, oʻgʻlining AIBA tanlovidagi bu gʻalabasi shaxsan oʻzi uchun kutilmagan boʻlgan.

"Buyogʻi Hasanboyni oʻzining harakatlari, davlatimizning bergan eʼtibori, Oʻzbekiston bayrogʻini koʻtarganligi...mana, yana hozir shu mukofotni olayapti, biz bundan xursandmiz", - deydi Maʼrufjon aka.

Suhbatimiz soʻnggida esa, "men, hatto, tasavvur ham qila olmayman ularni qanaqa qilib kutib olishni", - deya cheksiz quvonch va hayratlarini yashira olmaydi u kishi.

"Karnay-surnaylar bilan, esda qolarli qilib, gullar, marosimlar bilan...yana tumanimizning oʻzi alohida kutib olmoqchi boʻlayapti...", - deydi Maʼrufjon aka.

Rio Olimpiadasi chempioni, uch nufuzli xalqaro mukofot sohibi Hasanboy Doʻsmatov otasining aytishicha, oʻgʻlini rafiqasi bilan birga, toʻn, chorsiyu doʻppilar bilan Toshkent xalqaro aeroportida shaxsan qarshi olishmoqchi.

Hasanboy Doʻsmatov Maʼrufjon akaning uch oʻgʻil farzandi orasidan toʻngʻichi boʻladi.

U kishining aytishicha, qolgan ikki farzandining ham boksga boʻlgan qiziqishi birdek.

Oʻzbekiston Boks Federatsiyasidan rasman bildirishlaricha, AIBA tasnifida jahonda "Yilning eng kuchli bokschisi" Hasanboy Doʻsmatovning Toshkent vaqti bilan bugun tunda Shveytsariyadan ortga qaytishi kutilmoqda.

Xabarlarda Shveytsariyaga safari chogʻida Hasanboy Doʻsmatovga Oʻzbekiston Boks Federatsiyasi, Osiyo Boks Konfederatsiyasi vitse-prezidenti Sherzod Toshmatov hamrohlik qilayotgani aytilgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring