Rossiya qishi migrantlar uchun 'baxtsizlik'mi?

Image copyright Sohiba Hayitboeva
Image caption Moskvadagi Kachalov bozorida yuz bergan yong'inda nobud bo'lganlar ham migrantlar edi

Qish mavsumi Rossiyadagi ko'plab mehnat muhojirlari uchun oson kechmay

Har yili ushbu mavsumda migrantlari bilan bog'liq baxtsiz hodisalar soni ortishi haqida gapiriladi.

Garchi bu borada rasmiy statistik ma'lumotlar berilmasa-da, Rossiya matbuotida kunora markaziy osiyolik migrantning baxtsiz hodisa tufayli yo nobud bo'lgani yo-da, jarohatlangani haqidagi xabarlarni kuzatish mumkin.

Rossiyada qish sovug'i noyabrdan boshlanadi. Matbuotda beriladigan xabarlarda ob-havoning sovib ketishi hamda qalin tushgan qor ko'ngilsizliklarga asosiy sabab sifatida ko'rsatiladi.

Tiriklay yongan migrantlar

Tyumen parranda fabrikasi qurilishi o'z ishchilariga yashash uchun vagon uylardan joy qilib bergan. Kunlar sovib ketgach, isitish tizimlarining yo'qligi sababli migrantlar qo'lbola pechlardan foydalanishga majbur bo'lishgan.

19 noyabr kuni tungi soat 1:00 larda ushbu vagon "uy"lardan birida yong'in kelib chiqqani va 7 nafar ishchi migrant tiriklay yonib ketgani xabar qilindi.

Krasnodar o'lkasida esa 8 dekabr kuni tongga yaqin 5 nafar muhojirning xuddi shunga o'xshash vagon "uy"da hayotdan ko'z yumgani aytildi.

O'lka tergov surishtiruv qo'mitasining matbuotga ma'lum qilishicha, qurbon bo'lganlar O'zbekiston fuqarolari bo'lishgan.

Bu kabi misollarni o'nlab keltirish mumkin.

Balandlikdan yiqilganlar

Qalin qor, yuzani muz qoplashi va sirpanchiqlar ham mehnat muhojirlari bevaqt o'limiga sabab bo'ladi. Sankt-Peterburgning o'zida so'nggi oylar 20 dan ortiq baxtsiz hodisalar ma'lum qilingan.

Bir mehnat muhojiri "Oktyabrskaya naberejnaya" ko'chasida qurilayotgan binoning 20-qavatidan tushib ketgan va olgan tan jarohatlari oqibatida shu zahoti jon bergan. O'zbekistonlik muhojir 55 yoshda bo'lgan.

"Vsevolojskiy" rayonidagi qurilishlardan birida ishlaydigan 28 yoshli mehnat muhojiri esa 21-qavatidan pastga yiqilgan.

U vaqtinchalik ishlatilayotgan lift shaxtasiga sirpanib 8-qavatgacha qulagan va voqea joyida hayotdan ko'z yumgan.

"Krestovskiy ostrov" hududidagi stadion qurilishi binosida ishlayotgan o'zbekistonlik ishchi balandlikdan yiqilib, jiddiy tan jarohatlari olgan.

"Fedor Abramov" ko'chasidagi qurilishda 21 yoshli mehnat muhojiri 3-qavatdan tushib ketib bosh va umurtqasiga shikast yetgani xabar qilindi.

"Kalinin" tumanida shunday baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan mehnat muhojirining yoshi esa 22 da bo'lgan.

Yekaterinburgdagi qurilishlarning birida 2 nafar o'zbekistonlik muhojir 17-qavatdan yiqilgan. Ularning biri voqea joyida, ikkinchisi esa kasalxonada dunyodan ko'z yumgan.

Novgorodda esa, 12 dekabr kuni 37 yoshli o'zbek ishchisining ustiga beton tushib ketib voqea joyida jon bergan.

Gazdan zaharlanish va avtohalokatlar

19 dekabr kuni Stavropol o'lkasi Lermontov shahrida 2 nafar o'zbekistonlik gazdan zaharlanib vafot etishdi. Isinish uchun tabiiy gaz moslamasidan foydalangan muhojirlar uyqu chog'ida olamdan ko'z yumgan.

Mehnat muhojirlari bilan bog'liq ko'ngilsiz hodisalarning katta qismini avtohalokatlar tashkil qiladi. Bu yilgi qish mavsumining eng katta yirik yo'l transport hodisalarining biri Xanti-Mansiyskiy okrugida yuz berdi.

Unda 12 nafar kishi qurbon bo'lgan, 22 kishi jarohatlangan. Yo'lovchiar orasida o'zbekistonlik muhojirlar bo'lgan.

Shuningdek, mehnat muhojirlarini Ukraina va Qozog'iston chegaralariga tashuvchi transport vositalarida yo'l-transport hodisalari ko'p qayd etilishi kuzatiladi.

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo'mitasi rasmiy sayti ma'lumotlariga ko'ra, yuqorida keltirilgan har bir holat yuzasidan RF Tergov qo'mitasi hududiy boshqarmalari tomonidan jinoiy ishlar qo'zg'atilgan va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bu kabi baxtsiz hodisalar qish mavsumida mehnat muhojirlarining vatanga qaytishlari sabablaridan biri sifatida ko'riladi.

Shunga qaramay, bu yilgi mavsumda muhojirlar soni kamaymagani, aksincha, ortgani aytilmoqda.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TЕLЕGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.