O‘zbekiston va Tojikiston iqtisodiy hamkorlikka bel bog‘lashdi

Image copyright Avesta
Image caption Ikki tomon 2017 yilda Toshkentda ayni majlisni o'tkazishga ham kelishganlar

Dushanbeda Tojikiston va O'zbekistonning savdo va iqtisodiy hamkorliklar bo'yicha hukumatlararo komissiyasining ikki-kunlik majlisi nihoyasiga etdi.

O'zbekiston Bosh vazirining o'rinbosari Rustam Azimov va uning tojik hamkasbi Davlatali Said, xususan, iqtisodiy sohada qo'shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olganlari aytiladi.

Tojik matbuotiga ko'ra, jumladan, O'zbekistonning "SHAMS" korxonasi rahbari Shamsiddin Qosimov "Nasojii tojik" va "Shirin" korxonalariga borib, xom ashyo etishtirib berishga kelishgan.

Undan tashqari, O'zbekistonda o'tadigan yarmarkalarda tojikistonlik eksportyorlarga qo'llab-quvvatlov ko'rsatilishi va'da qilingan.

Ikki tomon 2017 yilda Toshkentda ayni majlisni o'tkazishga ham kelishganlar.

O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi mahsulot ayirboshlash 2000 yilda 1 milliard dollardan ko'proqni tashkil etgan. Ammo, oxirgi yillarda bu ko'rsatkich keskin kamaygani aytiladi.

O'tgan oktyabrь oyida O'zbekistonning Farg'ona viloyatidan bo'lgan 30 nafar tadbirkor Tojikistonning So'g'd viloyatiga safar qilganlar.

Ikki kun davomida tadbirkorlar Xo'jand va Isfara shaharlaridagi sanoat korxonalarini borib ko'rgandilar.

O'zbekiston poytaxtini Farg'ona vodiysi bilan bog'laydigan temir yo'llar va avtotransport yo'llarida qatnov 1990 yillar boshlaridan beri deyarli to'xtatib qo'yilgandi.

Tojikiston transport vaziri Sherali Ganjalzodaning avvalroq matbuotga bildirishicha, bu borada tayyorlangan maxsus loyiha ham ko'rib chiqilishi kutilgan.

Toshkent va Dushanbe o'rtasida aviaqatnovlarni qayta yo'lga qo'yish to'g'risidagi Protokol imzolangani va birinchi parvoz 2017 yil yanvaridan boshlanishi haqida xabar qilingan.

Majlisda O'zbekiston va Tojikiston o'rtasida 2000 yil joriy qilingan viza tartibini engillashtirish yoki bekor qilish masalasi ham ko'rib chiqilishi kutilgandi, ammo bu muzokaralar natijasi borasida ma'lumot berilganicha yo'q.

Oxirgi 20 yildan ortiqroq vaqt asnosida O'zbekistondan Tojikistonga ilk bor bu kabi yirik hay'at tashrif buyurmoqda. Hay'at tarkibida O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o'rinbosarlari, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tizimiga kiruvchi tashkilotlar rasmiylari, Davlat Bojxona Xizmati raisi muovini va boshqalar bo'lgan.

Rustam Azimov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon o'z o'zbek hamkasbi Shavkat Mirziyoevni Tojikistonga rasmiy safar bilan tashrif buyurishga taklif qildi.