The Sun": "Mister Bin O‘zbekistondan topildi"

Image copyright Nodir Bek
Image caption Videoni Londonda yashovchi 22 yoshli o'zbekistonlik talaba Nodir Bek olgani aytiladi

Britaniyaning oldi-qochdi xabarlarga ixtisoslashgan "The Sun" gazetasi O'zbekistonni ko'p tilga olmaydi. Ammo u O'zbekistonda Britaniyaning mashhur komediya qahramoni Mister Bin qiyofadoshi topilgani haqida yozdi.

Gazetaga ko'ra, Mister Bin personajini yaratgan aktyor Rovan Atkinsonning qiyofadoshi jahonning boshqa burchagida - O'zbekiston poytaxti Toshkentda topilgan.

"Nigohi burgutnikidek o'tkir ishqiboz uni topib, baxtsiz hodisalarga moyil beso'naqayning qiyofadoshini 16 soniyalik videoga oldi", - deb yozadi Sun.

Gazeta o'z vebsaytida mazkur videoni taqdim etdi.

Unda telefon kamerasi ortidagi shaxsning o'zbek tilida aytgan quyidagi so'zlari yangraydi:

"Nihoyatda Mister Bin okamlar bilan uchrashdik... Assalomu-alaykum, okajonim. Bir sizga savolimiz bor... Nima deysiz? Toshkentga kelganingizdan nihoyatda xursandmisiz?.. Oka hayronlar."

Mister Bin qiyofadoshi esa aftidan uyalib, kulib qo'yadi.

Jahonning ko'p qismlarida Britaniya timsoliga aylangan Mister Bin 2017 yilda Xitoy filьmida ekranlarga qaytishi kutilmoqda.

Videoni Londonda yashovchi 22 yoshli o'zbekistonlik talaba Nodir Bek olgani aytiladi.