"Turkiyada terrorist oʻzbek yo qirgʻiz deya taʼriflanmasin"

Istanbul Image copyright Emrah Gurel/AP
Image caption 2016 yilda Istanbul koʻp hujumlar qurboniga aylandi

Qarorgohi Istanbulda joylashgan Xalqaro Turkistonliklar jamiyati bayonot chiqarib Istanbul hujumi ortidan markaziy osiyoliklarga nisbatan matbuotda boʻlayotgan millatchi va irqchi munosabatlarni qoraladi.

Xalqaro Turkistonliklar jamiyatining turkistanlilar.org saytida aytilishicha, jamiyat Turkiyadagi markaziy osiyolik muhojirlarga yordam berish maqsadida tuzilgan.

Turk matbuotida Yangi yil kechasi Istanbuldagi Reyna tungi klubida 39 kishini oʻldirib koʻplarni yaralagan qurolli shaxs Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va yo Xitoyning uygʻurlar yashaydigan Shinjon hududidan boʻlishi mumkinligi borasida xabarlar tarqaldi.

Politsiya sukut saqlar ekan, turk matbuoti qirgʻizistonlik oʻzbek Yahyo Mashrapovning pasport suratini gumondor deya tarqatdi.

4 yanvarь kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Mehmet Chovushoʻgʻli hujumchining shaxsi aniqlanganini aytdi, ammo uning qayerdan ekani yoki ismi-sharifini ochiqlamadi.

Ayni damda Turkiyada oʻzbekistonlik muhojirlarga qarshi tintuv va bosimlar qilingan, xususan Istanbulning Zaytunburni mavzesidagi oʻzbeklar mahallasiga reydlar oʻtkazilgan.

Ayni damda Xalqaro Turkistonliklar jamiyati oʻz bayonotida qotilning oʻzbek yoki qirgʻiz deya taʼriflashdan tiyilishga chaqirdi.

Quyida bayonotning toʻla matnini keltiramiz:

"Yangi yil kechasi Istanbulda qatliomni amalga oshirgan kishining "Oʻrta Osiyolik", "Oʻzbek yoki Qirgʻiz" ekanligi haqida xabarlar tarqatildi. Bu qotilni qoʻlga olish uchun uni biror shaklda taʼriflash albatta zaruriydir. Ammo bu masalada ochiq shaklda irqchi munosabatda boʻlishga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Jinoyatchining millat yoki hudud nomlari bilan taʼrif etilishi inson haq va huquqlariga tajovuzdir.

Bu jinoyatga aloqali oʻlaroq bir Qozoq hamyurtimizning Turkistonlik ekanligi taʼkidlandi va u qotil eʼlon qilinib, rasmlari internet sahifalarida jinoyatchi sifatida tarqatildi. Turkistonlik muhojirlar ularga ayblov shaklida aytilayotgan bunday xabar va sharhlardan ranjimoqdadirlar. Hech bir jinoyatga aloqasi boʻlmagan holda tinch hayotlarini va faoliyatlarini davom ettirayotgan va Turkiya davlatidan va xalqidan har doim yaxshilik va yordam koʻrayotgan Oʻzbek, Tojik, Qirgʻiz, Uygʻur, Qozoq va boshqa Turkistonliklarning bu oʻlkaga va uning xalqiga zarar beradigan biror yomonlikka rozi boʻlishini yoki ishtirok etmasligini bayon qilmoqchimiz.

Biz hech kimning turmush tarziga aralashishni istamaymiz. Bizning tinch aholini oʻldirayotgan tashkilot va guruhlarga hech qanday aloqamiz yoʻq. Tugʻilgan mamlakatlarimizda ham kuch yoki qurol ishlatish tarafdori muxoliflarining fikr va faoliyatlarini rad qilamiz. Bizning tinch kurashdan boshqa yoʻlimiz yoʻqdir. Erkinlik va xavfsizligimiz taʼminlanadigan boʻlsa, vatanimizga qaytib borishni jonu koʻngildan istaymiz.

Istanbulda yangi yil kechasi qatliomni amalga oshirgan jinoyatchining zudlik bilan qoʻlga olinishini va Turkiyaning har doim tinchlik va xavfsizlik ichida boʻlishini istaymiz. Butun ommaviy axborot vositalarini "Qotil Oʻzbek yoki Qirgʻizdir" yoki "Oʻrta Osiyolik terrorchi" kabi irqchi va ayirmachi taʼriflardan uzoq turishga chaqiramiz.

Xalqaro Turkistonliklar Hamkorlik Jamiyati Raisi

Burhon QOVUNChI".

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring