Kelin-kuyov vals tushmasinmi?

Image copyright Ziyo studio
Image caption Kimning qaysi to'yxonani tanlashi, undagi oziq-ovqat va tomoshalar mezbonlarning nufuzini belgilaydi

O'zbekistondagi to'ylar, xususan kelinchaklarning to'y bazmida o'zlarini qanday tutishlari mavzusi kun.uz nashridagi maqolada yoritildi.

Maqolaning muallifi - O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimasi Munira Abubakirova.

O'zbekistonda to'y bazmlariga oida urf-odatlar mustaqillik yillarida keskin o'zgardi.

O'tmishda mahalla yo'llari to'silib, ko'chalar yo hovlilarda o'tkaziladigan to'ylar bu kunlar yirik biznesga aylangan hashamatli to'yxonalarda bo'lib o'tadi.

Kimning qaysi to'yxonani tanlashi, undagi oziq-ovqat va tomoshalar mezbonlarning nufuzini belgilaydi.

To'yxonalar rivoji bilan kelin-kuyovlarga oid urf-odatlar ham yangicha tus olgan. Yirik ekranlarda aks ettiriladigan "Love story" va kelin-kuyovning valsi ana shu taraqqiyotning bir qismi bo'lib namoyon bo'lmoqda.

Ammo, Munira Abubakirova o'zbek millatining "o'ziga xos odobi, andishasi, mehr-muruvvati, iffati bor"ligini eslatar ekan, zamona kelinlaridagi "ochiqlik"ni tanqid qiladi.

"To'yxonaga oppoq liboslarda shahzodayu malika bo'lib kelin bilan kuyov kirib kelishdi. Kelin salom qilish maqsadida bir oz egilar ekan, hijolatdan kattalarning nigohi erga qadaldi. Atrofdan: "Juda ochiq kiyinibdi", "Etagini uzun qilgandan ko'ra elkasiga tashlasa bo'lar ekan", degan dashnomlar quloqqa chalinardi", - deb yozadi u.

Aftidan Abubakirova xonim kelinning yuzi ochiq bo'lishiga ham qarshi.

"Kelin-kuyov to'rdagi o'rindiqlarga borib o'tirishdi. Kuyov kresloda yastanib o'tirar ekan, huddi "Mana ko'rib qo'yinglar, mening malikamni", deyayotgandek edi. Jo'ralar, hatto to'yga kelgan aksar erkaklarning nigohi shohsupada malikalarday o'tirgan (aslida malikalar sira ham bunday ochiq-sochiq kiyinishmaydi!) xushsurat kelinga qadalgan... Kelin yuzini ochib, bemalol o'tirdi. Ammo men o'ylar iztirobida qiynalardim... Axir harir parda ortidagi chehrani, bu nozik vujudni ko'z-ko'z qilish aslo mumkin emas", - deya davom qiladi muallif.

Maqolada kelin va kuyovning qaynota va qaynonalari bilan raqsga tushishi ham tanqid qilinadi.

"To'yni og'riqli o'ylar ila kuzataman. Ketma-ket kelgan taniqli xonandalar qo'shiqlaridan davra yoshlar diskoteka zaliga aylandi-qoldi. Hatto kelin-kuyovni ham davraga olib chiqishdi. Hind seriallarida kuylanadigan qo'shiqqa hamohang kelin-kuyov quchoqlashib valьsga tushishdi. Bu manzarani qanday izohlash mumkin?! Hammaning nazari ikki yoshda. Atrofni o'rab olgan yigitlarning qiy-chuvi... So'ng kelin otasi bilan, keyin qaynotasi bilan ham raqsga tushdi... Qani sharqona odob-axloq, ibo-hayo?! Buni oddiy holatdek qabul qilayotganlarning oriyati, hamiyati qaerda qoldi?"

"Qizimizni turmushga uzatarkanmiz yoxud o'g'limizni uylantirarkanmiz, hayotining oila deb atalmish varag'ini chiroyli odob-axloq, hayo-andisha bilan ochishida biz, kattalar to'g'ri saboq beraylik", - deya yakunlaydi Munira Abubakirova.

Siz qanday fikrdasiz?