Istanbul hokimi: "Oʻzbek hujumchi aybiga iqror boʻldi"

Istanbul Image copyright AFP

Istanbul viloyat hokimi Vasip Shahinning aytishicha, yangi yil kechasi Istanbuldagi tungi klubga hujum qilgan shaxs Oʻzbekiston fuqarosi Abdulqodir Masharipovdir.

Hokimning soʻzlariga koʻra, Afgʻonistonda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan gumondor "aybiga iqror boʻlgan".

Dushanba kuni Turkiya politsiyasi Istanbulning Esenyurt mavzeʼsida oʻtkazilgan maxsus amaliyot chogʻida Masharipov bilan birga iroqlik bir erkak va fuqaroligi nomaʼlum uch ayolni ham hibsga olgan.

Vasip Shahinning aytishicha, Abdulqodir Masharipovning barmoq izlari hodisa joyidan olingan barmoq izlariga toʻgʻri kelgan.

Avvalroq turk matboutida yuzi koʻkargan va qon izlari boʻlgan futbolkadagi erkakning surati paydo boʻlgan.

Oʻzbek tomoni hozirgacha Masharipovning oʻz fuqarosi ekanini rasman tasdiqlamagan.

Image copyright EPA
Image caption Avvalroq politsiya hujumchining kameradagi akslarini eʼlon qilgandi

Oʻzbekiston huquq-tartibot idoralari Istanbuldagi hujum yuzasidan biron-bir bayonot bermagan.

Turk rasmiysining soʻzlariga koʻra, Masharipov Turkiyaga 2016 yil yanvarida noqonuniy kelgan.

Hujum sodir boʻlgan kuni uning Koʻnyo shahridan Istanbulga yetib kelgani aytilgandi.

Turk matbuotining xabarlariga koʻra, Koʻnyoda Masharipov ayoli va ikki farzandi bilan yashagan.

Turmush oʻrtogʻi uning IShIDga aʼzoligidan xabari boʻlmaganini aytgan.

Reina tungi klubiga hujum uchun masʼuliyatni IShID oʻz zimmasiga olgandi.

Hujumga aloqadorlikda jaʼmi 50 kishi hibsga olingan.

Hujumda 39 kishi halok boʻlgan, 40 odam yaralangan,

Halok boʻlganlarning aksariyati xorij fuqarolaridir.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring