Istanbulda qoʻlga olingan Abdulqodir Masharipov kim?

Бу одам ким? Image copyright AP
Image caption Bu odam kim?

Istanbulda 39 kishini otib oʻldirishda gumonlanayotgan Abdulqodir Masharipov shaxsi haqida maʼlumotlar koʻp emas.

Oʻzbekiston fuqarosi ekani aytilgan Abdulqodir Masharipov haqida rasmiy Toshkent sukut saqlamoqda.

Oʻzbekistondagi hukumat nazorati ostida boʻlmagan ayrim internet nashrlari, ijtimoiy tarmoqlarda Abdulqodirning oʻzbekistonlik ekani haqida yozmoqda.

BBC bilan suhbatlashgan Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligidagi manba esa, hali Turkiya tomoni ayni masalada hech qanday murojaat qilmagani va toki Anqara rasman bu haqda soʻrov yubormaganicha biror bir maʼlumot oshkor etilmasligini aytgan.

Reina tungi klubiga hujum qilishda gumonlanayotgan Abdulqodir Masharipovning "oʻzbekligi", "Oʻzbekiston fuqaroligi"haqida esa Turkiya matbuoti bot-bot xabar bermoqda.

Ammo hozirga qadar Masharipovning kimligini isbotlovchi biror bir hujjat oshkor etilgani yoʻq.

BBCning Turkiyadagi muxbiri Rengin Arslonning aytishicha, 16 yanvarda qoʻlga olingan va hozirda hibsda boʻlgan Masharipov borasida baʼzi qoʻshimcha maʼlumotlar oshkor qilingan.

Xavfsizlik xodimlari hozir uni Turkiyadagi IShID guruhi borasida soʻroq qilishmoqda ekan.

IShID ayni hujum uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgandi.

Gumonlanuvchi qoʻlga olinishidan koʻp oʻtmay Istanbul meri Vasip Sahin Masharipovning Oʻzbekiston fuqarosi ekanini aytdi.

Uning aytishicha, gumonlanuvchi 34 yoshda va toʻrt til - xitoycha, arabcha, ruscha va turkcha soʻzlashadi.

Agar Istanbul meri Masharipovning Oʻzbekiston fuqarosi ekaniga shubha qilmayotgan boʻlsa, unda gumon ostidagi bu shaxs toʻrt emas, beshta tilda, yaʼni oʻzbekchada ham soʻzlashishi mumkin.

Vasip Sahinning aytishicha, Masharipov "yaxshigina tayyorgarlikdan oʻtgan".

Turkiya mulozimlariga ishonadigan boʻlsak, Masharipov Afgʻoniston va Pokistonda "jangarilikka oʻqigan", Suriyadagi IShID bilan aloqada boʻlgan.

Masharipov bundan bir yil avval Eron orqali Turkiyaga noqonuniy ravishda kirib kelgani ham aytilmoqda.

Xuddi mana shu yoʻl Afgʻonistondagi urushdan keyin odam savdosi bilan shugʻullanayotganlar uchun Turkiyaga kirish nuqtasi sifatida foydalangan ekan.

Masharipovning qoʻlga olinishi

Image copyright Reuters
Image caption Masharipov qoʻlga olingan xonadon

Istanbuldagi tungi klubga hujum qilishda gumonlanayotgan Abdulqodir bilan yana toʻrt kishi qoʻla olingan.

Esenyurtdagi xonadonda Senegal, Misr va Somalidan kelgani aytilgan uch ayol qatori bir iroqlik erkak ham hibs etilgan.

Bu xonadondan shuningdek, qurol-yaroq, oʻq-dori va 200000 AQSh dollari topilgan.

Masharipov rasmiy maʼlumotlarga koʻra, tungi klubga hujumdan keyin shu xonadonga koʻchgani taxmin qilinmoqda.

Ammo hozirda Masharipovdan tashqari hibsga olinganlar IShIDga aloqadormi yoʻqligi aniqlanmagan.

Markaziy Osiyo va IShID

Markaziy Osiyo davlatlarining ayrim rasmiy, ayrim ekspert guruhlardagi manbalariga ishoniladigan boʻlsa, bugungi kunda mintaqani tark etib, Yaqin Sharqdagi notinch davlatlarda IShID va boshqa jangari guruhlarga qoʻshilganlar soni bir necha ming kishini tashkil qiladi.

Mintaqaning aholisi jihatdan eng yirik davlati Oʻzbekiston odatda ayni masalada maʼlumotlarni oshkor etmaydi.

Mamlakatning oʻzida esa nafaqat IShID, balki har qanday diniy guruhlarga qarshi kurash eng qaqshatqich usullarda olib boriladi.

Inson huquqlari faollariga koʻra, Oʻzbekistonda Islom dinining hukumat dastaklaydigan rasmiy talqiniga yot va yo hukumatdan mustaqil har qanday guruh, har qanday shaxsga toqat qilinmaydi.

Diniy eʼtiqodi uchun Oʻzbekiston qamoqxonalariga marhum prezident Karimov davrida oʻn minglab begunoh insonlar tashlangani aytiladi.

Ularning muttasil ravishda qiynoqqa tutilishlari ham halqaro va mahalliy kuzatuvchilar tomonidan bir necha bor hujjatlashtirilgan.

Qoʻshni Tojikistonda ham vaziyat Oʻzbekistonnikidan farq qilmaydi.

Ammo Tojikiston mulozimlari bir emas bir necha bor oʻz fuqarolarining turfa mujohid guruhlarga qoʻshilayotgani haqida oshkora chiqishlar qilgani maʼlum.

Bugungi kunda ikki ming atrofida tojikistonliklar jangari guruhlar safiga qoʻshilgani rasman maʼlum qilingan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viberda - telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring