Oʻzbekistonda Haj ziyorati kvotasi oshirildi

Oʻzbekistonda Haj ziyorati kvotasi oshirildi Image copyright BBCuzbek
Image caption Oʻzbekistonda Haj ziyorati kvotasi oshirildi

Aholisi 32 millionga yaqinlashgan Oʻzbekiston uchun Haj ziyorati kvotasi qariyb 40 foizga oshirilgan.

Bu yil 7200 nafar oʻzbekistonlik Hajga borishi mumkin.

Oʻtgan yillar davomida ayni koʻrsatkich 5000 dan ortiqroq edi.

Oʻzbekiston nashrlari soʻnggi oʻzgarishni aholi orasida Haj ziyoratiga borishni istovchilar koʻpaygani bilan izohlagan.

BBC bilan suhbatlashgan toshkentlik jurnalistlardan birining aytishicha, ziyoratchilar sonining oshishi Oʻzbekistonda Hajga borish uchun yillab roʻyxatda turadiganlarga jiddiy taʼsir qilmaydi.

"Talab doim katta boʻlgan, hukumat hech qachon Haj uchun Saudiya Arabistoni oʻzbekistonliklar uchun qancha joy ajratganini ochiqlamagan. Saudiyadan Oʻzbekiston Haj ziyorati uchun kvota oshirishni soʻragani haqida ham maʼlumot yoʻq", deydi.

Haj ziyoratiga oid soʻnggi oʻzgarishlarda ayrim cheklovlar haqida ham soʻz boradi.

Endilikda muqaddam Haj ziyoratiga borganlarning takroran safar qilishi mushkullashadi.

Oʻzbekiston ijtimoiy tarmoqlarida Haj ziyorati uchun navbat bir necha yillarga choʻzilayotgani, tanish-bilishchilik va ayrim holatlarda poraxoʻrlik ham kuzatilayotgani yuzasidan bahs etiladi.

Saudiya Arabistoni Haj ziyorati oʻrinlarini qanday taqsimlaydi?

Saudiya Arabistoni har bir mamlakatga alohida Haj kvotasini beradi, ammo bu davlatlarning oʻzi ayni kvotaning qanchasini istifoda qilish va kimni, qanday yoʻlda joʻnatish qarorini beradi.

Har yili Haj ziyoratini ado etadigan musulmonlar soni 3 milliondan ortiq ekani aytiladi.

Saudiya Arabistoni uchun ziyoratchilarni qabul qilish soʻnggi yillarda anchayin mushkul vazifaga aylangan.

Musulmon davlatlari orasida Indoneziya har yili eng koʻp ziyoratchilarni Saudiya Arabistoniga joʻnatadi.

Har yili oʻzgarib turadigan raqamlarga koʻra, 200 ming atrofida indoneziyaliklar Islom dini farzlaridan birini ado etishadi.

Saudiya Arabistoni Haj ziyorati uchun kvotalarni mamlakatdagi har ming musulmonga bir oʻrin bilan belgilaydi.

Ammo musulmon aholisi koʻp boʻlgan davlatlarga ayni qoida tatbiq etilmaydi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viberda - telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring