Kimsan, Mirziyoyev tanqid qilindi

Image copyright upl.uz
Image caption Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻzi Oʻzbekistonda tanqid va muloqotga yoʻl ochmoqda

Yangi prezident Oʻzbekistondagi ahvolni "ogʻir" deb tasvirlab, bu uchun amaldorlar: vazir va hokimlarni tanqid qilarkan, ayni jarayon aholida atrofga tanqidiy koʻz bilan qarashni shakllantirayotgan koʻrinadi.

Shu kunlarda prezident boshlab bergan ochiqlikdan "ilhomlanib", uning oʻzini tanqid qilish ham koʻzga tashlanmoqda.

"Eh, Shavkat aka..."

Prezident Mirziyoyevning vaziru vuzarolar "poʻstagini rosa qoqqan" soʻnggi tanqidiy maʼroʻzasi, masalan, uning oʻzi borasida baʼzi tanqidlarni keltirib chiqardi.

"Hokimlar nega sarmoyachilarni jalb qilmaydi, degan savolni eshitaverib koʻnglim aynab ketdi" - maʼroʻza borasida Feysbukda maqola yozgan Oʻzbekistondan tahlilchi Anvar Nazir.

"Sarmoyachilarni bizga bitta - kuch ishlatar, nufuzli idora olib kiradi. Va istasa olib kiradi, istamasa yoʻq. Hokim va vazirning bunga kuchlari yetmaydi, Shavkat aka!"

Toshkentlik tahlilchi oʻz maqolasida prezidentni koʻngliga yaqin olib "Shavkat aka" deb atagan holda tanqid tigʻini bevosita Shavkat Mirziyoyevga qaratgan.

Muallif Oʻzbekistonda sarmoyadorlar uchun zarur konvertatsiya yo zamonaviy bank tizimi yoʻqligini sanaydi va Oʻzbekiston iqtisodini "kuch ishlatar tizimlar katta xolasining uyiga aylantirib qoʻyishganini" urgʻulaydi.

"Eh Shavkat aka, nahotki shuni shuncha yil bosh vazir boʻlib anglamadingiz?" - qabilida savol qoʻyadi Anvar Nazir.

Oʻtgan chorak asr davomida Oʻzbekiston prezidentining hatti-harakatlari mamlakat ichida nomma-nom sanalib, tanqidga tutilmagandi. Bunga ochiq botinganlar esa taʼqib va tazyiqqa uchrashgan.

Yagona minbar - internet

"Ijtimoiy tarmoqlarda yozish mumkin, ammo boshqa minbar yoʻq" - deydi BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatda muallif Anvar Nazir.

"Men Facebookda yozgan maqolamni Oʻzbekistonning biron rasmiy gazetasi yoki telekanalida chiqara olmayman".

Hozir Oʻzbekistondagi ayrim yangi vebsahifalar jamiyatdagi maishiy va yo iqtisodiy muammolarni yoritishadi.

Image copyright RFE/RL
Image caption Oʻzbekistonda odamlar tezak yoqib kun koʻrsa ham, bu hech gapirilmagan

Lekin uzoq yillar yozilmagan bir qonun ishlab kelgan: Eng katta rahbar hech qachon tanqid qilinmaydi.

"Tanqid qilish boshlandi deyolmaymiz, lekin marhum Karimov bilan solishtirsak, Mirziyoyevni tanqid qilayotganlar koʻproq" - deydi suhbatdoshimiz.

Bosh rahbariyatni tanqid qilayotganlar juda ozchilik va ular ham faqat ijtimoiy tarmoqlarda cheklangan.

"Aksariyat hozir maqtash hamda laganbardorlikka berilgan".

Hali MXX kelmadi

Ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarga qaraganda, Oʻzbekiston jamiyati Prezident Mirziyoyev ishlari borasida ikkiga ajralgan.

Juda ozchilik toifa yaqin tarix va Oʻzbekistonda shakllangan voqelikka boqib, hozirgi holatga ham ishonchsizlik bilan qaraydi.

Koʻpchilik esa "hammasi yaxshi boʻladi" degan fikrda.

Kuzatuvchilar bu oʻrinda ham Sovet davridagi, ham Mustaqillik yillaridagi tanqidiy fikrning boʻgʻilishi va taʼqib etilishini sabab qilib koʻrsatishadi.

Odamlarda tanqid qilsam, boshim baloga qoladi, degan qoʻrquv kuchli shakllangan.

"Ammo menga hech kim bosim qilmadi" - deydi Anvar Nazir - "Mana tirikman, siz bilan gaplashib turibman".

Ayni fikrni Fargʻonadan huquq himoyachisi Abdusalom Ergashev ham qoʻllab quvvatlaydi.

"Ijtimoiy tarmoqlarda koʻpchilik ish uslubi va hokimiyatga kelish jarayonini tanqid qilgan" - deydi fargʻonalik suhbatdoshimiz.

"Lekin shu tanqidlarga nisbatan bironta agressiv reaktsiyani uchratmadim ham, eshitmadim ham".

"Tanqidda istisno boʻlmasin"

Fargʻonalik himoyachi Abdusalom Ergashev ham Prezident Mirziyoyev qabul qilgan qaror va qonunlar ijrosida joylardagi rahbarlar tarafidan koʻzboʻyamachilik boʻlayotgani haqida internetda yozgan.

Xususan, ishsizlikni kamaytirib koʻrsatish uchun hokimlar mahalla hamshiralarini safarbar etishayotgani va ular ishsiz odamlarni "xususiy tadbirkor" deb roʻyxatga olayotgani xususida aytadi.

Sogʻlom tanqid esa bu kabi soxtakorlik, korruptsiya yo koʻzboʻyamachilikka chek qoʻyadigan chora sifatida koʻrilmoqda.

"Korruptsiyaga botgan prokuratura ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish uchun ham soʻz erkinligi zarur" - deydi Abdusalom Ergashev.

Image copyright Shaxsiy surat
Image caption Anvar Nazir internetda Prezident Shavkat Mirziyoyev haqida tanqidiy maqolalar yozmoqda

"Tanqiddan esa hech kim istisno boʻlmasin. Uni hamma toʻgʻri qabul qilsin" - davom etadi Abdusalom Ergashev.

"Davlat rahbari shaxsini haqorat qilmasdan, ammo kamchilik va nuqsonlarini aytish kerak. Tanqid notoʻgʻri boʻlsa, buni ham fikr bilan chiroyli qilib tushuntirish lozim".

Prezident Shavkat Mirziyoyev hozir xuddi shunga intilayotganini bildirmoqda.

U amaldorlar xalq bilan muloqot qilishi, odamlarning dardiga quloq solishi kerakligi haqida koʻp taʼkidlayotir.

"Odamlar endi gurunglarda mavjud vaziyat, oʻzgarishlar haqida ochiq gapirishmoqda, hamma siyosatchi boʻlib ketdi" - deydi Abdusalom Ergashev.

"Ilgari bu aslo mumkin emas edi".

Qamchidan qaytamizmi?

"Shavkat Mirziyoyevning oʻzi qamchi bilan ishlab boʻlmasligini taʼkidladi " - deydi Toshkentdan Anvar Nazir - "Buni eslab qolish kerak".

"Agar 1-2 yildan keyin Bosh vazirlikdagi kabi eski, qattiqqoʻl ish uslubiga qaytsa, eslatib qoʻyish mumkin".

Lekin tahlilchi 1990-yillar oʻrtalarida Islom Karimov ham xuddi hozirgidek chiqishlar qilib, hokimlarni ashaddiy tanqid qilganini eslaydi.

"Oʻshanda ham shov-shuv boʻlgan va odamlar ahvol oʻnglanadi, deyishgandi. Lekin hech narsa oʻzgarmadi".

Koʻpchilik nazarida, yangi prezidentning ish boshlashi umidli va hozirgi bosqichda kamchiliklarni sarhisob qilish, ularni bartaraf etish yoʻllarini izlashi, qonunlar qabul qilishi ham juda tabiiy jarayon.

Ayni siyosatni amalda qoʻllash, gapdan ishga oʻtish esa juda yaqin kelajakdagi keyingi bosqich boʻladi, deb kutilmoqda.

"Shavkat Mirziyoyev tanqid va muloqotni boshlab berdi, endi ayni tanqidlar oʻziga qaratilsa, chidaydimi? Bunga baho berish kerak va shart" - deydi Anvar Nazir.

"Ammo bu uchun hali bir-ikki yil vaqt lozim".

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq