Mintaqa: Eng doʻmboq melisa kimniki?

Tojikiston militsiyasi
Image caption Tojikiston hukumati semiz militsiya xodimlari ozmasa, ishdan boʻshatilishini aytgan

Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzodaga koʻra, militsiya xodimlarining ortiqcha vazni oʻz ishini bajarishiga xalaqit beradi.

"Xodim semirgan, ishlash qobiliyati pasaygan, koʻp yeydi, kam ishlaydi" - degan Ichki ishlar Vaziri.

"Nimadir qilish kerak, aks holda yana semirishda davom etaveradi va bu ish sifatiga taʼsir etadi".

Tojikiston militsiya xodimlari sogʻligʻini tekshirib, ularga sport bilan shugʻullanishni maslahat bermoqda.

Image caption Oʻzbek militsiyasi ham vaznda tojik hamkasblaridan qolishmaydi

Qoʻshni Oʻzbekistonda ham barcha militsiya xodimlari qilichqomat emas.

Qolaversa, mamlakatda militsiya xodimlari soni oʻtgan 25 yil davomida juda koʻpaygan va hammasi ham muntazam jismoniy faoliyat bilan shugʻullanayotgandek taassurot qoldirmaydi.

Deylik, oʻzbek militsionerlari kun boʻyi metro kiraverishid turib, shaharliklarning sumkasini, chetdan kelganlarning pasportini tekshirib oʻtiradi.

Marhum Prezident Karimov Toshkentda tilamchi qolmaganini aytganidan keyin esa uning gapi yolgʻon chiqmasin, deb militsiya koʻchalarni gadoylardan tozalashga ham safarbar etildi.

Ammo odatda nogiron gadoylarni quvish uchun koʻp jismoniy harakat talab qilinmaydi.

Image copyright Sputniknews-uz.com
Image caption Oʻzbek militsionerlari ishidan biri - bozor oralab pistafurushlarni quvish

Oʻzbek militsionerlari bozor chetlarida pista, paypoq yo xonim sotib kun koʻradigan "noqonuniy ishbilarmon kelinoyilarni" quvish bilan ham shugʻullanadi.

Shu qatorda, qishloqlarda ish yoʻqligi bois shaharlarga kelib, ish izlaydigan mardikor erkaklar va ayollar ham - ularning asosiy nishoni.

Shaharda propiskasi yoʻq boyoqish mardikorlar Oʻzbekiston militsiyasi qoʻlida "yarim fuqaro" kabi huquqsiz. Ularning yoniga borib baqirib haydash yo tutish uchun ham katta jismoniy quvvat sarflanmaydi.

(Sovet davridan meros qolgan propiska tizimi fuqaroni huquqiy maʼnoda haqiqiy faqir holiga solmoqda).

Image copyright Internetdan
Image caption Oʻzbek militsiyasi jismoniy harakatlari sirasiga odamlarni kaltaklash ham qonunan kiritilmagan

Oʻzbe kmilitsiyasi baʼzida noqonuniy harakatlar uchun jismoniy kuch-quvvatini sarflashi aytiladi.

Samarqandda olingan mana bu tasvirda ikkita militsiya xodimi koʻchada bir ayolni doʻpposlamoqda.

Ular qiynoq, tajovuz va tahqirlashni qoʻllashi koʻp bora xalqaro doiralarda ham taʼkidlagan.

Oʻtgan hafta ham Surxondaryoda bir tadbikorni huquq-tartibot xodimlari urib oʻldirishgani haqida huquqbonlar xabar tarqatishdi.

Image copyright zanoza.kg
Image caption Qirgʻizistonda ham militsiya xodimlarida vazn muammosi borga oʻxshaydi

Keyaa 24 yanvar kuni Qirgʻizistondagi mahkama oʻzbek faoli Azimjon Asqarovga tayinlangan bir umrlik qamoq jazosini oʻz kuchida qoldirarkan, mahkama zalidagi surat internetda boshqa jihatdan ham odamlar eʼtiborini tortdi.

"Militsionerlar buncha semiz, mahkum buncha ozgʻin?" - yozdi bir oʻquvchi tepadagi rasmga qarab.

Image copyright RFE/RL
Image caption Turkmanistonda rasmiylar va militsiya sport bilan shugʻullanishi shart

Turkmaniston bir necha yilki rasmiylar, amaldorlar va huquq-tartibot xodimlarini sport bilan shugʻullanishga undab keladi.

Nafaqat undaydi, ayrim katta mansabdorlarning maxsus qurilgan yoʻlak boʻylab yugurishi ham shart qilib qoʻyilgan.

Shunga qaramay, hamma ham yakkahokim davlat rahbari koʻziga tushavermaydi.

Image copyright Life24.kz
Image caption Qozogʻistonda ham politsiya xodimlari vazni toʻla tartibga solinmagan

Butun Markaziy Osiyoga xos xususiyat - oʻrta yoshga yetgach qorin qoʻyish yo xalq tilida aytganda "obroʻ orttirish" Qozogʻistonda ham odatiy holga oʻxshay

Ayrimlarga koʻra, bunga sabab - mintaqa davlatlaridagi huquq-tartibot xodimlari ishi koʻp harakat talab qilmasligidir.

Baʼzilar esa mintaqadagi anʼanaviy xamir va yogʻli taomlar ham semizlikka yetaklashi mumkinligini urgʻulaydilar.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring