Tramp: "Terrorga qarshi qiynoq qoʻllash samara beradi"

Сурат манбаси, Getty Images
Amerikacha qiynoq
AQSh Prezidenti Trampga koʻra, terrorchilikda gumonlangan shaxslarni qiynoqqa solishning hech qanday yomon tomoni yoʻq.
Tramp "achchiqni achchiq kesadi" qabilida ish tutish tarafdori ekanini aytgan.
ABC telekanali bilan suhbatda Donald Tramp radikal islomchilar bilan kurashda qiynoq qoʻllash, xususan suvga boʻktirish samarali boʻlishi haqida aytgan.
Suvga boʻktirish usuli terrorchilikda gumonlangan shaxslarni soʻroq qilishda AQSh xavfsizlik xizmatlari tomonidan avval ham qoʻllanilgani maʼlum.
Trampning aytishicha, u ayni masalani josuslik xizmatlarining yuqori lavozimli mulozimlari bilan muhokama etgan.
AQShning lavozimdor josuslari esa Trampga qiynoqlar tergovda natijaga erishish uchun "samara berishini" aytishgan.
Tramp bu daʼvolarini IShIDning zoʻravonliklari bilan oqlagan.
Oʻz chiqishlari va amallari bilan taniqli siyosiy arboblar, ziyoli amerikaliklar qatori oddiy fuqarolarni ham jiddiy norozi qilayotgan Trampning soʻnggi daʼvolariga senator Jon Makkeyn birinchilardan boʻlib munosabat bildirgan.
Makkeyn Twitterda "Prezident istaganicha buyruq beraversin, ammo qonun bu qonun, biz qiynoq qoʻllashni qayta joriy qilmaymiz", deb yozdi.
Donald Tramp esa IShIDning zoʻravonliklarini bahona qildi.
"Ular bizning fuqarolarimizni otishmoqda, soʻyishmoqda...faqat bizning emas, balki Yaqin Sharqda faqat nasroniy boʻlganlari uchun oʻldirilmoqdalar. Bu oʻrta asrlarni yodga soluvchi amallardan IShID tortinmayotgan ekan, men nima uchun suvga boʻktirish usulidan jirkanishim kerak", deb aytgan Tramp.
Ammo Tramp xavfsizlik xizmatlariga qiynoq qoʻllash uchun ruxsat berish borasida bir qarorga kelmaganini maʼlum qilgan.
U ayni masalani koʻrib chiqish uchun Mudofaa vaziri Jeyms Mettis va Markaziy Josuslik Xizmati rahbari Mayk Pompeoga murojaat qilganini aytgan.
Suvga boʻktirish usuli Amerikada qonun bilan taqiqlab qoʻyilgan.
2010 yilda AQShning sobiq prezidenti Jorj Bush "suvga boʻktirish" qiynoq usulini qoʻllash ruxsatini berganidan afsusda emasligi, bu bilan koʻplab insonlarning hayotini saqlab qolganligini va terroristik hujumlarning oldi olinganligini daʼvo qilgan edi.
BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02
TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio
bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring