Alisher Usmonov "Xayr-saxovati" uchun taqdirlandi

Alisher Usmonov Image copyright РБК

Rasmiy xabarlarga koʻra, koʻkrak nishoni asli oʻzbekistonlik milliarderga shaxsan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan topshirildi.

Ayon boʻlishicha, prezident Putin Rossiyaning oʻnta eng boy odamidan bittasi boʻlgan Alisher Usmonovni "xayriya va jamoat ishlariga qoʻshgan ulkan hissasi uchun" taqdirlashga qaror qilgan.

Bu haqda Rossiya rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov maʼlum qilgan.

Alisher Usmonov - Rossiyadagi eng yirik metsenatlardan biri sifatida koʻriladi.

Milliarder 2015 yilda Rossiyada rasman "Yilning metsenati", deb ham eʼlon qilingan.

Rossiyaning xuddi shu nomdagi tashkiliy qoʻmitasi oʻshanda Alisher Usmonov yilning madaniyat va sanʼatga homiylik qiluvchi eng badavlat odami, degan xulosaga kelgan.

Oʻz qarori sababini izohlarkan, tashkiliy qoʻmita "Madaniyat, ilm-fan va sport" xayriya jamgʻarmasi asoschisining koʻplab loyihalarini alohida qayd etib oʻtgan.

Tashkiliy qoʻmitaning qarori ortidan rossiyalik milliarder xayriyaparvarlik tushunchasi oʻzi uchun nimani anglatishiga ham toʻxtalib oʻtgan.

"Butun jamiyat misolida boʻlgani kabi, bu tushuncha oʻzi uchun ham bir jumlada ifoda topishi - insonlar yaqinlarini xuddi oʻzlari kabi sevishlari kerak"ligini aytgandi.

Saxovatpesha

Agar, Rossiyaning qator internet nashrlari keltirib oʻtgan maʼlumotlarga tayanilsa, Alisher Usmonov oʻtgan 10 yil davomida xayriya maqsadlari va ijtimoiy sohalarni koʻzda tutgan sarmoyalar uchun qariyb ikki milliard dollar ajratgan.

Janob Usmonov, yillarki, turli xalqaro nufuzli nashrlar tasnifida Rossiya, Britaniya va dunyodagi eng boy odamlardan biri sanalib kelinadi.

Milliarder mobil aloqa, media va internet sohasidan tashqari Angliyaning yetakchi futbol jamoalaridan biri - "Arsenal"ning ham anchagina foiz hissalariga egalik qiladi.

Alisher Usmonov yaqinda amerikalik biolog olim Jeyms Uotsonning Christie's kimoshdi savdosiga qoʻyilgan Nobel mukofoti medalini 4,8 million dollarga sotib olib, katta shov-shuvga sabab boʻlgandi.

Rossiyalik milliarder medalni oʻz sohibiga qaytarishga qaror qilgandi.

Britaniyaning "Independent" gazetasi oʻshanda amerikalik olimning medalini bunchalik yirik bahoda xarid qilib, janob Usmonov oʻziga xos rekord oʻrnatganini alohida qayd etib oʻtgandi.

Alisher Usmonov

Alisher Usmonov yaqinda Oʻzbekistonga qaytishni "istashi" va "rejalayotgani"ni aytgan.

Alisher Usmonov Oʻzbekiston va uning rahbariyatiga yordam berishga har doim tayyorligini izhor qilgan.

U Oʻzbekistonga sarmoya kiritish rejasi borligi va buning uchun mamlakat rahbariyatining taklifini kutayotganini bildirgan.

U bu haqda oʻtgan yil oxirida "Rossiya-24" telekanaliga bergan intervьyusida maʼlum qilgan.

Bloomberg oʻtgan yil yakunida Alisher Usmonovning umumiy boyligi qiymatini $12.1 milliard dollarga baholagan.

Milliarder Rossiyaning "eng boyvachcha odamlari" yangi roʻyxatida 6-oʻrinni egallagan, ammo yuqori oʻnlikdagi oʻrnini saqlab qolgan.

Ammo dunyoning eng badavlat yuzta milliarderi orasida janob Usmonov mavqeini yaxshilab, 81-oʻringa koʻtarilib olgani maʼlum boʻlgan.

Chunki xuddi oʻsha yilning iyun oyida Bloomberg oʻzi $11.3 milliardga teng, deb baholagan boyligi bilan Alisher Usmonovni bu roʻyxatda 92-oʻringa qoʻygan edi.

Bloomberg ning yangi raqamlari soʻnggi paytlarda asli oʻzbekistonlik milliarder daromadining sezilarli ortganiga ham dalolat qiladi.

Agar, huquqiy maʼlumotlar rasmiy portaliga tayanilsa, Rossiya rahbari Alisher Usmonov va yana boshqa qator milliarderlarni "Xayr-saxovati uchun" koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi farmonni 2016 yil iyun oyida imzolagan.

Ular "xayriya sohasiga qoʻshgan ulkan hissalari va serqirra ijtimoiy faoliyatlari uchun" taqdirlanishgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring