Rohinja musulmonlari: Haqiqat, yolgʻon va Aun San Su Chi

Aun San Su Chi haqiqatni ayta oladimi? Image copyright EPA
Image caption Aun San Su Chi haqiqatni ayta oladimi?

Birma hukumati Rohinja musulmonlariga qarshi zoʻravonliklar yuzasidan maxsus tergov komissiyasi tashkil qilgan edi.

Rohinja musulmonlari yashaydigan Raxine shtatiga jurnalistlar qoʻyilmaydi.

Birma hukumati oʻz askarlarining oddiy aholini jinsiy zoʻrlayotgani va oʻldirayotganiga doir ayblovlarni zoʻr berib rad etishga harakat qilmoqda.

Aksariyat oʻquvchilarimiz Rohinja musulmonlari haqida koʻproq bilishni, ularning bugungi taqdiri haqida ogoh boʻlish istagida ekanlari haqida yozishdi.

BBC muxbiri Jonah Fisher "Rohinja: Haqiqat, yolgʻonlar va Aun San Su Chi" nomli maqolasida Birmaning buguniga nazar tashlaydi.

Donald Tramp va Aun San Su Chini birlashtiradigan tomonlar siz oʻylaganingizdan ham koʻra koʻproqdir.

AQSh va Birma rahbarlari yetmishdan oshib qolishdi.

Ikkalasi ham sochi va yo soch turmaklashi, jurnalistlarni yomon koʻrishi bilan nom chiqargan.

Trampning ommaviy-axborot vositalariga yovqarashi haqida hamma biladi.

Aun San Su Chining matbuotni yoqtirmasligi esa...koʻplar uchun kutilmagan bir yangilik boʻlishi mumkin.

Uni "The Lady" (Xonim) deb tanishadi.

1990 yillarda u demokratiya va inson huquqlari yalovbardori sifatida siyosiy sahnaga chiqdi.

U mamlakatni boshqarayotgan harbiylar tomonidan uy qamogʻiga tashlandi.

Aun San Su Chi bilan suhbatlashaman degan jurnalistlar oʻz hayotlarini xavf ostiga qoʻyishardi.

Ammo hozir bu Xonim qudratga kelgan va hamma narsa boshqacha...

U oʻzi uchun yangi lavozim yaratib olgan.

Aun San Su Chi bu lavozimni "Prezidentdan baland" ekanligini uqtirgan edi.

Amalda esa ayni lavozim va uning sohibiga hech kim daxl qilolmaydigan boʻldi.

Hozirda Aun San Su Chi Birma ommaviy-axborot vositalari bilan umuman suhbatlashmaydi.

Xalqaro matbuot nashrlari bilan esa tanlab-tanlab muloqot qiladi.

Parlament aʼzolariga oʻz qudrati va yo faoliyatiga doir hech qanday hisobot bermaydi.

U lavozimni egallaganiga 14 oy boʻldi, bu orada aqalli bir marta boʻlsa ham matbuot anjumani oʻtkazmadi.

Ammo Birmaning qora kunlari sanalgan - tsenzura hukmron boʻlgan kunlarni yodga soluvchi tashviqot mashinasi ishlab turibdi.

Rohinja musulmonlari kimlar?

Image copyright Reuters
Image caption Birma davlati bu jabrdiydalarni "koʻrmaydi"

Har kuni davlat matbuoti Rohinja musulmonlarining ayanchli taqdiriga eʼtibor qaratadigan xalqaro ommaviy-axborot vositalaridan yozgʻiradi.

Myanmarda rohinja musulmonlarining soni bir millionga yetadi.

Ularni yakkalash va pastga urish Birmada bir necha oʻn yildan beri davom etib keladi.

Soʻnggi oylar Birma armiyasi Raxine shtatidagi musulmonlarga qarshi ayovsiz amaliyotlarni davom etmoqda.

Rohinjalarga qarshi zoʻravonliklarni mustaqil yoritishning imkoni yoʻq.

Chunki Aun San Su Chining hukumati bu mintaqaga xorijliklarni yaqinlashtirmaydi.

Ayrimlar Birma armiyasini mintaqada etnik tozalash oʻtkazayotganlikda ayblaydi.

Boshqalar "qatliom" deyishadi.

Birma armiyasi ham Xonim ham bu kabi ayblovlarni rad etishadi.

Mintaqada terrorga qarshi kurashayotganlarini iddao qiladi.

Noyob...suhbat

Image copyright Getty Images
Image caption BMT Birmani etnik tozalashda ayblagandi

Oʻtgan hafta BBCga nihoyat Raxine shtatiga borish ruxsati berildi.

Biz zudlik bilan mintaqa poytaxti Sitvega keldik.

Mayu daryosida Bangladesh bilan chegara tomon yoʻlga tushdik.

Oradan toʻrt soatcha oʻtib biz ziddiyatli deb atalgan mintaqadan 45 daqiqa uzoqda joylashgan Buthidaung degan joyga yetib keldik.

Afsuski, bu yerda ham rasmiylar bor edi.

Bizni xavfsizlik xizmati xodimlari va politsiya birgalikda kutib oldi, mintaqa maʼmuriyati joylashgan shaharchaga taklif qilishdi.

Bu maʼmuriyat binosiga yetib kelganimiz bilan bizga ...ruxsatnoma bekor qilinganini aytishdi.

Gap shundaki, bizga berilgan ruxsatnomadan Aun San Su Chining hukumati boxabar boʻlib qolishgan.

Xullas, bizga berilgan ruxsatnoma bekor qilindi.

Ammo kemachaga chiqishimizdan avval mahalliy mulozim kamera qarshisida suhbatlashishga rozi boʻldi.

Buning oʻzi biz uchun katta voqea edi.

Xonim va uning voizi biz bilan Raxine shtatidagi vaziyatga doir suhbat qurishdan mutlaqo bosh tortishdi.

Aslida shifokor boʻlgan Than Kuyau birmalik buddaviy va Raxine shtatida oʻn yildan beri yashaydi.

Shifokor bilan suhbatlashar ekansiz, Rohinja musulmonlariga qarshi zoʻravonliklarga boshqa birmaliklar kabi u ham ishonmasligiga guvoh boʻlasiz.

"Yashiradigan hech narsamiz yoʻq", deydi.

"Hukumat hamma haqiqatni oshkor qilmoqda. Buddaning oʻgitlari jinsiy zoʻravonlikni qoralaydi. Bularning bari mish-mish"

Isbotu dalil yoʻlida gʻovlar

Aun San Su Chi uchun esa bu faqatgina mish-mish emas.

Jurnalist va yordam tashkilotlari uchun mintaqani yopib qoʻyar ekan, San Su Chi xonim Rohinja musulmonlarining taqdiriga doir barcha xabarlarni oʻzi nazorat qilar ekan.

Jabrdiyda rohinja musulmonlari oʻzlarini oʻzlari smartfonlarga videoga, suratga olishmoqda va joʻnatishmoqda.

Oʻtgan bir necha oy davomida menga yuzlari kaltak zarbidan koʻkarib ketgan, oʻzlarining zoʻrlanganlari haqida hikoya qilgan ayollar videolari kelishi toʻxtagani yoʻq.

Ular orasida bolalarning jasadlari...kullar yonida yotgan, bosh chanoqlari yoqib yuborilgan bolalar....

Bu suratlar va videolarning qanchalar haqiqiy ekanini tekshirish qiyin, ammo ilojsiz emas.

Aksariyat holatlarda bu videolar bitta jugʻrofiy hududdan joʻnatiladi.

Ayrim tashkilotlar esa mintaqada bu kabi bedodliklarni kuzatib, hujjatlashritib joʻnatigan oʻzlarining yashirin guruhlariga ega.

Birma hukumatining matbuoti esa ayni holatlarni oʻz "koʻzi" bilan koʻradi, oʻz nazari bilan taqdim qiladi.

Bu suratlarga qarab qancha odam oʻz vatanini tashlab chiqayotgani va yo qurbon boʻlayotganini aytish qiyin.

Ammo ayni videolar bu mintaqada dahshatli voqealar roʻy berayotganidan hikoya qiladi.

Aun San Su Chi va uning mulozimlari esa matbuotga munosabat borasida xuddi Donald Trampdan dars olishganday...javob berishadi.

Davlat matbuoti nima deydi?

Avval boshidan ular rohinja musulmonlariga nisbatan zoʻravonlikni isbotlovchi dalillarni bir-ikki holatda xalqaro matbuot notoʻgʻri talqin qilgani bilan "oqlab" kelishdi.

Masalan, Mail Online nashri rohinjalik bolakay qiynoqqa solinayotgani haqidagi videoni koʻrsatdi.

Ammo bolakay aslida kambodjalik boʻlib chiqdi.

Birma rasmiy matbuoti uchun katta bahona topildi. Xalqaro matbuot yolgʻonchiga chiqarildi.

Targʻibotu tashviqotning oxiri bormi?

Britaniya doxil ayrim davlatlar Aun San Su Chi xonimni bir qadar "ayab" kelishadi.

Birmadagi ayrim ijobiy oʻzgarishlarga koʻproq eʼtibor qilishga chaqirishadi.

Myanmarning diktatorlikni tark etganini urgʻulashadi.

Nima boʻlganda ham Aun San Su Chi endigina hukumatga keldi, na armiya va na politsiya uning nazoratida...

Balki u istagan taqdirda ham armiyaning Raxinedagi zoʻravonliklarini toʻxtatib qololmas edi.

Shundanmi, uning barcha kamchiliklariga koʻz yumiladi, Aun San Su Chi Birmaning umidi deya taqdim etiladi.

Ammo muammo shundaki, u targʻibotu tashviqotni toʻxtatsa boʻlar edi.

Chunki aynan uning vazirlari va mulozimlari Birma armiyasining zoʻravonligidan jabrlanayotgan rohinja musulmonlarining faryodini tinglamayapti.

Bu faryodni rad etmoqda.

Aynan shu armiya Birmaning boshqa etnik ozchiliklariga tegishli qishloqlarga oʻt bergani, ayollarni zoʻrlagani maʼlum.

Tashqi dunyoning bosimlari ostida Aun San Su Chi Raxine shtatidagi zoʻravonliklarga doir maxsus komissiya tuzishga majbur boʻldi.

Ammo ayni komissiyaga rahbar vitse-prezident Sve, sobiq armiya generali va u bir necha kundan keyin taqdim qiladigan hisobot...hukumatning bu masalaga hozirgacha bergan taʼrifini aks ettirishi kutilmoqda.

Taʼrifki, Raxineda armiya terrorchilarga qarshi kurashmoqda.

Raxineda nimalar boʻlayotganiga doir haqiqatni biz hech qachon toʻlaligicha bilmasligimiz mumkin.

**************************************************************************************************************************

Birma (Myanmar) Aun San Su Chining (NDL) Demokratiya Milliy Ligasida maslahatchi boʻlgan mashhur huquqshunos Ko Ni dafn etilgan.

Asosan buddaviylardan tashkil topgan bu mamlakatdagi sanoqli musulmon siyosatchilardan Ko Ni kecha otib ketilgandi.

Qudratdagi partiya boʻlmish NDL Ko Nini "tenggi yoʻq" deb taʼriflagan.

Qotillikda gumon qilingan bir shaxs qoʻlga olingani xabar qilingan.

Ko Nini musulmon boʻlgani uchun oʻldirishganmidi?

Bu savolga hozircha javob yoʻq, ammo Birmada siyosiy qotilliklar kamdan kam roʻy beradi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring