Shavkat Mirziyoyev Moskvaga qachon boradi?

Shavkat Mirziyoyev Image copyright Reuters

Agar, prezident Vladimir Putin matbuot kotibining soʻzlariga tayanilsa, Oʻzbekiston rahbarining Moskvaga rasmiy tashrifi yaqin ikki-uch oyning ichida amalga oshadi.

Shavkat Mirziyoyev oʻz safari chogʻida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi.

Dmitriy Peskov bu haqda Rossiyaning nufuzli "Izvestiya" nashriga bergan suhbati chogʻida maʼlum qilgan.

Agar, mazkur suhbat tafsilotlariga tayanilsa, allaqachon muzokaralar kun tartibi ham maʼlum.

Tomonlar energetika, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetkazib berish, harbiy-texnik hamkorlik va migratsiya siyosatiga oid masalalarni muhokama etishadi.

"Izvestiya" esa, bu haqda yozarkan, Oʻzbekiston rahbariyatidagi yuqori martabali manbasiga orqa qilgan.

Nega aynan bu masalalar ekani savoliga esa, xuddi ana suhbatdoshining "Rossiya Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun yirik bozor ekani" va yangi prezident Shavkat Mirziyoyev bu sohada boshlagan islohotlar manzarasida, "soʻzsiz, uni kengaytirish masalasi kun tartibiga chiqishi"ga oid soʻzlari bilan izohlagan.

Nashr, oʻz navbatida, manbasining "Rossiya neftini Oʻzbekistonga bojxona toʻlovlarisiz yetkazib berish mavzusining muhokama ostiga olinishiga asos bor"ligiga oid soʻzlarini ham keltirib oʻtgan.

Ayni oʻrinda eslatib oʻtish joiz, oʻtgan yil yakunida Oʻzbekiston hukumati Rossiyadan oʻz neftini bojxona toʻlovlarisiz yetkazib berishni soʻragan.

Lekin Rossiya Energetika vazirligi u holda JSTga aʼzo mamlakatlar barchasi uchun shunday yoʻl tutishi lozim boʻlishini aytib, Oʻzbekistonning bu boradagi soʻrovini rad etgani xabar berilgandi.

Image copyright BBC Uzbek

Boshqa tomondan, agar, Rossiya matbuotidagi oʻtgan yilgi raqamlarga tayanilsa, u yerdagi mehnat muhojirlarining 43 foizini oʻzbekistonliklar tashkil etishadi.

Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari misolida boʻlgani kabi, bu migrantlar ortga yuborayotgan mablagʻlar uzoq yillar davomida Oʻzbekistonda "ijtimoiy muhofaza kamari" vazifasini bajarib kelayotgan boʻlsa ham, ularning huquqiy mavqei bilan bogʻliq masala orada kechgan vaqt davomida rasman oʻzining yakuniy yechimini topmay keladi.

Harbiy-texnik hamkorlik

Rossiya nashri oʻzining asosiy eʼtiborini, ayniqsa, bu ikki davlat oʻrtasidagi harbiy-texnik hamkorlik istiqbollariga qaratgan.

Agar, poytaxt Moskvadagi muzokaralar muvaffaqiyatli kechsa, Rossiya qurol-yarogʻ bozorida yangi yirik hamkorga ega boʻlishi mumkin, deb yozgan "Izvestiya".

Nashr shu oʻrinda Oʻzbekiston Mudofaa vaziri Qobil Berdiyevning oʻz Qurolli kuchlarini zamonaviylashtirishda mamlakati Rossiyaning mahsulotlariga orqa qilishiga oid oʻtgan yilgi soʻzlariga toʻxtalgan.

Ikki davlat Mudofaa vazirliklari oʻrtasida harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirishga oid oʻtgan yili imzolangan bitimni ham eslatib oʻtgan.

Strategik va texnologik tadqiqot markazining taxminlariga tayanib, butun Oʻzbekiston Qurolli kuchlarining bunga jiddiy ehtiyoji borligi haqida soʻz yuritgan.

Qoʻshni Afgʻonistonni nazarda tutib, Oʻzbekiston rahbariyati oʻzi uchun ustivor masalalarni belgilashda eng avvalo xalqaro terrorchilik tahdidini inobatga olishini ham bashorat qilgan.

Image copyright video

Prezident Shavkat Mirziyoyev esa, oʻtgan hafta Oʻzbekiston Qurolli kuchlarini takomillashtirish va zamonaviylashtirish masalasini koʻtargan.

Bu borada masʼul idoralarga "aniq topshiriq" va "aniq vazifalar" berganiga oid xabarlar ham olingan.

Ammo rasmiy xabarlarda ularning aynan nimalardan iborat ekani tafsilotlari ochiqlanmagandi.

"Izvestiya"ning ekspertlar tahlillariga tayanib yozishicha, Moskvada boʻlajak muzokaralar bu ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi.

Oʻzbekiston Qurolli kuchlarini zamonaviylashtirishdan tortib, migrantlarning huquqiy mavqeʼlari qadar - oʻzaro munosabatlar oʻzining yangi bosqichiga koʻtariladi.

Ammo Rossiya nashri eng soʻnggida Oʻzbekiston yangi rahbariyatining tashqi siyosati yoʻnalishi borasida hozir aniq bir soʻz aytishning mushkul ekanini ham alohida eʼtirof etib oʻtishni unutmaydi.

Yangi rahbariyat

Image copyright COURTESY

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni oʻtgan yil 4 dekabrdagi prezident saylovidagi gʻalabasi bilan qutlagan birinchi xorijiy davlat rahbari boʻlgan.

Oʻzbekiston yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Rossiyaga taklif qilgan va Kreml matbuot xizmati oʻshanda bu "taklifning mamnuniyat bilan qabul qilingan"i haqida ham rasman xabar bergan.

Hozirgacha prezident Mirziyoyevning ilk xorijiy safarni qaysi davlatga amalga oshirishi maʼlum boʻlmagani kabi, uning Moskvaga safari borasidagi soʻnggi xabarlarga rasmiy Toshkentning munosabati ham joriy paytda imkonli emas.

Ammo Oʻzbekistonning yangi rahbari tashqi siyosatda marhum prezident Islom Karimov "kontseptsiyasiga sodiq" qolishlarini bayon qilgan.

Uning "koʻp qirrali" tashqi siyosatini davom etdirishga vaʼda bergan.

Rossiya matbuoti esa, prezident Vladimir Putinga yaqin asli oʻzbekistonlik milliarder Alisher Usmonov bilan qudachilik rishtalarini nazarda tutib, Shavkat Mirziyoyevni "Rossiyaning odami" deb hisoblaydi.

Agar, amalga oshsa, Moskvadagisi Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston yangi prezidenti sifatida Rossiya rahbari bilan birinchi, muvaqqat prezidentligini ham oʻz ichiga olgan oʻtgan yil sentyabr oyidan buyon esa, uchinchi muloqoti boʻladi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin oʻzbekistonlik uzoq yillik hamkasbi Islom Karimovning qadim Samarqandda boʻlib oʻtgan 3 sentyabr kungi rasmiy dafn marosimida shaxsan ishtirok etmagan. Bosh vaziri Dmitriy Medvedevni yuborgan.

Ammo oradan uch kun oʻtib, Putin Samarqandga tashrif buyurgan, marhum Islom Karimov qabriga gul qoʻygan va Bosh vazir Mirziyoyev bilan muloqot oʻtkazgan.

Uchrashuv chogʻida har ikki davlat rahbari ham yaqin hamkorliklarini bundan buyogʻiga ham davom etdirishdan birdek manfaatdor ekanliklarini rasman izhor etishgandi.

Eng soʻnggida eslatib oʻtish joiz, Vladimir Putin prezident Karimovning vafoti eʼlon qilingan 2 sentyabr kuni oʻz taʼziyasini Oliy Majlis Senatining raisi Nigʻmatilla Yoʻldoshevga yoʻllagan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring