Gazeta Bosh muharriri qoʻlga olindi

Qozogʻiston Image copyright COURTESY

"Sayasi qalam. Tribuna" gazetasi Bosh muharriri Janboʻlat Mamay 10 fevral kuni uyidan ushlab ketilgan.

Korruptsiyaga qarshi kurashish milliy qoʻmitasi u istiqomat qilgan uy va gazeta ofisida tintuv oʻtkazgan.

Gazeta binosiga kirish muhr bilan yopilgan.

Janboʻlat Mamay muxolif chiqishlari bilan mashhur boʻlgan.

U hozir qochqindagi Qozogʻiston muxolifatchisi Muxtor Ablyazov bilan pul oʻzlashtirishda gumon qilinmoqda.

"Tergov davomida Muxtor Ablayazovning Qozogʻistondagi yangi hamkori Mamay Janboʻlat Mamayuli aniqlandi. U BTA Bankdan oʻgʻirlangan bir qism mablagʻni "Sayasi qalam. Tribuna" gazetasida qonuniy moliyaviy amaliyotlar oʻtkazish orqali oʻzlashtirgan", - deyiladi Korruptsiyaga qarshi kurashish xizmati tarqatgan xabarda.

Aksilkorruptsiya xizmati Mamayga mahkamasiz va tergovsiz ayb qoʻyishi faollarning eʼtiborini tortgan.

"Facebook"da jonli

Korruptsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tintuv uchun gazeta binosiga kelgan vaqt Mamayning hamkasbi jurnalist Inga Imanbay "Facebook" orqali jonli efir uzatishni yoʻlga qoʻygan.

Unda eshik ortidan turgan rasmiylar binoni koʻrish uchun maxsus hujjati borligini va eshikni ochmagan taqdirda kuch bilan ochishlarini aytishadi.

Jurnalist gazeta ofisi eshigini ochishi bilan tashqaridan kelgan rasmiylar birinchi navbatda Inga Imanbayning qoʻlidan telefonni yulqib olishga harakat qilishgan.

Shu yerda jonli efir ham uzilgan.

Korruptsiyaga qarshi kurashish milliy qoʻmitasi xodimlari "Sayasi qalam. Tribuna" gazetasi ofisini muhrlab yopib ketishgan.

Shundan soʻng jurnalist Inga Imanbay bilan ham bogʻlanishning imkoni boʻlmayapti.

Inga Imanbay va Janboʻlat Mamayning telefonlari oʻchirilgan.

Kuzatuv

"Sayasi qalam. Tribuna" gazetasi Bosh muharriri bundan oldin bir necha marotaba oʻzining orqasidan kuzatishayotgani va mashinasiga hujum boʻlganini aytgan edi.

Bosh muharrirning qoʻlga olinishi ijtimoiy tarmoqlarda kuchli aks-sado bergan.

Fikr bildiruvchilarning aksariyati jurnalist kasbiy faoliyati uchun qoʻlga olinganini yozishmoqda.

"Gapirishga soʻz topolmayapman. Ertalab lentani ochish qoʻrqinchli boʻldi. Xalq dushmani, jinoiy sherik - Qozogʻistonda 2017 yil emas, balki 1937 yilga oʻxshaydi. Janboʻlatning sahifasini oching, hukumat haqidagi qarashlarini oʻqing va uning oʻzgacha fikr uchun qoʻlga olingani darhol oydinlashadi. Mamlakatda dahshatli narsalar sodir boʻlmoqda, biz esa jimmiz. Tez orada navbat bizga ham kelsa kerak", - deb yozadi jurnalist Natalya Sadikova.

Muxolifat faoli Amirjan Qoʻsanov "Tribuna" gazetasi atrofida boʻlayotgan "tushunarsiz hodisalardan xavotirini" bildirgan.

Yana bir "Facebook" foydalanuvchisi Mamay qoʻlga olinishi arafasida konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish taklifiga faol qarshi chiqqanini esga oladi.

Qozogʻiston Respublikasi konstitutsiyasining 26 bobiga oʻzgartirish kiritish boʻyicha taklif qilingan qonun loyihasiga esa, muxolifat va jamiyat faollari keskin qarshilik bildirib kelishmoqda.

Ularga koʻra, ushbu oʻzgartirishlar chet ellik fuqarolarga Qozogʻiston yerini sotish imkonini ochib beradi.

Muxtor Ablyazov

Korruptsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Qozogʻistonning BTA banki mablagʻlarini oʻmarishda ayblayotgan Muxtor Ablyazov ayni vaqtda Frantsiyada istiqomat qiladi.

U Qozogʻiston hukumati tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan.

Frantsiya politsiyasi Ablyazovni Rossiya talabi bilan 2013 yili hibsga oldi.

Muxolif faolining Rossiyaga ekstraditsiya qilinmaslikni soʻragan ishi 3 yil mahkamama-mahkama yurdi.

2016 yilning 10 dekabrь kuni Frantsiya Oliy mahkamasi uni Rossiyaga ekstraditsiya qilmaslik haqida uzil-kesil qaror chiqardi va u buning ortidan ozodlikka chiqdi.

Muxolifat faoli ozodlikka chiqishi bilan Qozogʻistonda hukumatni almashtirish uchun qoʻlidan keladigan barcha harakatni qilishini aytdi.

Shundan soʻng Qozogʻistonda Muxtor Ablyazovga yaqin boʻlgan odamlarni kuzatuv ostiga olingani aytildi.

Ablyazovning gaplaridan 2 oy oʻtib, "Sayasi qalam. Tribuna" gazetasi Bosh muharriri Janboʻlat Mamay qoʻlga olindi.

Kuzatuvchilar hukumat birgina qoʻlga olish bilan cheklanmasligini taxmin qilmoqda.

Abgor holdagi soʻz erkinligi

Xalqaro tashkilotlar Qozogʻistonda soʻz erkinligi yildan-yilga yomonlashayotganini aytib kelishadi.

Mamlakatda faoliyat yuritgan "Respublika", "Vzglyad", "K+" kabi mustaqil nashr va telekanallar hukumat tomonidan boʻlgan tinimsiz bosim va koʻp millionlik tovon toʻlash haqidagi mahkama qarorlaridan soʻng yopilishga majbur boʻldi.

Qozogʻiston Jurnalistlar ittifoqi raisi Saytqazi Matayev va uning oʻgʻli KazTag axborot agentligi rahbari Aset Matayevlar 6 hamda 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

Mahkama ularni davlat mablagʻini oʻzlashtirishda aybladi.

Ammo faollar ota-oʻgʻilning qamalishiga kasbiy faoliyati sabab boʻlganini aytishadi.

Matayev qamoqqa hukm qilinishini hukumat tepasidagilarning biznesini tortib olishga qaratilgan harakati, deya baholadi.

Halqaro va mahalliy jamoatchilikning qoralashlariga qaramasdan, mahkama oʻz qarorini oʻzgartirmadi. Ularning mol-mulki musodara qilindi.

Soʻz erkinligi

Jurnalist Janboʻlat Mamay qoʻlga olinishidan bir kun oldin "Amnesty International" xalqaro inson huquqlari tashkiloti Qozogʻistondagi ijtimoiy tarmoqlarda soʻz erkinligi holati yomonlashgani haqida hisobot chiqardi.

Hisobotda aytilishicha, Qozogʻiston hukumati yaqinda qabul qilingan qonunlardan turli saytlarni bloklash yoki cheklashda foydalanmoqda.

2016 yildan boshlab mamlakatdagi barcha internet foydalanuvchilari "milliy xavfsizlik sertifikati"ni oʻrnatishga majbur.

Bu narsa hukumatga jaʼmi HTTPS protokolidan tushgan maʼlumotlarni nazorat qilish imkonini beradi.

"Amnesty International"ning taʼkidlashicha, yangi qabul qilingan qonunlar ijtimoiy tarmoqlardagi oʻzgacha fikrlovchilarga nisbatan maʼmuriy va jinoiy jazo ish ochish imkonini beradi.

Hisobotda 2016 yilning noyabr oyida huquq himoyachilari Maks Bokayev va Talgʻat Ayanlarning "adovat qoʻzgʻash" aybi bilan 5 yil qamoq jazosiga hukm qilingani misol tariqasida keltiriladi.

Huquq himoyachilari ijtimoiy tarmoqlarda hukumatga qarshi tinch namoyishlar haqida xabar yozgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring