Rossiya Afgʻonistonda nimalarni koʻzlayapti?

Rabboniy va Lavrov Image copyright Reuters

Rasmiy Moskva ilk bor mintaqadagi barcha oʻyinchi davlatlar ishtirokidagi keng qamrovli tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilmoqchi, afgʻon mojarosiga diplomatik yoʻl bilan yechim topish harakatlariga boshchilik qilmoqchi.

Soʻnggi yillarda Tolibon harakati bilan toʻxtab qolgan tinchlik jarayonini jonlantirib, Yaqin Sharqdagi IShID guruhining Afgʻonistonning Oʻzbekiston doxil aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari bilan bevosita chegaradosh shimolida faollashishining oldini olmoqchi, oʻz chegaralarini jangarilar tahdididan himoya etmoqchi.

Bu haqda shu hafta boshida afgʻonistonlik hamkasbi bilan poytaxt Moskvadagi uchrashuvi chogʻida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bayon qilgan.

AQSh yetakchi mavqeʼda boʻlgan bir manzarada, Rossiya-Tolibon-Afgʻoniston munosabatlari qanchalik uzoqqa boradi?

Sergey Lavrov Rossiya, Afgʻoniston, Pokiston, Xitoy, Hindiston va Eronni oʻz ichiga olgan muzokaralar shu oyning oʻzida boʻlib oʻtishini maʼlum qilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri bu masalaga, hatto, mintaqada Natoga muqobili sifatida koʻriluvchi Shanxay Hamkorlik Tashkilotini jalb etish istagida ekanliklarini ham bayon qilgan.

Taʼkidlash joiz, bu - Afgʻoniston, Hindiston va Eronning afgʻon mojarosiga bagʻishlab, Rossiya boshchiligida uyushtirilayotgan bu kabi muloqotlarda ilk ishtiroki boʻladi.

Rossiya afgʻon mojarosiga diplomatik yoʻl bilan yechim topishga qaratilgan ilk rasmiy harakatlarini oʻtgan yil oxirida boshlagan, dekabrь oyida Moskvada Rossiya, Xitoy va Pokiston ishtirokidagi uch tomonlama muzokaralarga mezbonlik qilgan.

Bu esa, "Afgʻoniston ichki ishlariga aralashish" bahosida rasmiy Kobulning keskin noroziligiga sabab boʻlmay qolmagan.

Faollik

Image copyright AFP/Ivan Sekretarev

Harbiysi doxil koʻp tomonlama hamkorlikka oid vaʼdalar yangragan Rossiya va Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi uchrashuv esa, ana shu muzokaralardan qisqa vaqt oʻtmay boʻlib oʻtgandi.

Ham mahalliy va ham xalqaro tahlilchilar dastlabkisida boʻlgani kabi, kutilayotganida ham 2001 yilda Tolibon tuzumini qulatib, oʻtgan 15 yil davomida Afgʻoniston masalasida har tomonlama yetakchi soʻzni aytib kelgan Amerika Qoʻshma Shtatlarining yoʻqligiga alohida eʼtibor qaratishgan.

Ustiga ustak, Rossiyaning Afgʻoniston masalasida faollashish urinishlari oz sonda esa-da, Amerikaning Afgʻonistondagi harbiy hozirligi davom etayotgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Boshqa tomondan, Moskvadagi ustma-ust muzokaralar, hukumati rasman rad etib kelayotgan esa-da, Rossiyaning Afgʻoniston Tolibon harakati bilan yaqinlashish harakatida ekani va ularga, hatto, qurol-yarogʻ yetkazib berishni boshlaganiga oid xabarlar ortidan uyushtirilmoqda.

Oʻzining saylovoldi kampaniyasi davomida Rossiya, jumladan, prezident Vladimir Putin bilan oʻzaro aloqalarini qaytadan yaxshilash istagida ekanini qayta-qayta bayon qilib kelgan respublikachi prezident Donald Tramp boshchiligidagi AQSh yangi maʼmuriyati esa, rasmiy Moskvaning Afgʻoniston va afgʻon mojarosi bilan bogʻliq soʻnggi saʼy-harakatlariga halicha rasman oʻz munosabatini bildirib chiqmagan.

Xuddi shu manzarada qolgan sobiq Shoʻro davlatlari misolida boʻlgani kabi, prezident Tramp sobiq kasbdoshi boshqaruvi davrida Ukraina va Suriya mojarosi sabab, ikki tomonlama munosabatlari deyarli izdan chiqib boʻlgan Rossiyaga nisbatan ham oʻzining tashqi siyosati va strategiyasini eʼlon qilganicha yoʻq.

Voqealarning bu kabi rivoji esa, aynan katta sondagi Gʻarb boshchiligidagi ittifoq qoʻshinlarining ortga safarbarligi ortidan kechgan bor-yoʻgʻi ikki yilning oʻzida qoʻshni Afgʻonistondagi xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat jiddiy izdan chiqib boʻlgan, Yaqin Sharqdagi IShID guruhi Pokistonda oʻzining mintaqadagi tarmogʻiga asos solib, bu mamlakatga ham har tomondan sizib kirishga muvaffaq boʻlgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Ustiga ustak, prezident Donald Tramp boshchiligi ostidagi AQSh yangi maʼmuriyati Afgʻonistonda qolayotgan xorijiy askarlarining taqdiri borasida oʻzining yakuniy bir soʻzini aytishga shoshilmayotganlik barobarida afgʻon mojarosiga oid yangicha mavqei va strategiyasini ham ochiqlaganicha yoʻq.

Shunday ekan...

Image copyright COURTESY

Yetakchi mintaqaviy tahlilchilar nazdlarida esa, Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi hokimiyat almashinuvi va qudratga respublikachi prezident Donalьd Trampning kelishi rasmiy Kremlь tomonidan siyosiy bir fursat sifatida qabul qilinmoqda.

Rasmiy Moskva buni Afgʻonistondagi geosiyosiy vaziyatni imkon qadar oʻz manfaatlariga yoʻnaltirishning bir imkoniyati oʻlaroq koʻrmoqda.

Donald Tramp esa, AQSh yangi prezidenti sifatida qasamyodga keltirilgan kunning (20 yanvar) oʻzidayoq "radikal islomiy terrorchilikka qarshi" keskin mavqeini namoyon etgan.

"Zamonaviy dunyoni radikal islomiy terrorchilikka qarshi birlashtirib, uni Yer yuzidan butkul yoʻqotishlari"ni bayon qilgandi.

Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, prezident Trampning bu kabi bayonoti ham oʻz niyatlarini amalga oshirishga intilishlari yoʻlida Rossiyaga qoʻl kelmay qolmaydi.

Afgʻonistondagi vaziyat nazarda tutilganda, albatta, xavfsizlik va uzoq muddatli geosiyosiy manfaatlari Rossiya nazdida bugun bir-biriga uzviy bogʻliq ikkita masala sifatida koʻriladi.

Ammo

Image copyright COURTESY

AQSh boshchiligidagi ittifoq kuchlari tomonidan Tolibon tuzumi qulatilishi ortidan kechgan 15 yil vaqt davomida Rossiya Afgʻonistonga nisbatan anchayin betaraf mavqeʼni namoyon etib kelgan.

2001 yilgi harbiy amaliyotlarni qoʻllagan esa-da, Rossiya Afgʻonistonga oʻz harbiylarini yubormagan.

2014 yilgi ommaviy safarbarliklariga qadar, xorijiy ittifoq qoʻshinlarining Afgʻonistondagi harbiy hozirliklariga ham biror bir shaklda oʻz qarshiligini bildirmagan.

Shu paytgacha Afgʻoniston mojarosiga diplomatik yoʻlda yechim topish saʼy-harakatlarida ham faollik koʻrsatmagan.

Orada Afgʻonistonga berib kelgan koʻmagi ham aksaran tinch maqsadlarni koʻzlagan, taʼminot masalasida muhim oʻrin tutib kelgan.

Ammo Frantsiyadan siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, hozirga kelib, Rossiyaning Afgʻoniston borasida siyosiy tafakkuri oʻzgargan.

"Toliblar tashqi dunyoga tahdid emasliklari, uzoq muddatli geostrategik nuqtai nazardan esa, Afgʻonistonning qanchalar muhim davlat ekanini anglab yetgan".

Tahlilchiga koʻra, xuddi shu bois ham, Rossiya Amerikaning Afgʻonistondagi uzoq muddatli harbiy hozirligini bugun oʻziga nisbatan tahdid sifatida koʻrayapti.

"Bizga tahdid"

Image copyright COURTESY

Kuni-kecha internetda Rossiya Prezidentining Afgʻonistondagi maxsus vakili Zamir Kabulov Turkiyaning "Anadoʻlu" axborot agentligi bilan suhbatida mamlakatining mavjud vaziyatdan xavotirda ekani va "bunga toqat qilib, qarab turmasligi"ni aytganiga oid xabarlar ham paydo boʻlgan.

2014 yilgi ommaviy safarbarlik ortidan Afgʻonistonda qolgan va hozirlik muddatlari rasman shu yil yakunida oʻz nihoyasiga yetishi rejalangan 10 mingdan ortiq xorijiy askarning aksariyatini esa, amerikaliklar harbiylar tashkil etishadi.

Shu yilning 20 yanvar kuni rasman AQSh prezidenti vakolati ijrosiga kirishgan Donald Tramp esa, hali ularning Afgʻonistonda qolish muddatlarini uzaytirish-uzaytirmaslik borasida ham oʻzining yakuniy soʻzini aytishi shart boʻladi.

Rossiya tomonining daʼvo qilishicha, oradan 15 yil oʻtib ham, Afgʻonistondagi harbiy hozirligining davom etayotgani Amerikaning ancha uzoqni koʻzlagan: Afgʻonistondan turib, oʻzlari, Xitoy, Eron, Pokiston va boshqa muhim oʻyinchi davlatlarni koʻzining ostida tutib turishni maqsad qilgan.

Xuddi shu manzarada Rossiyaning kutilmaganda Afgʻoniston Tolibon harakati bilan yaqinlashish, ularga qurol-yarogʻ yetkazib berish harakatida ekaniga oid xabarlar hamda poytaxt Moskvada afgʻon mojarosiga bagʻishlab, Pokiston va Xitoy ishtirokida boʻlib oʻtgan uch tomonlama dastlabki muzokaralar mintaqada "yangi proksi urushi" xavfini keltirib chiqarishiga oid xavotirlarni paydo qilgan.

Yangi prezidenti boshqaruvi ostida ikki geosiyosiy raqib: Amerika va Rossiya oʻrtasidagi aloqalarning yaxshilanishi bu kabi ehtimolni yoʻqqa chiqarishiga oid umidlar esa, halicha oʻzini oqlamagan.

Agar, bu ikki davlat rahbarlarining yaqinda boʻlib oʻtgan ilk rasmiy telefon muloqoti tafsilotlariga tayanilsa, ularning oʻzaro suhbatlari chogʻida Afgʻoniston masalasi tilga olinmagan.

Rossiya va Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirlarining poytaxt Moskvadagi muzokaralari esa, ana shu telefon muloqotidan hech qancha vaqt oʻtmay boʻlib oʻtgan.

Ustiga ustak, yangi respublikachi prezident Donald Trampning saylovoldi kampaniyasi chogʻida bergan ayrim ziddiyatli vaʼdalarining ijrosiga oid dastlabki farmoni oliylari esa, allaqachon butun Amerika Qoʻshma Shtatlari boʻylab keskin aks-sadolarga sabab boʻlgan.

Davomiy ommaviy norozilik namoyishlari manzarasida Amerikaning qator shtatlari hakamlari uning farmoyishiga rasman taqiq qoʻyishgacha borishgan.

Boshqa tomondan, prezidenti Donald Trampning Rossiya bilan oʻzaro aloqalarini qayta yaxshilash istagiga AQSh yaqin ittifoqchilari - yetakchi Gʻarbiy Ovroʻpo davlatlarining munosabati birdek ijobiy boʻlmayotir.

Yaʼni, Gʻarbning Rossiyaga nisbatan mavqeida oʻzaro ziddiyatning kuchayib borayotgani alomatlari yuzaga chiqa boshlagan.

Moskvadagi uchrashuv

Image copyright AFP

Ammo, ayrim mintaqaviy tahlilchilar nazdlarida, Moskvadagi uchrashuv chogʻida qanday mazmunda yangragani nazarda tutilsa, harbiysi boʻladimi yoki ijtimoiy-iqtisodiysi, koʻplab sohalarda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirishga oid vaʼdalarda aniqlik va qatʼiylik sezilmagan.

Xuddi shu manzarada Londondan Mudofaa masalalari boʻyicha xalqaro harbiy tahlilchi Pol Rojersning aytishicha, Rossiya soʻnggi saʼy-harakatlari bilan oʻzini xalqaro sahnada muhim oʻyinchi sifatida koʻrsatmoqchi. Xalqining eʼtiborini Rossiya ichkarisida boʻy koʻrsatib turgan dolzarb iqtisodiy muammolardan chalgʻitmoqchi.

Boshqa tomondan, shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, qudratli Gʻarb va yoki bu yoʻlda milliardlab dollarlik sarf-xarajatlarga borishga tayyor ekanini aytgan Xitoy boshchiligi ostidagisi boʻlmaydimi, shu paytgacha biror bir tashabbuskor davlatning afgʻon mojarosiga diplomatik yoʻlda yechim topish urinishlari biror bir samara bermagan.

Ham mintaqaviy va ham xalqaro tahlilchilarning birdek eʼtirof etishlaricha, Tolibon harakatining Afgʻonistondagi bugungi mavqeʼi, mafkuraviy tashkilot ekani va etnik bazasining qanchalik mustahkam ekani nazarda tutilsa, Rossiya ham bu masalada koʻp-da uzoqqa bora olmaydi.

Agar, imkonli boʻlgan soʻnggi xalqaro hisob-kitoblarga tayanilsa, bugun Afgʻoniston hududining 40 foizga yaqini markaziy afgʻon hukumati nazorati ostida emas.

Ustiga ustak, faoliyatda boʻlgan qolgan jangari guruhlar bilan qiyoslanganda, aynan Tolibon harakati bugun ham Afgʻonistonda eng katta taʼsirga ega boʻlgani sanaladi.

Boshqa tomondan, Afgʻonistonda Islomiy Amirlik barpo etish maqsadi bilan maydonga chiqqan bu harakat hech qanday qudrat boʻlishishga rozi boʻlmaydi.

Mazkur omillarning barchasi nazarda tutilganda, toliblar joriy paytda tinchlik muzokaralariga roʻyxushlik berib oʻtirishmaydi, deyishadi ular.

Agar, bu muammo qandaydir maʼnoda ham oʻzining ijobiy yechimini topadigan boʻlsa, unda ham bunga Tolibon harakati ortida turgan qator boyvachcha Yaqin Sharq davlatlaridan tortib, Gʻarb va mintaqadagi barcha oʻyinchi davlatlar bahamjihatligidagi keng qamrovli yondashuv zarur boʻladi.

Afgʻon mojarosi

Image copyright COURTESY

Tahlilchilarga koʻra, afgʻon mojarosi bugun u yoki bu davlatning qurbi yetmaydigan bir darajada global hamda xuddi shu nuqtai nazardan, xavfli tus olib ulgurgan.

Rossiya esa, joriy bosqichda bu davlatlar barchasiga ham oʻz eshiklarini ochish istagida ekanini namoyon etganicha yoʻq.

Tahlilchilarning birdek eʼtirof etishlaricha, AQSh yangi maʼmuriyati mavqeining hanuz noyoan qolayotgani joriy vaziyatda Afgʻoniston doxil mintaqa bilan bogʻliq shundoq ham murakkab boʻlgan geosiyosiy vaziyatni yanada chigallashtirgan.

Ularga koʻra, maʼlum muddatdan soʻng, Rossiyaning qoʻshni Afgʻonistondan oʻzlarini siqib chiqarishga qaratilgan uzoq muddatli geosiyosiy rejalarini AQSh tomoni oʻta salbiy qabul qilishni boshlashi ehtimoli ham oʻz kuchini saqlab qolaveradi.

"Yaʼni, AQSh ham Afgʻonistonga ikki: xavfsizlik va geosiyosiy nuqtai nazaridan qaraydi. Chunki oʻtgan 16 yil ichida Afgʻonistonni barqarorlashtirish uchun Amerika judayam katta kuch-quvvat va mablagʻ sarfladi...Oʻylaymanki, Gʻarb, birinchi navbatda AQSh Afgʻonistonda, baribir, uzoq muddatga qoladi", - deydi Frantsiyadan siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz Kamoliddin Rabbimov.

"AQSh Rossiyaning soʻnggi intilishlariga jimgina qarab turmaydi. Bir tomondan hamkorlik, ikkinchi tarafdan eʼtirozlar boʻladi, deb oʻylayman. Yaʼni, hamkorlik aynan IShID va baʼzi bir guruhlar, faoliyatlarga qarshi boʻladigan boʻlsa, lekin u yerda raqobat borgan sayin kuchayib boraveradi. Amerika bu raqobatdan chiqib ketmaydi".

Xuddi shu manzarada Rossiya va Afgʻoniston oʻrtasidagi hamkorlik darajasi ham inqilobiy oʻzgarishlarga yuz tutmaydi, deydi tahlilchi bu suhbatdoshimiz.

Oʻz oʻrnida, u Rossiya Afgʻonistonning toʻliq aʼzoligiga erishib, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti orqali Gʻarb, jumladan, AQShning Afgʻoniston geosiyosiy ishlariga aralashuvini cheklashni koʻzlayotgani ehtimolini ham nazardan soqit etmaydi.

Agar, rasmiy Kobulning soʻnggi izhorotiga tayanilsa, Afgʻoniston va afgʻon mojarosiga befarq boʻlmagan hech bir qudratli davlatni bir-biriga qarshi qoʻyish niyatlari yoʻq, oʻzlarining uzoq muddatli va chigal ana shu muammolariga yechim topish uchun ular barchasi bilan birdek hamkorlik qilish niyatidalar.

Ammo, eng soʻnggida alohida taʼkidlash joiz, Tolibon tuzumi qulatishi ortidan Gʻarb, jumladan, Amerika Qoʻshma Shtatlarining qoʻllovi bilan qudratga kelgan yangi Afgʻoniston hukumati etgan 15 yil davomida tashqi dunyoga oʻzining beqaror tashqi siyosati bilan tanilib kelgan.

Ustiga ustak, aynan Amerika tomoni vositasida asos solingan yangi milliy birdamlik hukumatining qanchalik qonuniyligi esa, kattayu kichik davralarda hanuz savollar ostida qolib kelmoqda.

Poytaxt Kobuldan olingan eng soʻnggi xabarlarga koʻra, AQSh Qurolli kuchlari Bosh qoʻmondoni general Jon Nikolson jang jabhasida oʻzgarish yasash uchun Amerika hukumati va ittifoqchilaridan Afgʻonistonga qoʻshimcha minglab harbiylar yuborishlarini soʻragan.

General Nikolson AQSh Kongressida qilgan chiqishida Afgʻoniston Tolibon harakati bilan aloqalari uchun Rossiya, Pokiston va Eronni tanqid qilgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring